General Sobir Rahimov frontda qahramonlarcha halok bo'lgan sarkardagina emas, balki Ikkinchi jahon urushi g'alabasiga katta hissa qo'shgan qahramon, o'zbek xalqining jonli timsoli hamdir. Uning taqdir yo'li XX asr 30-50-yillarida bunyodkorlik mehnati bilan o'zbek xalqining hurmat-e'tiborini qozongan fidoyi yurtdoshlarimizning hayot yo'lidir.
Sobir Rahimov 5 yoshida otasidan yetim qolib, podachilik bilan tuz-nasibasini topgan. Keyinroq esa bolalar uyida tarbiyalangan. So'ngra 20 yoshida harbiy xizmatga chaqirilgan. Chaqmoqdek yigit 1925 yili Boku shahridagi harbiy maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Samarqandda tashkil etilgan O'zbek otliq askarlar diviziyasida harbiy xizmatni o'tashga kirishadi. Mashhur sarkarda Mirkomil Mirsharopov qo'mondonlik qilgan ushbu diviziya sobiq Ittifoqdagi eng ilg'or va namunali harbiy qismlardan biri bo'lgan.
Ikkinchi jahon urushi boshlanganida motoo'qchi polki komandiri o'rinbosari Sobir Rahimov G'arbiy frontda xizmatda bo'lgan. Birinchi marta Yelnya shahri atrofida polk jangga kirganida chekinayotgan batal`onni qaytarib, istehkomni mustahkam ushlab turgan. Shu jangning o'zida Sobir Rahimov yarador bo'lgan va davolangach, 56-armiyaning 1149-o'qchi polki komandiri bo'lib frontga qaytgan. Uning polki Rostov-Don shahrida qarshi hujumga o'tganida muvaffaqiyat qozongan.
Taganrog shahri va Donbassdagi janglardan keyin, 1942 yilning avgustidan 395-o'qchi diviziyaning komandiri sifatida Sobir Rahimov Kavkaz uchun olib borilgan shiddatli janglarda qatnashgan. Toshkentda tuzilgan Sobir Rahimov qo'mondonligidagi mazkur diviziya 8 mingdan ortiq dushman askarlarini qirib tashlagan, o'n minglab fashistlarni safdan chiqargan. Bu diviziya Sharqiy Prussiyagacha jangovar yo'lni bosib o'tgan.
Sobir Rahimovning diviziya komandiri sifatida Shimoliy Kavkazni ozod qilish uchun olib borgan muhim janglari, katta jasorati beiz ketmagan. Sobir Rahimovga 1943 yil 19 martda general-mayor unvoni berilgan. O'zbek generalining jangovar xizmatlarini kuzatib yurgan qo'mondonlar uning sarkardalik salohiyatini oshirish maqsadida Moskvaga chaqirib olgan.
Shu tariqa Sobir Rahimovga SSSR Qurolli kuchlari Bosh shtabining Oliy Harbiy akademiyasini tugatish imkoni berilgan. Shundan keyin u yana frontga qaytib, 65-armiyada xizmatini davom ettirgan. 1944 yil 16 noyabrda 37-gvardiyachi o'qchi diviziya komandiri etib tayinlangan.
So'ngra general Sobir Rahimov 1-Belorussiya fronti qo'shinlari tarkibida Belorussiya va Pol`shaning Baranovichi, Slonim, Belostok, Graudents va boshqa shaharlarini ozod qilishda faol ishtirok etgan. Ayniqsa, general Rahimov diviziyasi Sharqiy Prussiyada fashist qo'shinlarini tor-mor qilishda alohida jonbozligi bilan ajralib turgan.
Diviziya askarlari 9 ming kishilik garnizon himoyasida turgan, tish-tirnog'igacha qurollangan Graudents (Pol`sha) qal'a-shahrini zabt etib, bir necha kundan so'ng Gdansk shahriga kirgan. Janglar juda og'ir kechgan, lekin diviziya dushman qarshiligini barbod qilib, Dantsig (hozirgi Gdansk) shahriga birinchilardan bo'lib kirgan. O'shanda og'ir yarador bo'lgan Sobir Rahimov 1945 yil 26 mart kuni olamdan o'tgan.
Sobiq sovet davlatida joriy etilgan tartibga ko'ra, 1945 yilning may oyida Sobir Rahimov jasadi krematsiya etilib, bir temir qutida Toshkentga olib kelingan. Bu yerda Hukumat uyida vidolashuv marosimi o'tkazilgan.
Oradan 20 yil o'tib, 1965 yil 6 mayda Sobir Rahimov taqdirida tarixiy haqiqat tiklangan. Shaxsan Sharof Rashidov boshchiligidagi O'zbekiston rahbariyati va general Pavel Batovning tashabbusi bilan o'zbek generaliga o'limidan so'ng «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoni berilgan.
Shu o'rinda ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni, general-polkovnik P.Batov Sobir Rahimovga bag'ishlab kitob yozganini alohida ta'kidlash lozim. 1947 yili Toshkentda nashr etilgan bu kitob «O'zbek xalqining munosib o'g'loni» («Dostoyniy sin uzbekskogo naroda») deb nomlangan.
Agar 1943-yillarda general P.Batov 1-Belorussiya frontining 65-armiyasi qo'mondoni bo'lgani nazarda tutilsa, xuddi shu davrda general Sobir Rahimovning u bilan birga xizmat qilgani oydinlashadi. Shu jihatdan, rus generali oradan 22
yil o'tib o'zining quroldosh do'sti bo'lmish o'zbek generali haqida shaxsiy xotiralari va hayotiy dalillarga asoslangan qiziqarli kitob yozgan. Natijada uning vafotidan keyin qahramonligi rasman e'tirof etilishiga muvaffaq bo'lingan.
Chindan ham, Sobir Rahimov xalqimizning munosib farzandi, qahramon o'g'lonidir. Afsuski, ba'zi birovlarning bu oddiy va hayotiy haqiqatga shubha bilan qaragani oqibatida o'zbek generalining nomi yurtimizda bir muddat tilga olinmay qolgandi.
Vaholanki, Sobir Rahimov o'zining tarjimai holi bilan bog'liq bo'lgan va o'z qo'li bilan to'ldirgan aksariyat hujjatlarda har doim o'zining o'zbek ekanini qayd etgan. Bundan tashqari, tarjimai holi va o'ziga oid boshqa hujjatlarda qaysi tillarni bilasiz degan savolga «o'zbek va rus tillarini» deb ko'rsatgan.
O'zbek generali o'zini hamisha o'zbek xalqining farzandi deb bilganini mana bu dalil ham yaqqol tasdiqlaydi. Gap shundaki, «Qizil O'zbekiston» gazetasining 1943 yil 15 may sonida general-mayor Sobir Rahimovning «Jonajon sovet yurtimiz uchun kurashda» sarlavhali maqolasi chop etilgan.
Maqola boshidagi tahririyat kirish so'zida shunday deyilgan: «O'zbek xalqining birinchi generali Sobir Rahimov shu kunlarda ona yurti O'zbekistonda mehmon bo'ldi. O'rtoq Rahimovning bugun «Qizil O'zbekiston»da e'lon qilinayotgan maqolasi gazetxonlarni Ulug' vatan urushi davrida generalimiz qatnashgan ko'p janglarning ba'zi epizodlari bilan tanishtiradi» .
Demak, Sobir Rahimov Shimoliy Kavkaz janglaridan so'ng Moskvadagi Oliy Harbiy akademiyada tahsil olayotgan davrida O'zbekistonga kelgan. Eng muhimi, tahririyat kirish so'zidagi «O'zbek xalqining birinchi generali» va «Sobir Rahimov shu kunlarda ona yurti O'zbekistonda mehmon bo'ldi» degan iboralar orqali general-mayor Sobir Rahimovning qaysi xalq va qaysi yurtga mansubligi aniq-ravshan qayd etilgan. Bu boradagi fikr-mulohazalarimiz yanada qat'iy tasdig'ini topishi uchun ushbu maqola matnidan quyidagi iqtibosni keltiramiz:
«Shu paytda biz o'zbek xalqidan farmon oldik:
– Yo hayot, yo asorat; yo hayot, yo o'lim; yo o'lim, yo g'alaba! Bir qadam ham orqaga chekinmangiz! Bu farmon jangchi va komandirlarimiz qalbining eng chuqur yeridan joy oldi. Qo'shilmamiz Goryachiy Klyuch`, Kox tog'lari va Kochkanovo rayonlarini mudofaa qilar ekan, bu farmonni hamisha yodida saqladi».
Ushbu parchada Sobir Rahimov o'zi qo'mondonlik qilayotgan qo'shilma Kavkaz himoyasi uchun jang qilayotgan paytda O'zbekistondan farmon, ya'ni «O'zbek xalqining jangchilariga ularning el-yurtlaridan maktub» olgani haqida to'xtalgan. Bitilgan ushbu jumlalar ma'nosida muallifning o'z xalqiga mehr va muhabbati, oqibat va sadoqati qanchalik ifoda topib turganini sezish qiyin emas.
Yana bir misol: o'zbek kinoijodkorlari tomonidan 1967-1968 yillarda tasvirga olingan «General Rahimov» fil`mida bosh rolni o'ynagan O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq artisti Zikir Muhammadjonovning aytishicha, general Sobir Rahimovning o'zi jangga kirish oldidan qo'l ostidagilarga palov damlab bergan ekan. Fil`mda shu hayotiy misoldan foydalanilgan bo'lib, jang oldidan oshxo'rlik qilgan generallar «Rahimov palovi»ni rosa maqtagan jonli sahna bor.
Boshqa bir qiziq dalil: 1906 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Chim qishlog'ida tug'ilgan va 1943-1944 yillarda, ya'ni birinchi guruh nogironi sifatida iste'foga chiqarilguniga qadar Ikkinchi jahon urushida bevosita ishtirok etgan Ashur Xudoyqulov o'z xotiralarida general Sobir Rahimov qo'mondonligi ostida jang qilgani haqida so'z yuritgan.
Ushbu xotiralarni qog'ozga tushirgan jangchining qizi – qashqadaryolik taniqli adiba Sharofat Ashurovaning qayd etishicha, janglar orasidagi qisqa tanaffuslardan birida o'zbek generali qo'l ostidagi jangchilarning qurol-yarog' va harbiy texnikadan foydalanishni yaxshi bilmasligi pand berayotgani haqida gapirib, jangchi A.Xudoyqulovga: «Urushdan so'ng bolalaring oliy ma'lumot olishi uchun astoydil harakat qil», deb maslahat bergan. G'alabadan so'ng Ashur ota, chekka bir qishloqda yashashiga qaramasdan, generalga bergan so'zining ustidan chiqqan. Ya'ni, barcha o'g'il-qizlari o'z sohasining oliy ma'lumotli mutaxassisi bo'lib yetishishiga erishgan ekan.
O'z navbatida, qashqadaryolik yana bir urush qatnashchisi – tarixchi va etnograf olim, akademik Karim Shoniyozov Sobir Rahimov halok bo'lgan 1945 yil 26 mart sanasidagi qaqshatqich janglar hali ham tushiga kirib turishini qayd etgan. Urush qatnashchisi o'sha voqealarni shunday xotirlaydi:
«25 mart kuni men razvedkachilarim bilan Boltiq dengizi sohiliga birinchi bo'lib chiqdim. Dengizga chiqdik, deb quvonib, endi yuz-qo'limizni yuvamiz, deb turgan edikki, 50 metr chamasi nariroqdan dushmanning suvosti kemasi ko'tarilib chiqdi, uning yonidan ikkinchi kema chiqdi. Biz katta imorat orqasiga yashirindik. Fashistlarning kemalari qo'shinlarimiz kelayotgan tomonga qarab to'p ota boshladi.
Ana shu snaryadlardan biri 25 mart kuni Sobir Rahimovni og'ir yarador qildi, 26 mart kuni u kishi qurbon bo'ldi. Sobir Rahimov qo'mondonlik qilgan 37-o'qchi diviziya ham bizning qismimiz bilan birgalikda shaharga kirgan edi. Diviziya jangchilaridan general Sobir Rahimovning halok bo'lganini eshitib, qismimizning barcha o'zbek yigitlari qattiq qayg'urdik. 30 mart kuni Dantsig shahri ozod qilindi...»
O'zbekiston askarlarining Yevropani ozod qilishdagi ishtiroki haqida so'z borganda, avvalambor, 57-gvardiyachilar diviziyasi qo'mondoni general Sobir Rahimov Pol`shada ulkan shuhrat qozonganini ta'kidlash lozim. O'zbek generalining diviziyasi Sharqiy Kavkazdan to Prussiyaga qadar bo'lgan olis masofani mashaqqatli jangu jadallar bilan bosib o'tgan.
Sobir Rahimov qo'mondonligidagi diviziya oldin Belorussiyani ozod etgan. So'ng o'zbekistonlik jangchilar Pol`shaning Grudzyandz, Gnev, Starograd, Dzyadlovo shaharlarini dushman changalidan xalos etishda yuksak mahorati va jasoratini namoyish etgan. Pol`sha xalqi, xuddi o'zbek xalqi singari o'z qahramoni xotirasini e'zozlab keladi. Gdan`sk shahrida Sobir Rahimov nomi bilan atalgan ko'cha va maktablar mavjudligi ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Afsuski, Sobir Rahimovning hayotligida ham, vafotidan keyin ham turli haqsizliklarga qayta-qayta giriftor bo'lishi va har gal adolat tantana qilishi taqdirida yozilgan ekan, nazarimizda. Mana, bu gal davlatimiz rahbari shaxsan o'zbek generali qismati timsolida shonli o'tmishga va tarixiy xotiraga nisbatan hurmatsizlikka chek qo'ydi.
2018 yilda Sobir Rahimov nomi yurtimizga qaytgani yaqin o'tmishdagi kechirib bo'lmas ma'naviy xato tuzatilib, tarixiy haqiqat g'alaba qozonganidan dalolatdir. Binobarin, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 2 mayda Namangan viloyatiga tashrifi davomida Norin tumani hokimiyatida viloyat faollari ishtirokida o'tkazilgan yig'ilishdagi nutqida bu haqda shunday degandi:
«Meni qiynab kelayotgan yana bitta masala bor. Shafqatsiz fashizm bilan kurashda urush maydonlarida qolib ketgan buyuk bobolarimiz bor. Shularning ichida birgina general bo'lgan Sobir Rahimovning nomini eslamay qo'ydik. Mana shu qahramon generalimizning haykalini tarix va adolat uchun tiklab qo'ysak».
Haqiqatan ham, Sobir Rahimov taqdirida tarixiy adolatning yana bir bor tiklanishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning temir irodasi va donoligi bilan xalqimizning unutilmas farzandlaridan biri, atoqli sarkarda haykalining asl joyiga
qayta o'rnatilishi misolida namoyon bo'ldi.
Bugungi kunda Toshkentdagi muhtasham “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi hududidagi urush maydonlarini eslatadigan baland tepalik ustida afsonaviy general Sobir Rahimov va uning kabi yovqur harbiy qo'mondonlarimiz, o'zbekistonlik barcha botir jangchilarning so'nmas xotirasiga atab “Mangu jasorat” deb nomlangan ulug'vor monument barpo etilgani bejiz emas, albatta.
«Mangu jasorat» monumenti haqida so'z yuritishdan oldin uning tashabbuskori va bunyodkori bo'lmish Prezidentimizning yana bir fazilatini eslab o'tishni joiz deb bildik: bu kengfe'llik va kengfikrlilikdir.
Gap shundaki, uzoq va sirli tortishuvlar, tagi puch iddaolar ortidan Ikkinchi jahon urushining buyuk va jasoratli qahramoni Sobir Rahimov yurtimizda tilga olinmay qolgani, unga atab ishlangan badiiy fil`m namoyish etilmay qo'yilgani, uning nomi tuman va metro stantsiyasidan o'chirilgani, hatto poytaxtdagi haykali ham ko'chirilgani ko'pchilikning yodida. Albatta, bu o'tmishga, tarixiy xotiraga nisbatan hurmatsizlik va adolat tarozisining buzilishi edi.
Prezident Shavkat Mirziyoev yaqin o'tmishdagi shu og'riqli xatoni to'g'riladi. Tarixiy adolat qaror topib, Sobir Rahimov nomi yurtimizga qaytdi. 2011 yilning qishida G'afur G'ulom nomidagi istirohat bog'iga ko'chirilgan Sobir Rahimov haykalining o'z joyiga qaytarilishi haqida 2018 yil 2 may kuni ma'lum bo'ldi. O'zbekiston Prezidenti Namangan viloyatida o'tkazilgan yig'ilishda haykalning o'z joyiga qaytarilishini tarixiy adolatning tiklanishi deb atadi.
Demak, ana shu sana – 2018 yil 2 may o'zbek generali Sobir Rahimov xotirasiga nisbatan tarixiy adolat tiklangan kundir. Ayni chog'da, xuddi shu sanada davlatimiz rahbarining G'alaba bog'i bilan bog'liq g'oyasi ilk bora jamoatchilikka e'lon qilingan, desak, to'g'ri bo'ladi.
Chunki Sobir Rahimov haykali 2018 yili Xotira va qadrlash kuni arafasida tarixiy o'rniga qaytarilgan, shu munosabat bilan yodgorlikning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tgan edi. Prezidentimiz oradan bir yil o'tgach, ya'ni 2019 yili Xotira va qadrlash kunida general-mayor Sobir Rahimov haykali qarshisida G'alaba bog'i barpo etilishi haqidagi tashabbusni ilgari surdi.
“Mangu jasorat” monumenti timsolida ana shu asl haqiqatni anglash mumkin. Bu monumentni ko'rgan kishi afsonaviy general Sobir Rahimov kabi harbiy qo'mondonlarimiz, o'zbekistonlik botir jangchilarning xotirasi el uchun so'nmas bo'lishini chuqur tushunib yetishi aniq.
Xiyobon markazida muayyan balandlikda general Sobir Rahimov haykali qad ko'targan. Haykal poyiga qadar ikki tomondan «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoniga sazovor bo'lgan o'zbekistonlik 301 nafar jangchining yodi aks etgan marmar lavhlar o'rnatilgan.
“Mangu jasorat” monumenti bo'yicha 2019 yilda tanlov o'tkazildi. Unda g'olib deb topilgan mazkur kompozitsiya va mahobatli stella loyihasi muallifi haykaltarosh Jasvant Annazarov o'zining ulkan ijodiy mehnatini zavqu shavqqa to'lib ado etdi.
Zotan, general Sobir Rahimov shaxsi har bir o'zbek yigitini g'urur va faxrga chulg'aydi. Bugun o'sha mashhur qahramonimiz yonida 14 nafar o'zbek qahramoni saf tortib turibdi. Ularning barchasi – tarixiy shaxslar, yaqin o'tmishda shu muqaddas zaminimizda kindik qoni tomgan, qadam izlari qolgan, bugun esa shu musaffo havoda nafaslari sezilib turgandek go'yo.
Bugungi kunda “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi, xususan, “Mangu jasorat” monumenti Ikkinchi jahon urushidagi voqealar va holatlarni to'laligicha ko'rsatib bera oladigan yaxlit majmua sifatida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki ziyoratga keluvchi xorijlik mehmonlar tomonidan ham e'tirof etilayotgani diqqatga sazovor.
Bu – Millat Sardori rahbarligida mamlakatimizda keyingi davrda amalga oshirilayotgan jahonshumul o'zgarishlarning yana bir mujdasi.
Bu – tarixiy adolat tantanasi, haqiqat g'alabasining yorqin namunasi.
Bu – bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jon fido qilgan ajdodlarimizning xotirasini yod etish va yurtimiz fayzi bo'lmish faxriylarimizni chinakamiga e'zozlash kabi olijanob qadriyatlarimizning davomiyligini ta'minlaydigan savobli amaldir.
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 06.05.2021
- Ko'rishlar: 5481
- Chop etish