Hech kim ortda qolmasin: nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor davlat siyosati darajasidagi masala
Qaror va ijro
Har bir inson uchun eng katta erkinlik mustaqil yurish, o‘z hayoti haqida qaror qabul qilish va jamiyatda to‘laqonli ishtirok etishdir.
Bu imkoniyat hamma uchun birdek bo‘lgandagina jamiyat haqiqiy adolatga erishgan bo‘ladi. Shu ma’noda, nogironligi bo‘lgan shaxslar hayotini yengillashtirish, ularga to‘siqsiz muhit yaratish nafaqat davlat siyosati, balki umumiy insonparvarlik burchdir.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu toifadagi fuqarolarning huquqlari ta’minlanishi, qulay va inklyuziv muhitning shakllantirilishi davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Shu maqsadda Prezidentning 2024 yil 18 iyulda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilgan edi. Bu hujjat doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash hamda infratuzilma va xizmatlar sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutadi.
Mazkur qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida Ijtimoiy Himoya milliy agentligi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi mutaxassislari fikri bilan tanishdik.
Boshqarma bosh mutaxassis Husen Ravshanovning ta’kidlashicha, bugungi kunda jamiyat hayotining barcha jabhalarida teng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublika bo‘ylab nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazlarida harakat, nutq va kognitiv funksiyalarni tiklash, kunduzgi qatnov va uy sharoitida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Reabilitatsiya qamrovi esa so‘nggi yilda ikki barobarga oshdi.
Joriy yil davomida reabilitatsiya markazlarida 26 ming nafar shaxs statsionar, 19 ming nafar fuqaro kunduzgi qatnov shaklida xizmat oldi. Uyda reabilitatsiya xizmatidan 893 nafar yolg‘iz shaxs foydalandi. Bu g‘amxo‘rlik nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotini yengillashtirish bilan birga, ularga ruhiy ko‘mak bo‘lmoqda.
Hududlardagi tibbiyot birlashmalarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun umumiy o‘rinlarning 5 foizi maxsus bo‘limlarga ajratilib, 80 ming nafar fuqaro reabilitatsiya qilindi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi 11 ta sanatoriyda esa 31,5 ming shaxs sog‘lomlashtirish xizmatlaridan foydalandi.
Inklyuziv muhitni ta’minlash maqsadida qurilish sohasida loyihalarga majburiy ekspertiza amaliyoti joriy etildi. 2025 yil davomida ko‘rib chiqilgan 6 920 loyihaning 95 foizida nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga mos talablar kiritildi.
Harakatlanish xavfsizligini ta’minlash uchun 784 ta ovozli svetofor o‘rnatildi, katta piyoda oqimi bo‘lgan joylarda chorrahalar qayta moslashtirildi. 160 ta ko‘cha va trotuar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qayta jihozlandi.
Transport infratuzilmasi ham moslashtirilmoqda. Ko‘plab aeroportlarida maxsus sharoitlar yaratildi. Markaziy va Janubiy temir yo‘l vokzallarida ham inklyuziv xizmatlar joriy etildi. Metropolitenning 16 bekatida 45 ta ko‘tarish moslamasi o‘rnatildi, 21 lift ishlamoqda. Yangilangan avtobuslar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlar bilan ta’minlandi.
Protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati oxirgi ikki yilda 18 tadan 38 taga kengaytirildi. Bu yo‘nalishga ajratilayotgan mablag‘ 10 barobarga oshdi. Vaucher tizimi joriy qilinishi natijasida mahsulot yetkazib berish muddati 60 kundan 14 kungacha qisqardi.
Eng muhim yangiliklardan biri fuqarolarning reabilitatsiya vositalarini mustaqil tanlash huquqidir. Bu bozorda raqobatni kuchaytirib, sifatli va zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirdi. Natijada, ishlab chiqaruvchilar soni 25 tadan 160 taga yetdi.
Joriy yilda 112 ming fuqaro protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi. Bu 2023 yilga nisbatan uch baravar ko‘pdir. Davlat byudjeti hisobidan 165,5 mlrd so‘m bevosita fuqarolar manfaatiga yo‘naltirildi.
Mehnat bozorida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Iqtisodiy faol nogironligi bo‘lgan insonlar soni qisqa vaqt ichida 72 mingdan 214 ming nafargacha, ya’ni uch baravarga o‘sdi. Bu ichki salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish orqali katta imkoniyatlar ochilishini ko‘rsatadi.
Ishga joylashish jarayonlarini osonlashtirish maqsadida daw.ihma.uz raqamli platformasi ishga tushirildi. U orqali nogironligi bo‘lgan fuqarolarning qiziqish va qobiliyatlariga mos vakansiyalar taqdim etilmoqda.
Bugun yaratilayotgan sharoitlar bir insonning hayotini yengil qilayotgan bo‘lsa, boshqasiga kelajakka ishonch baxsh etayapti. Reabilitatsiya markazlaridan tortib qulay yo‘laklar, zamonaviy transport vositalari va mehnat bozoridagi imkoniyatlargacha bo‘lgan barcha ishlar bitta maqsadga xizmat qiladi. Bu har bir insonning jamiyatda teng, faol va munosib o‘rin egallashi uchun shart-sharoit yaratish.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский