INSON HUQUQLARINI HIMOYA QILISH BO'YICHA TASHABBUSLAR davlatimizning milliy manfaatlariga xizmat qiladi

Bugun mamlakatimizda jamiyatning barcha sohalarida, jumladan, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash borasida keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar ro'y bermoqda. Davlatimiz rahbari  tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari faoliyatining yo'lga qo'yilishi bu borada muhim qadam bo'ldi. Bu chora-tadbirlar “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan insonparvarlik tamoyilini to'la ro'yobga chiqarishda muhim omil bo'lmoqda.

Ayni paytda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi saksondan ortiq xalqaro hujjat me'yorlarini milliy qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jamiyatimizda bu borada ro'y berayotgan muhim siyosiy-ijtimoiy yangiliklardan xalqimizni o'z vaqtida xabardor etish maqsadida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta'lim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va ularga rioya etish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta'minlashga keng jalb etilgan.

Barcha iqtisodiy va ijtimoiy dasturlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo'yicha qabul qilinayotgan investitsiya loyihalari yangi ish o'rinlarini yaratish, shuningdek mehnat migrantlarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Bandlikka ko'maklashish jamg'armasi, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi.

Mamlakatimiz aholisining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va sog'lig'ini muhofazalash, ta'lim sifati va samaradorligini oshirish, ekologik muhitni barqarorlashtirish, gender tenglikni ta'minlash yuzasidan muhim loyihalar hayotga tat­biq etilayotir. Bu ishlarning natijalari xalqaro reytinglarda alohida e'tirof etilayotgani quvonarlidir.

Xususan, BMT tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlarning 2020 yilgi natijalariga ko'ra, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) global reytingida O'zbekiston 71,02 foiz natija bilan 190 dan ortiq mamlakat orasida  66-o'rinni ­egalladi.

Ayni paytda bu yo'nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 2030 yilgacha kambag'allikni qisqartirish kontseptsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Hammaning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligi ta'minlanishi ham bevosita inson huquqlari ustuvorligiga xizmat qilmoqda. Shu tufayli fuqarolarning siyosiy huquqlari, fikr, so'z va vijdon erkinligi kafolatlanmoqda. Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham qator amaliy ishlar qilindi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik yanada mustahkamlanmoqda.

O'zbekistonda inson huquqlariga rioya qilish va uni himoya qilishning milliy mexanizmlari ham takomillashib bormoqda. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) va Inson huquqlari bo'­yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan birga Bola huquqlari bo'yicha vakil va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil kabi yangi lavozimlar joriy etildi.

Kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bo'lgan shaxslar, mehnat migrantlari, bolalar, yoshlar, ayollar, katta yoshdagilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek oila institutini mustahkamlash bo'yicha ishlar tubdan qayta ko'rib chiqildi. Oila institutini mustahkamlash bo'yicha kontseptsiya qabul qilinib, oilaviy mojarolarni hal etish mexanizmlari yaratildi.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarining huquqiy asoslari mus­tahkamlandi. Xususan, davlat xotin-qizlar va erkak­larga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishda, sog'liqni saqlash, ta'lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya yo'nalishlarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta'minlanishini  o'z kafolatiga oldi.

Inson huquqlarining eng muhim sharti bo'lgan shaxs­ning fuqaroligini tiklash bo'yicha ham salmoqli qadamlar qo'yildi. Ko'p yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan bo'lsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod kishiga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.

O'zbekiston xalqaro maydonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash sohasida ham tashabbus ko'rsatmoqda.  Prezidentimizning  BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida kurrai zaminimizdagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizning haq-huquqlarini ta'minlash maqsadida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyani qabul qilish to'g'risidagi taklifi jahon hamjamiyati tomonidan yakdillik bilan qo'llab-quvvatlandi. BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida esa davlatimiz  tashabbusi bilan Ma'rifat va diniy bag'rikenglik to'g'risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.

Shu yil avgust  oyida  bo'lib o'tgan,  eng nufuzli xalqaro, mintaqaviy va nodavlat notijorat tashkilotlarining 1000 nafardan ko'proq vakillari  ishtirok etgan “Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusidagi Inson huquqlari bo'yicha Samarqand onlayn forumi yakunlari bo'yicha qabul qilingan rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida esa barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.

Bu yo'nalishdagi keng ko'lamli ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi. Milliy strategiyada O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanishi belgilab qo'yildi.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan munosib e'tirof etilmoqda. Bu O'zbekiston tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga o'z guruhidagi davlatlar orasida eng ko'p ovoz bilan saylanishida yaqqol isbotini topdi. O'zbekistonning bu nufuzli organga saylanishi uning inson huquqlari sohasidagi barqaror sa'y-harakatlari e'tirofi, xalqaro miqyosda tan olinishidir.

BMTning O'zbekistondagi doimiy vakili ­Helena Freyzerning  ta'kidlashicha, “O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanishi katta sharaf. Bu O'zbekiston inson huquqlarini himoya qilishda boshqa mamlakatlarga andoza bo'lishini ang­latadi”.

Holbuki, bundan bir necha yillar avval O'zbekis­tonda inson huquqlari masalasida mavjud ko'p­lab muammolar jamiyat rivojiga jiddiy ta'sir etardi, bu holat turli xalqaro minbarlarda qattiq  tanqid qilinardi.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi inson huquqlari sohasida eng obro'li xalqaro tashkilotdir. Uning tarkibiga 47 davlat saylanadi. Kengash dunyoda umuminsoniy huquqlar yuzasidan barcha masalalarni va vaziyatlarni muhokama qilish vakolatiga ega tuzilmadir.

Xulosa sifatida aytish kerakki, yurtimizda kechayotgan ulkan islohotlar va yangilanishlar davrida inson huquqlarini himoya qilish eng ustuvor vazifalardan biriga aylangani O'zbekistonda ­demokratik islohotlar ortga qaytmas jarayon ekanining yaqqol ifodasidir. Bu borada BMT hamda boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol hamkorlikni yanada kengaytirish esa, albatta, davlatimizning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

Qalandar ABDURAHMONOV,
O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

("Yangi O'zbekiston" gazetasi, 2020 yil 8 noyabr)

Powered by GSpeech