Gender tenglikni ta'minlash bo'yicha Yangi O'zbekiston milliy tajribasi dunyoga taqdim etiladi
TOSHKENT, 30-oktabr. /"Dunyo" AA/. Qachonki ayol ma'rifati yuksalsa, millat ham uyg'onadi. Yangi O'zbekiston bugun tenglik va ma'rifat orqali Yangi Renessansga qadam qo'ymoqda.
Dunyo nigohini qaratgan minbar — Samarqand
Ayni paytda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ilk bor tarixda Parijdan tashqarida – Samarqand shahrida bo'lib o'tayotgani jahon miqyosida madaniyat, ta'lim, fan va taraqqiyot bo'yicha qabul qilinadigan strategik qarorlarning eng nufuzli maydoni — Samarqand bo'lib turibdi.
Bu voqea ramziy emas – geosiyosiy bayonot. Deyarli 40 yil ichida ilk bor YUNESKO Bosh konferensiyasi Parijdan tashqarida o'tmoqda va bu sharaf Samarqandga nasib etdi. Bu O'zbekistonning xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak darajada e'tirof etilishi, mamlakatimizning ishonchli, strategik , hamkor sifatida ko'rilayotganining yorqin dalilidir.
Tarix guvohlik beradiki, qadimdan ilm olishni istagan insonlar dunyoning eng bebaho kutubxonalari, eng mashhur madrasalar, buyuk allomalar yurti bo'lgan Samarqandga talpingan. Bu muhtasham kent, undan taralgan ma'rifat qalblarga nur va harorat bergan. Ushbu qadim kent inson o'z umri davomida albatta borib ko'rishi kerak bo'lgan 50 ta shahardan biri sifatida e'tirof etildi.
O'zining mahobatli o'tmishi, saodatli buguni va nurli kelajagi bilan yer yuziga sayqal berib turgan Samarqand hamisha asrlar ardog'ida, dunyo siyosatdonlari nigohida bo'lib kelgan.
Bugun Samarqand yana buyuk o'tmishi, saodatli buguni, porloq kelajagi haqida so'zlaydi. U dunyo miqyosidagi fikr almashinuv, strategiya va yangi tashabbuslar markaziga aylanadi: davlatlar, xalqaro tashkilotlar, vazirlar, ekspertlar, yetakchi ayollar, yoshlar va jamoat arboblari shu yerda global kun tartibini belgilamoqda.
Bu kun tartibi ta'lim, ilm-fan, madaniy merosni himoya qilish, raqamli dunyoda adolat, barqaror rivojlanish, tinchlik va ko'p tomonlama hamkorlikdan iborat. Aynan shu maydonda biz, O'zbekiston, jahon jamoatchiligi oldida o'z pozitsiyamiz bilan chiqyapmiz: ayollar huquqi, qizlar salohiyati, ona va bola xavfsizligi, oilaning barqarorligi — bu endilikda faqat "ijtimoiy masala" emas, bu davlatlaro xavfsizlik, ijtimoiy barqarorlik, milliy ustuvor yo'nalish va iqtisodiy o'sishning asosiy sharti hamdir.
Gender tengligi — strategik maqsad
Bugungi dunyoda gender tengligi barqaror taraqqiyotning muhim sharti sifatida qaralmoqda. Xotin-qizlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish o'rinlari, qaror qabul qilish jarayonlarida teng va ta'sirli ishtirok etishi — yorug' kelajak poydevoridir.
O'zbekiston bu masalani ochiq va prinsipial ravishda kun tartibiga qo'ymoqda. Mamlakatimizda so'nggi yillarda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni zo'ravonlik va tazyiqdan asrash, ijtimoiy-siyosiy hayotga, davlat boshqaruviga faol jalb qilish, ta'lim va mehnat orqali iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash bo'yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu shunchaki ma'naviy da'vat emas, bu qat'iy davlat siyosati.
Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan xotin-qizlar masalasi ijtimoiy mavzudan xalqaro siyosat darajasiga ko'tarildi. Xotin-qizlar huquqi, uning iqtisodiy roli, oila institutini saqlash va mustahkamlash, bola tarbiyasi, mas'uliyatli ona-ota bo'lish madaniyatini joriy etish masalasi bugun milliy barqarorlik sifatida qaralmoqda.
Bugun O'zbekiston gender tenglikni ta'minlashning mutlaqo yangi bosqichiga chiqdi. Xotin-qizlar ta'limi, ilm-fan, innovatsiya va raqamli iqtisodiyot sohalarida ilg'or natijalarga erishmoqda.
So'nggi yillarda bu yo'nalishda tizimli huquqiy va amaliy islohotlar amalga oshirildi. 2019 yilda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida" hamda "Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida"gi qonunlar qabul qilindi.
O'zbekiston BMTning ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi Konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiq ekanini amalda isbotlab kelmoqda.
2021 yilda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Natijada davlat boshqaruvi va mahalliy kengashlarda ayollar soni sezilarli oshdi — parlamentda xotin-qizlar ulushi 2018 yildagi 12,6 foizdan 2025 yilda 38 foizga yetdi.
Oliy ta'limdagi qizlar soni 2017 yildagi 38 foizdan 53 foizga ko'tarildi, STEM sohalaridagi ishtirok ulushi ham ortdi. Ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ajratilgan davlat grantlari 2020 yildagi 1000 tadan 2025 yilga kelib 4000 taga yetdi. 5 yillik mehnat stajiga ega, oliy ma'lumoti bo'lmagan ayollar uchun maxsus kvotalar joriy etildi va bu imkoniyatdan 2000 dan ortiq xotin-qiz foydalandi.
Magistraturada o'qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt to'lovlari davlat tomonidan qoplanmoqda — 2022–2025 yillarda bu maqsadda 333,8 mlrd so'm yo'naltirildi. 415 mingga yaqin talaba qiz 7 yillik foizsiz ta'lim krediti bilan qo'llab-quvvatlandi. Ilm-fan sohasida faollik ortayotir — so'nggi yetti yilda 5200 dan ortiq ayol PhD/DSc ilmiy darajasiga ega bo'ldi.
Yuksak natijalar xalqaro miqyosda ham e'tirof etilmoqda: 2024 yilda O'zbekiston gender tengligi va boshqaruv indeksida 103-o'rindan 52-o'ringa ko'tarildi. Jahon bankining "Ayollar, biznes va qonun" hisobotiga ko'ra, O'zbekiston gender tengligi yo'nalishida eng katta yutuq qayd etgan beshta davlatdan biri bo'ldi.
"Ayol. Tarix. Tamaddun"
Joriy yil 4 noyabr kuni YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida "Gender tengligini ko'p tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish" mavzusida maxsus tadbir o'tkaziladi.
Bu nufuzli uchrashuvda xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat arboblari, turli mamlakatlardan kelgan yetakchi ayollar, yoshlar, mutaxassislar ishtirok etadi. Ushbu muloqotning markazida esa mushtarak asosiy g'oya turadi: ma'rifatli, bilimli, mas'uliyatli ayol - kelajakning muhim drayveri.
Biz endilikda ayolni faqat "oila tayanchi" sifatida emas, balki "inson kapitali", "ijtimoiy barqarorlik kafolatchisi", "siyosiy hamkor", "adolatli rahbar" sifatida ko'rsatmoqdamiz. Bu kabi masalalar bugun xalqaro hamjamiyat uchun ham dolzarb.
Sharqdan ma'rifat boshlanganini inkor etib bo'lmaydi. Bu zamin azaldan ilm, fan va madaniyat beshigi bo'lib kelgan. Bizning Vatanimiz — turkiy davlatlar tarixida ham ayollarga katta hurmat bilan munosabatda bo'lingan, ularning jamiyatdagi o'rni e'zozlangan. Ayniqsa, ilm-ma'rifatni rag'batlantirgan, madrasa qurdirgan, vaqf ishlarini yo'lga qo'ygan ma'rifatparvar ayollar haqidagi tarixiy ma'lumotlar buning yaqqol isbotidir.
Oila va xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan mazkur kitob-albomda ham ana shunday buyuk ayollar haqida so'z boradi. Ularning orasida davlat boshqaruvida faol ishtirok etgan zukko va bilimdon malikalar, xalqning ma'naviy taraqqiyoti yo'lida xizmat qilgan vaqfiya ayollar, Vatan himoyasida jasorat ko'rsatgan buyuk ayollar mavjud. Ularning amalga oshirgan ishlari, jamiyatga qo'shgan hissasi bugungi avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi sanaladi. Shuning uchun ham mazkur kitob-albomning YUNESKOning Samarqanddagi nufuzli tadbirlari doirasida taqdim etilishi ramziy ahamiyat kasb etadi. Bu bilan biz jahonga shunday da'vatni yetkazamiz: "Bizning ayollarimizning tarixi buyuk, biz shu tarixning vorisimiz va bu merosni faxru iftixor bilan davom ettiramiz."
Sharq ayollari, xususan, bizning yurtimiz zaminida voyaga yetgan zakovatli ayollar - insoniyat ma'naviy taraqqiyotiga beqiyos hissa qo'shgan. Bu zaminda Imom Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug'bek, Termiziy kabi buyuk zotlarni dunyoga keltirib, tarbiya qilgan onalarni bugun tilga olib, ehtirom ko'rsatishimizning ayni fursatidir. Ular kamol topgan muhitda ayollar, onalar ma'rifat nurini taratgan, ilm va hayotning haqiqiy ma'nosini uqqan. Shu jihatdan, mazkur kitob - bu fikrlarning ilmiy va amaliy jamlanmasidir.
O'zlikka qaytib: ilm, ma'rifat va xotin-qizlar faolligining yangi bosqichi
Sir emas, xalqimiz yaqin o'tmishda og'ir sinovlarni boshidan kechirdi. Mustamlakachilik, qatag'onlarning dahshatga qorishiq to'lqinli yillari jamiyatning ziyoli qatlamini yo'qotishga olib keldi. Qimmatli qo'lyozmalarimiz, asarlarimiz chetga olib ketildi, ma'naviy merosimiz xazinasi bo'shab qoldi. Biroq bugun biz yangi davr ostonasidamiz — o'z tariximizni qayta tiklayapmiz, ma'naviy ildizlarimizni qayta kashf etmoqdamiz. Biroq bugun biz yangi davr ostonasidamiz — o'z tariximizni qayta tiklayapmiz, ma'naviy ildizlarimizni qayta kashf etmoqdamiz. Biz boshlagan bu ma'naviy tiklanish – xalqimiz qayta uyg'onishining, ilm va ma'rifatning yuksalish davridir. Bu shior, yoki baland-parvoz, yarqiroq so'zlar emas — bu, buyuk ajdodlari bo'lgan xalqning qayta uyg'onishi, ilm, ma'rifat, madaniyat va inson qadrining yana yuzaga chiqishi, ulug'lanishidir. Va bu ma'naviy yuksalishning markazida — ayollar, qizlar va yana millatning ma'rifatli onalari turibdi.
Alohida ta'kidlash joizki, Samarqandda o'tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi biz uchun sharaf ham, mas'uliyat hamdir. Dunyo hamjamiyati guvoh bo'lib turibdi: O'zbekistonda gender tengligi me'yor emas, hayot haqiqati. Bugun xotin-qizlar Yangi O'zbekistonda taraqqiyotning yetakchi kuchi sifatida namoyon bo'lmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, bugungi islohotlar — xalqimiz qadr-qimmatini, uning azaldan ma'rifiy va ilmiy salohiyatini jahonga tantanali ravishda namoyon etayotgan, milliy o'zligimiz va ma'naviy qudratimizni yangi bosqichga olib chiqayotgan tarixiy jarayondir.
Zulayho Maxkamova,
O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari –
Oila va xotin-qizlar qo'mitasi raisi
Ўзбекча
English
Русский