Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash masalasiga ish beruvchilar nega “ko‘z yumib” kelgan?
“Ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi” mazmunidagi xabarlar ko‘paydi. Bu norma qonunchilikka endi kirdimi yoki ilgari ham mavjud edimi?
Aslida Mehnat kodeksida ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilangan. Ammo, bu mexanizm amalda deyarli ishlamayotgan edi.
Xo‘sh, qonunchilikka bunday huquqbuzarliklarga barham berish, xodimlar mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash uchun qanday o‘zgartirishlar kiritildi?
Ushbu savol bilan Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayevga murojaat qildik.
– Mehnat kodeksining 157-moddasida ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilangan.
Ya’ni, xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish mexanizmi avval ham mavjud edi. Unga ko‘ra, ishchining roziligi bilan uni ish vaqti tugaganidan so‘ng ishda qoldirish mumkin. Ya’ni har qanday holatda xodimni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish xodimning roziligi bilan amalga oshirilishi kerak.
Ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligini esa yiliga 120 soatdan oshirish mumkin emas edi. Ya’ni, agar ish beruvchi har kuni xodimni ish vaqtidan tashqari 2 soat ishga jalb qilsa, 120 soatlik chegirma 2,5 oyda tugaydi. Keyinchalik ushbu xodimga mazkur tartibni qo‘llash mumkin bo‘lmasdi.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu normalar bir-biriga muvofiq kelmaydi. Shuning uchun ham shu paytgacha ushbu mexanizm to‘laqonli ishlamagan, ya’ni ish beruvchilar bundan “ko‘z yumish”ni afzal ko‘rgan.
Masalan, 2024 yilda ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish bo‘yicha 627 qonun buzilishi holati aniqlangan. Aslida esa ushbu qonun buzilishi bundan bir necha marotaba ko‘p bo‘lishi ham mumkin.
Rivojlangan davlatlar tajribasiga ko‘ra, (Italiya, Finlyandiya, Fransiya) ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi 220 - 720 soat etib belgilangan. Shvetsiya, Belgiya va Ispaniya davlatlari tajribasida esa ishning davomiyligi umuman cheklanmagan.
Germaniya, Shvetsiya, Belgiya, Ispaniya va Niderlandiya kabi mamlakatlarda ish vaqtidan tashqari ish uchun xodimga to‘lanadigan haq miqdori 1,25 dan 1,5 baravargacha etib belgilangan.
Xalqaro mehnat tashkilotining 1-sonli konvensiyasida ish vaqtidan tashqari ishning muddati cheklangan bo‘lishi lozim. Bunday ishning har bir soati uchun kamida 1,25 baravar miqdorda haq to‘lanishi kerakligi belgilangan.
Shularni hisobga olib, ushbu sohadagi milliy qonunchilik takomillashtirildi.
2025 yil 12 noyabrda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Mehnat kodeksida belgilangan ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligini yiliga 120 soatdan oshirish mumkin emasligi cheklovi bekor qilindi.
Aniqroq aytganda, Mehnat kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, Mehnat kodeksida belgilangan ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligini yiliga 120 soatdan oshirish mumkin emasligi cheklovi bekor qilindi.
Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lashda: bir kundagi birinchi ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida; ikki soatdan ortiq qismi uchun kamida ikki hissa miqdorida; mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda esa – har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash belgilandi.
Bu xodimlar tomonidan qo‘shimcha daromad olishga imkon yaratish bilan birga, ularni norasmiy ravishda ish vaqtidan tashqari ishga jalb qilish holatlarini kamaytirishga yo‘l ochadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский