Senat kengashining “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Unda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha Senat huzurida ishchi guruh tuzish belgilangan.
Shu maqsadda Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik, idoralar vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti a’zolaridan iborat ishchi guruh tashkil etildi.
Ishchi guruhning asosiy vazifasi Internet tarmog‘i, darknet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa turli platformalarda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarlik uchun javobgarlik choralarini takomillashtirishdan iborat.
Ishchi guruh yig‘ilishida internetda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni tahlil qilish, sun’iy intellekt yordamida voyaga yetmagan shaxslarning suratlarini soxtalashtirish orqali ularni tahqirlash kabi holatlarni aniqlash va huquqiy baho berish zarurligiga e’tibor qaratildi. Kibermakonda bolalar huquqini himoya qilish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish masalasi muhokama etildi.
Ishchi guruh a’zolarining fikr-mulohazalari va takliflari eshitilib, shu asosda asosiy vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 01.08.2025
- Ko'rishlar: 197
- Chop etish