Shu yil 9 aprelda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashi tomonidan BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari M.Bachelet bilan COVID-19 inqirozining butun dunyoda inson huquqlariga amal qilinishiga nisbatan ta'siriga bag'ishlangan ilk virtual norasmiy muloqot tashkil etildi. Muloqotda mamlakatimizning Doimiy vakili ham ishtirok etdi.
BMT Inson huquqlari kengashi raisi, Avstriyaning Jenevadagi Doimiy vakili E.Tixi-Fisl`berger o'zining kirish so'zida COVID-19 pandemiyasi tufayli jahon hamjamiyati ilgari kuzatilmagan tahdidlarga duch kelganini va bu tahdidlar sayyoramizning istalgan hududida jamiyat va iqtisodiyot negizlarining ishdan chiqishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.
Hozirgi vaziyatda mamlakatlar, bir tomondan, inson sog'ligini asrash, hayotini va yashash uchun zarur manbalarni saqlab qolish, ikkinchi tomondan, shaxsiy hayot daxlsizligi, harakatlanish erkinligi va tinch yig'ilishlar o'tkazish huquqini ta'minlash o'rtasida o'ta qiyin murosa yo'lini izlab topishlariga to'g'ri kelmoqda.
Oliy komissar M.Bachelet o'z murojaatida COVID-19 pandemiyasidan eng ko'p zarar ko'rgan aholiga yordam ko'rsatishga qaratilgan sa'y-harakatlardan hech kim chetda qolmasligi zarurligini ta'kidladi. Uning fikricha, jamiyatni tiklash strategiyasining puxtalik bilan ishlab chiqilishi juda muhimdir.
Oliy komissar bu global epidemiyaga qarshi samarali kurashish borasida qo'shma va global yondashuv talab etilishiga e'tiborni qaratdi. "Pandemiya jamiyatdagi tengsizlikning vayronkor ta'sirini kuchaytirmoqda, virusning keng tarqalishi oqibatida yuzaga kelayotgan global ko'lamdagi xavf-xatar esa umumjahon miqyosidagi va oson tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini yaratish zaruratining eng ishonchli dalilidir", dedi u.
M.Bachelet tengsizlikning yanada o'sishi bilan bog'liq salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida mamlakatlar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar majmui qabul qilinishiga doir g'oyani qo'llab-quvvatladi.
Shu bilan birga, Oliy komissar inqiroz davrida fuqaroviy va siyosiy huquqlarga amal qilinishi muhimligini ham ta'kidladi. Xususan, uning aytishicha, ayrim mamlakatlar tomonidan cheklanmagan muddatli favqulodda vaziyat tartibi («muddatsiz cheklov choralari») joriy etilishi, shuningdek so'z erkinligi sohasida kuzatilayotgan jiddiy siquvga olish va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga aralashish holatlari o'ta tashvishlidir.
M.Bachelet murojaati yakunida BMT Bosh kotibi A.Guterrishning quyidagi so'zlarini iqtibos keltirdi: «biz barchamiz yanada inklyuziv va barqaror iqtisodiyotni qaytadan barpo etishimiz hamda larzalarga bundan ham bardoshli jamiyatni shakllantirishimiz zarur».
Munozaralarda bir qator mamlakatlar va turli nohukumat tashkilotlar vakillari o'z sharh va savollari bilan ishtirok etdi.
Shunday qilib, barcha chiqishlarning asosiy mazmunini umumlashtirgan holda, quyidagicha muxtasar ifodalash mumkin:
- huquq ustuvorligini, gender tenglik va insonparvarlik printsiplariga amal qilinishini ta'minlash zarur;
- raqamli kuzatuv texnologiyalaridan foydalanilishi xalqaro huquqqa muvofiq bo'lishi lozim, pandemiya raqamli nazoratni kuchaytirish uchun bir bahona bo'lib qolmasligi kerak;
- COVID-19 bilan bog'liq cheklovlar huquqlarning kamsitilishiga olib kelishiga yo'l qo'yish mumkin emas, pandemiya munosabati bilan ko'riladigan choralar mutanosib, muddati cheklangan, shaffof va muntazam qayta ko'rib chiqiladigan bo'lishi darkor;
- karantin choralari yoki favqulodda vaziyat tartibi amal qiladigan davrda inson huquqlarini ta'minlash masalalarida parlamentlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining roli saqlanishi muhim hisoblanadi.
G'ulom Mirzo tayyorladi
- Qo'shildi: 14.04.2020
- Ko'rishlar: 4342
- Chop etish