“Yopiq muassasalar va ozodlikdan mahrum etish joylari monitoringi” mavzusidagi trening mashg'ulotlarining dastlabki kuni qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash hamda ularning oldini olish bo'yicha xalqaro standartlar tahliliga bag'ishlandi. Mashg'ulotni Buyuk Britaniyaning Ekseter universiteti professori Abi Daymond olib bordi.
Britaniyalik professor qayd etganidek, xalqaro huquqda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlari butunlay taqiqlangan. Chunki avvalambor bunday yondashuv insoniyat sha'ni va qadr-qimmatini har doim ta'minlashning muhim mezoni sifatida e'tirof etilgan. Shu bilan birga, qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlari inson huquqlarini buzishning eng yomon ko'rinishlari sirasiga kiradi, uning oqibatlari esa butun umrga cho'zilishi mumkin.
O'zbekiston qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlashga doir muayyan xalqaro majburiyatlarni zimmasiga olgan. Xususan, mamlakatimiz BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya, 1949 yilgi 4 ta Jeneva konventsiyasi va ularning Birinchi hamda Ikkinchi Fakul`tativ protokollariga qo'shilgan.
BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasida "qiynoqlar" tushunchasiga ta'rif berilgan.
Shuningdek, davlatlarning qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash va ularning oldini olish borasidagi majburiyatlari bayon etilgan. BMT Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi davlatlar tomonidan ana shu talablarga rioya etilishini nazorat qiladi.
Bundan tashqari yana ko'plab shartnoma va hujjatlarda qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlari taqiqlangan. Ularda "Qiynoq nima?" degan savolga javob bo'ladigan turlicha ta'riflar uchraydi.
Eng asosiysi, ana shu xalqaro-huquqiy hujjatlarning barchasida "qiynoq" tushunchasi talqini bo'yicha quyidagi umumiy jihatlar mavjud:
birinchidan, qiynoq - bu muayyan shaxsga qasddan kuchli og'riq yoki jismoniy yo ma'naviy azob yetkazishga qaratilgan har qanday harakat;
ikkinchidan, qiynoq - ataylab sodir etiladigan qilmish;
uchinchidan, qiynoq - kamsitish maqsadida yoki kamsitish orqali yetkaziladigan azobdir.
Xalqaro huquqda qiynoqlar bilan bir qatorda shafqatsiz muomalaning boshqa turlari ham har doim va har qanday sharoitda taqiqlangan. Ammo, xalqaro shartnomalarda "shafqatsiz muomalaning boshqa turlari" tushunchasiga ta'rif berilmagan.
- Bundan ko'zlangan maqsad, birinchi navbatda, bu borada yo'l qo'yilishi ehtimoli mavjud bo'lgan har qanday suiiste'molliklarning oldini olishdan iborat, - dedi Abi Daymond. - Buning zamirida, shuningdek, inson qadr-qimmati hamisha va har qanday sharoitda hurmat qilinishini ta'minlash istagi mujassamdir.
Ekseter universiteti professorining fikricha, ba'zan "qiynoq" bilan "shafqatsiz muomalaning boshqa turlari"ni bir-biridan farqlash mumkin bo'lmay qoladi. Buning zarurati ham yo'q. Nega deganda, qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa barcha turlari xalqaro huquqda mutlaqo taqiqlangan.
Qolaversa, qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan choralar shafqatsiz muomalaning boshqa turlariga nisbatan ham qo'llaniladi. Shunday ekan, har bir davlat nafaqat qiynoqlarning, balki shafqatsiz muomalaning boshqa barcha turlarining ham oldini olish, bunday noqonuniy harakatlarga qat'iy chek qo'yishi kerak, dedi britaniyalik ekspert.
Mashg'ulot so'ngida qizg'in savol-javoblar bo'ldi. Tadbir jarayonida trening ishtirokchilarida qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning boshqa turlarini taqiqlash va ularning oldini olish bilan bog'liq amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
Matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.09.2019
- Ko'rishlar: 5843
- Chop etish