Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qay darajada himoyalangan?

Parlament quyi palatasi majlisida 2025-yilgi Davlat dasturi ijrosi muhokamalari davomida deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi.

Zuhriddin Mavlonov, deputat:

— Hisobot davrida sohalarga raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, elektron xizmatlar soni 800 taga yetgani, xalqaro reytinglarda ham O‘zbekistonning raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi ko‘rsatkichlari yuqorilayotgani e’tiborga molik.  

Ammo, shu bilan birga, yaqinda 15 millionga yaqin fuqarolarning ma’lumotlari sizdirilgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu borada fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari qay darajada himoyalangan, kiberxavfsizlik masalasi qay darajada ta’minlangan?  

Sherzod Shermatov, raqamli texnologiyalar vaziri:  

—  Raqamlashtirish borasidagi ishlar, jumladan aholini internet bilan qamrab olish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi 3-4 yilda O‘zbekiston nafaqat MDH, balki dunyo bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishmoqda.  

Shu bilan birga, tizimda xavflarning oldini olish borasida ham tizimli ishlar olib borilishi taqozo etiladi. Kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasida ishlar olib borilmoqda. Hamma davlat tashkilotlari kiberxavsizlik bo‘yicha 3 bosqichli himoya tizimidan o‘tishi lozim.

Shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash bo‘yicha ham alohida tizim o‘rnatildi. Masalan, shaxsning o‘zi ruxsat bersagina uning ID ma’lumotlaridan foydalanishga ruxsat berildi.

Shuningdek, SMSni birovga berish xavfi ham bor edi. Endilikda Markaziy bank bilan hamkorlikda bu borada ham choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, aholining o‘zlari ham ogoh bo‘lishi, ehtiyot choralarini ko‘rishi lozim bo‘ladi.  

Dilbar Mamajonova, XDP fraksiyasi a’zosi:

— Nogironligi bor bolalar uchun qulay sharoit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Maktab yoshiga yetgan 125 ming 16 nafar nogironligi bor bolalarning 82 foizi ta’lim-tarbiya va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingan. Ammo qolgan 22 mingdan ortiq inklyuziv bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olish masalasida qanday choralar ko‘rilmoqda?

Azizbek Turdiyev, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari:

— Bugungi kunda uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “uydatalim.uz” platformasi ishlab chiqilgan va 15 mingta bola qamrab olingan. Mazkur platforma yanada takomillashtirilmoqda, onlayn mentor va dars jarayonlari monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilgan.  

Bundan tashqari, 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab respublika bo‘yicha tajriba-sinov tariqasida 32 ta umumta’lim maktablarida inklyuziv sinflar tashkil etilgan edi. Bugungi kunda bunday sinflar soni ko‘paytirilib, ikki mingdan ortiq nogironligi bor bolalar inklyuziv sinflarda tahsil olmoqda. Shuningdek, bolalar bog‘chalarida ham inklyuziv tarbiya jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ta’lim tashkilotlarida maxsus pedagog va assistent shtat birliklari tashkil etilgan bo‘lib, pedagoglarga ko‘maklashish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.  

Shu bilan birga, onkologik, gemotologik kasalliklar bilan kasallangan bolalarning uyda ta’lim olishi uchun ham sharoitlar yaratilgan. Xususan, “Mehrli maktab” tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 25 mingga yaqin bolalar qamrab olingan. Ularning 11 mingdan ortig‘i bog‘cha bolalari hisoblanadi. Nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA

Powered by GSpeech