O'zbekistonda tug'ilgan uchta egizak bolalarning har biriga nafaqa puli berilishi lozim. Bu haqda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov jurnalistlar bilan muloqotda aytib o'tdi.
Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to'lash tartibi haqida»gi nizomda bola parvarishi uchun to'lanadigan nafaqa bolalar egiz tug'ilsa ham bitta bola uchun ajratilishi belgilangan.
Shu asosda «daryo.uz» sayti muxbiri uchta egizakning faqat bir nafariga nafaqa ajratilishi qay darajada o'rinli ekanligiga izoh berishni so'rab, savol bilan murojaat qildi. Akmal Saidovning fikricha, egizaklarning uchalasiga ham nafaqa puli berilishi maqsadga muvofiq.
Ommaviy axborot vositalarida ushbu mavzu keng yoritilayotgani bejiz emas. Chunki yaqinda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi To'rtko'l mahallasida dunyoga kelgan uch egizak – Shavkatbek, Ziroatxon va Saidaxon haqida maqola chop etilgan edi. Materialda taxminan uch oy muqaddam tug'ilgan bolalarga mas'ul tashkilotlar tarafidan e'tibor qaratilmagani, ayni paytda oila moddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgani aytilgan edi.
Shundan so'ng urgutlik egizaklarga kir mashinasi sovg'a qilindi, bolalar tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 iyulda qabul qilingan “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag'ishlangan Tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy (www.nhrc.uz) saytida “Bola huquqlari dunyosi” maxsus bo'limi tashkil etildi. Bundan buyon ushbu ruknda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishga doir axborot va ma'lumotlar muntazam joylashtirib boriladi.
- Qo'shildi: 12.08.2019
- Ko'rishlar: 7025
- Chop etish