Joriy yilda buyuk mutakallim va islomiy ilmlar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan muhim qaror milliy va diniy ma’rifat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Imom Moturidiy nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun islom olami uzra kalom ilmida mustahkam ta’limot yaratgan jahoniy allomalardan biri hisoblanadi. Uning ilmiy merosi dunyo musulmonlarining ma’naviy muhitida oqilona tushunchalarni shakllantirish hamda jaholat va mutaassiblikka qarshi ma’rifat orqali kurash yondashuvini shakllantirishda muhimdir. “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qaror aynan ana shu bebaho ilmiy-ma’naviy boylikni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni ajdodlar merosiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularga xolis va to‘g‘ri ma’lumot yetib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Qarorda Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish, uning asarlarini tarjima qilish va keng ommaga yetkazish, shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Bu esa nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham ilmiy dunyoqarash va ma’rifatni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur qaror doirasida respublika va xalqaro miqyosda ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar hamda davra suhbatlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar Imom Moturidiy ta’limotining bugungi kunda ham dolzarbligini namoyon etish va uning insonparvarlikka asoslangan g‘oyalarini keng tarqatishga yordam beradi. Bu esa Imom Moturidiyning ilmiy merosini yoshlarga yetkazishda ham muhim qadam hisoblanadi. Chunki qaror asosida ta’lim muassasalarida Imom Moturidiy ta’limotiga oid maxsus kurslar va tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa yangi avlodning ma’naviy va aqliy salohiyatini oshirishga, ularni islom ma’rifatparvarligi g‘oyalari bilan tanishtirishga xizmat qiladi.
Imom Moturidiyning ta’limoti mo‘’tadillik, dunyoqarash erkinligi, aqliy tahlil va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qilgani bilan ahamiyatlidir. U o‘zining mashhur “Kitob at-tavhid” asarida ilmiy dunyoqarashni shakllantirishda asos sifatida xizmat qiluvchi “Ma’rifat nazariyasi”ni to‘liq ochib bergan. Unga ko‘ra, hissiy bilimlar, aqliy mantiq va ishonchli ma’lumot ilm hosil qilishning tamal poydevori hisoblandi. Bu esa alloma ta’limotini zamonlar osha eskirmaydigan olamshumul xususiyatga ega bo‘lishida asosiy omil bo‘ldi. Shuningdek, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” nomli tafsirida ham Qur’oni karim oyatlari ilmiy dunyoqarash, mantiqiy tahlil va ratsional tafakkur bilan hamohang ekanini ochib berishga katta e’tibor qaratgan.
Hozirgi kunda Imom Moturidiy ta’limoti jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyo bo‘ylab ekstremizm va radikalizm xavfi kuchayib borayotgan bir davrda Imom Moturidiyning ta’limoti jaholat va mutaassiblikka qarshi ma’rifat va aql-zakovat bilan javob berishga chorlaydi.
Shuningdek, Imom Moturidiy ta’limoti yurtimizning islomiy merosini chuqur o‘rganish, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini to‘laqonli anglash, adolat, insoniylik va ma’rifatparvarlik tamoyillari asosida hayot barpo qilishga xizmat qiladi. Shu jihatdan, yubiley tantanalari universitetlarda va ilmiy-tadqiqot muassasalarda Imom Moturidiy merosini o‘rganish bo‘yicha yangi tadqiqotlar olib borilishiga kuchli turtki berishi kutilmoqda.
Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash bo‘yicha qabul qilingan qaror milliy qadriyatlarimizni mustahkamlash, ma’rifatni taraqqiy ettirish hamda yoshlarni ilm va ezgulikka yo‘naltirishda katta ahamiyatga ega. Ushbu qaror orqali yurtimizda ma’naviy merosimizga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayib, uning ilmiy asosda o‘rganilishi yangi bosqichga ko‘tarilishi shubhasiz. Buyuk allomaning boy ilmiy merosi hamisha insonlarni hidoyat sari yetaklaydigan manba bo‘lib qoladi.
Shu bilan birga, nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajada ham Imom Moturidiy ta’limotiga qiziqish ortib boradi. Bu esa O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosini dunyoga yanada kengroq tanitish imkonini beradi. Ilmiy ekspeditsiyalar, qo‘lyozma manbalarni aniqlash va nashr etish ishlari yanada jadallashadi.
Shunday qilib, Imom Moturidiyning 1155 yilligi davlat va jamiyat tomonidan yuksak e’tirof etilayotgani, uning ilmiy merosini o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratilayotgani milliy va umuminsoniy qadriyatlarimiz, islom dinining ma’rifatparvar mohiyati va bag‘rikenglik g‘oyalarini jamiyatda keng targ‘ib qilishda muhim qadamdir. Bu esa yurtimizda tinchlik, taraqqiyot va yuksalish ruhini yanada mustahkamlaydi.
Zafar Faxriddinov,
Imom Moturidiy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 24.03.2025
- Ko'rishlar: 275
- Chop etish