Mamlakatimizda buyuk allomalarimiz, millat qayg‘usi bilan yashagan, kurashgan, ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlar ajdodlarimizning ibratli faoliyati, boy ma’naviy merosini o‘rganish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Shu kunlarda ulug‘ alloma, olim va mutafakkir Alixonto‘ra Sog‘uniy tavalludiga 140 yil to‘ldi. Imom Moturidiy xalqaro idmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi Zarifjon Arslonov bilan millat qayg‘usida mudom hayot kechirgan olim Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyati, ijodiy merosi xususida suhbatlashdik.
– Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyatining tarixdagi o‘rni va ahamiyati xususida so‘zlab bersangiz.
– Alixonto‘ra Sog‘uniy – XX asrning buyuk shaxsiyati, adib va shoir, davlat va siyosat arbobi, mutafakkir va ma’rifatparvar olim bo‘lib, u o‘z faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatiga beqiyos hissa qo‘shgan shaxsdir. U milliy o‘zlikni anglash, axloq va ma’rifat sohalari rivojiga katta xizmat qilgan, yurtimizda ma’rifatparvarlik harakatini rivojlantirishga hissa qo‘shgan. Uning asarlari ilmga targ‘ib va tarbiya masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, ular hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alixonto‘ra Sog‘uniy faqatgina diniy bilimlarni emas, balki tarix, adabiyot, axloq va ma’naviyat sohalarini ham keng yoritib, kelajak avlod uchun ulkan meros qoldirgan.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning faoliyati faqatgina ilmiy va ma’rifiy ishlar bilan cheklanib qolmagan. U millatga, Vatanga muhabbat, insonparvarlik va adolatparvarlik kabi oliy qadriyatlarni targ‘ib etgan. Uning asarlari nafaqat diniy bilimlarni yetkazish, balki milliy o‘zlikni anglash, millat ravnaqi uchun xizmat qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Sog‘uniy o‘z asarlarida yurt ravnaqi uchun bilim va ma’rifatning o‘rnini yuqori qo‘yadi. U xalqning ma’naviy tiklanishi va rivojlanishi uchun ilm-ma’rifat eng asosiy omil ekanini ta’kidlaydi.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning faoliyatining tarixiy ahamiyati shundaki, u qo‘lga qalam olib, inson qalbiga nur tarqatishni o‘z oldiga maqsad qilgan buyuk ziyolilardan biri bo‘lgan. Uning faoliyati va asarlari hozir ham yoshlar uchun ruhiy-ma’naviy tarbiyaning muhim manbai bo‘lib qolmoqda. U o‘z ta’limotlarida kishilarni ezgulikka, insoniylikka va adolatga chorlagan, yoshlarni haqiqatni anglash va uni himoya qilishga o‘rgatgan. Bu jihatdan qaraganda, uning ilmiy-ijodiy merosi nafaqat o‘tgan davrda, balki bugungi kun uchun ham juda muhim ahamiyatga ega.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning faoliyati va merosini o‘rganish yoshlarning tafakkurini umuminsoniy qadriyatlar bilan ham boyitadi. Shuning uchun uning merosi xalqimiz ma’naviy hayotida, ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida katta o‘rin tutadi.
– Sog‘uniy ilmiy-ma’rifiy merosi ma’naviy hayotimizda qanday o‘rin egallaydi?
– Dunyo ilm-fanida milliy va diniy-ma’rifiy qadriyatlarning nazariy asoslarini o‘rganish doimo muhim vazifalardan sanalib kelgan. Bunda olimlarning millat, Vatan, imon, din-u diyonat, o‘zlikni anglash kabi masalalarni qamrab oluvchi asarlari alohida o‘ringa ega. Bugungi kunda diniy-ma’rifiy merosni o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan tadqiqotlar natijalari milliy va diniy qadriyatlarni mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi. Alixonto‘ra Sog‘uniyning ilmiy merosini, xususan, uning diniy-ma’rifiy asarlarini tadqiq etish O‘zbekiston tarixi, islom tarixi va islomshunoslik sohalaridagi tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga, mavjud xulosalarni boyitishga xizmat qiladi. Olimning “Tarixi Muhammadiy” asari Muhammad (s.a.v.)ning hayot yo‘lini, “Diyonat tutqasi – mo‘minlar tuhfasi” risolasi esa islom dini asoslarini qamrab olishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning ilmiy-ma’rifiy merosi xalqimizning ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallaydi. Uning ijodiy merosi, ayniqsa, yurtimizda ma’rifat taraqqiyoti, ma’naviyat va axloqiy tarbiya masalalarida beqiyos ahamiyatga ega. Uning asarlari odamlar ongini yuksaltirish, haqiqatni anglash va insoniy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ajdodlarimizning mustaqillik orzusi, ularning bardavom ozodlikka intilishlari, xalqni birlashtirish, jamiyatni jipslashtirishga intilishlari ham Alixonto‘ra asarlarida yaqqol aks etib turadi. Sog‘uniy o‘z asarlarida faqatgina shaxsiy kechinmalarini emas, butun millat oydinlarining ezgu orzu-maqsadlarini aks ettirishga erishgan. Bu kabi so‘zlarni yozish tugul, aytish xavfli bo‘lib turgan bir davrda bu haqiqiy ma’naviy jasorat edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Sog‘uniyning ilmiy-ma’rifiy merosi islomiy bilimlarni chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning asarlari nafaqat diniy bilimlar, balki ijtimoiy hayotning turli jabhalariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Uning fikhiy va hadisshunoslikka oid bilimlari islom huquqshunosligini o‘rganishda ham muhim manba hisoblanadi.
Sog‘uniy asarlari yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim vosita hisoblanadi. Uning ma’rifiy merosi asosida yoshlarimizning ma’naviy bilimlarini boyitish, ularni ezgulik va adolat yo‘lida tarbiyalash mumkin.
Shu bois Sog‘uniyning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish, uning asarlarini targ‘ib qilish va kelajak avlodga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Bu ishlar nafaqat diniy-ma’rifiy taraqqiyotga, balki umumiy ma’naviy yuksalishga ham xizmat qiladi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy asarlarining eng asosiy xususiyatlaridan biri – bu ma’rifat orqali inson kamolotini ta’minlash g‘oyasidir. U insonlarni ilmga, tafakkurga chorlaydi, ularni axloq-odob qoidalariga rioya qilishga undaydi. Masalan, Alixonto‘ra Sog‘uniy adabiyotga bo‘lgan munosabati va uning amaliy ifodasini uning o‘ttiz ikkita she’r, ellikdan ortiq she’rlarni o‘zida jamlagan “Baxtlik nedur” to‘plamida ko‘rishimiz mumkin. Mazkur to‘plamda muallifning Vatan, ilm o‘rganish, tabiatni sevish, sog‘liqning ahamiyati, til va din to‘g‘risida yozgan she’rlari jamlangan. Bugungi kunda ham uning asarlari oliy ta’lim muassasalari va tadqiqot markazlarida o‘rganilmoqda. Bu esa uning fikrlari va ta’limotlari hali ham xalqimiz ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asari muhim asarlaridan biri bo‘lib, unda Turkiston xalqlarining mustamlaka tuzum ostidagi ahvoli va milliy ozodlik uchun olib borilgan kurash yoritilgan. Asar 1938 yilgacha muallif guvohi bo‘lgan tarixiy voqealarga asoslanib yozilgan bo‘lib, unda adolat va milliy o‘zlik uchun kurash g‘oyasi ilgari surilgan.
Muallif ushbu yillarda Sovet hokimiyati tomonidan Turkiston xalqlariga nisbatan olib borilgan siyosiy, iqtisodiy va madaniy tazyiqlar haqida so‘z yuritadi. Sog‘uniy asar davomida o‘z xalqining milliy va diniy qadriyatlarini saqlash yo‘lidagi kurashini qayg‘u bilan tasvirlaydi.
Shuningdek, Sog‘uniy merosining ahamiyati yoshlarni tarbiyalashda, ularning Vatanga muhabbatini, tarixiy o‘zligini anglashini kuchaytirishda ko‘rinadi. U yoshlarga bilim va ma’rifatning haqiqiy kuchini, ilmli va fozil inson jamiyat ravnaqi uchun qanchalar zarur ekanligini uqtiradi. Shu bois, uning asarlari Vatanni sevish, unga xizmat qilish, milliy va diniy qadriyatlarni ardoqlash g‘oyalarini singdirishda o‘rganishga arzigulik manbalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda Sog‘uniy asarlari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham qiziqish uyg‘otmoqda. Uning merosi qayta tahlil qilinib, turli ilmiy konferensiyalar, seminarlar va tadqiqot ishlari orqali chuqur o‘rganilmoqda. Bu esa uning ma’naviy merosi abadiy yashashi va xalqimizga xizmat qilishini ta’minlaydi. Shuning uchun uning ilmiy-ma’rifiy merosi xalqimizning ma’naviy yuksalishida, millat ravnaqida va kelajak avlod tarbiyasida muhim manba bo‘lib qolmoqda.
– Alixonto‘ra Sog‘uniy merosi mamlakatimiz olimlari tomonidan qay yo‘sinda o‘rganilmoqda?
– O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Alixonto‘ra Sog‘uniyning hayot yo‘li, olib borgan faoliyatlari va asarlari xususida bir qancha ilmiy izlanishlar olib borildi. Ularning barchasida Alixonto‘ra millatsevar, insonparvar, yetuk olim sifatida tasvirlangan. Ana shunday yondashuvda yozilgan dastlabki izlanishlar uning o‘g‘li Qutlug‘xon Shokirov – Ediqut tomonidan amalga oshirilgan. U 1992 yil “Sharq yulduzi” jurnalida nashr etilgan “Ikki Turkiston g‘ururi” nomli maqolasi orqali otasi haqida keng jamoatchilikka ma’lumot bera boshladi.
Alixonto‘ra Sog‘uniy faoliyatiga va ilmiy merosiga ijobiy tarafdan yondashilgan yana bir ilmiy ish uning nabirasi Uvaysxon Shokirov tomonidan amalga oshirilgan. U otasi Asilxonto‘ra xotiralariga tayangan holda “Alixonto‘ra Sog‘uniy” nomli asar bitgan. Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” nomli asari ham o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otadi. Ushbu asarda 1938 yilgacha sodir bo‘lgan voqea-hodisalar aks ettirilgan.
Yoqubjon Xo‘jamberdiyevning keng xalq ommasi uchun mo‘ljallangan “Sog‘uniy: Uch kitobdan iborat Manoqib” nomli asari Alixonto‘ra Sog‘uniyning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatini tarixiy fakt va xotiralar asosida yoritishi jihatidan juda muhim asar hisoblanadi. Yo.Xo‘jamberdiyev o‘z asarining davomida Sog‘uniyning diniy ilmi, siyosiy faoliyati va ilmiy merosini bunyod etish jarayonlari xususida qimmatli ma’lumotlar berib o‘tgan.
Taniqli shoir va yozuvchi Mirzo Kenjabek ham o‘zining “Yoshlarga dil so‘zlarim” risolasida Alixonto‘ra va uning asarlariga bir necha o‘rinlarda to‘xtalib o‘tgan. Unga ko‘ra, Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asarini o‘qimasdan turib, ijodkor sog‘lom tarixiy haqiqatlarga ega bo‘lolmaydi. Erkin Vohidovning Karim Saxiboyev otli tog‘asi “Alixonto‘ra Sog‘uniy suhbatlarini tez-tez tashkil qilib turgan”i va Erkin Vohidov ham “Sog‘uniyning suhbatlariga erishib, nazarlarini topishga muvaffaq bo‘lgan”ini qayd etgan. Muallif shuningdek, ushbu risolada Sog‘uniyning “Tarixi Muhammadiy” asariga alohida to‘xtalib, ushbu asarni “o‘zbek romanchiligining oliy namunasi” sifatida ulug‘lagan hamda undan ba’zi misollarni keltirgan. Bugungi kunda Alixonto‘ra Sog‘uniy merosini chuqur o‘rganish yurtimizdagi turli ilmiy muassasalar va tadqiqot markazlari tomonidan faol olib borilmoqda. Uning asarlari islomshunoslik, ma’naviyat, axloq falsafasi va tarixshunoslik sohalaridagi mutaxassislar tomonidan tahlil qilinyapti.
Mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida Sog‘uniy ijodi bo‘yicha alohida tadqiqot ishlari olib borilmoqda, uning asarlari qayta nashr etilmoqda. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va bir qator universitetlarda Sog‘uniy asarlarining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, uning fikriy merosini zamonaviy davrdagi o‘rni o‘rganilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Alixonto‘ra Sog‘uniyning ilmiy-ma’rifiy merosi mamlakatimiz olimlari tomonidan chuqur o‘rganilmoqda va uning fikrlari, qarashlari bugungi kun talabi asosida yangi nuqtai nazardan tahlil etilmoqda. Bu ishlar kelajakda ham davom ettirilishi, uning asarlari yoshlar tarbiyasi va ma’naviy yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz. Olimlar, mutaxassislar va ma’rifatparvarlar uchun uning merosi hamon ilhom va bilim manbai bo‘lib qolmoqda.
- Qiziqarli suhbat uchun rahmat!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi
- Qo'shildi: 24.03.2025
- Ko'rishlar: 301
- Chop etish