2003 yilda ayol Andalusiyadagi supermarketda sotuvchi bo‘lib ishlagan vaqtida unga xaridorlardan biri hujum qilgan. Shundan keyin ayolga jarohatdan keyingi stress buzilishi va gapirish qobiliyatini yo‘qotganlik tashxisi qo‘yiladi.
Ijtimoiy ta’minot xizmati esa ayolga doimiy nogironlik nafaqasini tayinlaydi. Xodimning jabrlanishiga sabab bo‘lgan hodisa ish joyida sodir bo‘lganligi uchun to‘lovlar sug‘urta kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan.
Oddity Central’ning yozishicha, 2019 yilda sug‘urta kompaniyasidagilar ayolning tibbiy kartasini tekshirayotganda, u 2009 yildan beri murojaat qilgan shifokorlarning birortasi uning gapira olmasligini qayd etmaganini sezib qoladi. Ayol 10 yil ichida oftalmolog, dermatolog va boshqa mutaxassislar qabulida bo‘lgan. Shifokorlarning bemorning o‘ziga xos xususiyatini qayd etmagani sug‘urtachilarga g‘alati tuyulgan va ular shifokorlardan ayolning kar-soqovligini tekshirishni so‘rashgan. Ruhshunos ham ayolning soqovligi amalda soxtaligidan shubhalangan.
Firibgarlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun bir shifokorning ko‘rsatmasi yetarli bo‘lmagani uchun sug‘urta kompaniyasi xususiy izquvar yollagan, u ayolni doimiy kuzatuvga olgan. Izquvar esa ayolning muntazam ravishda telefonda gaplashishini, xususan, maktab darvozasi oldida onalar bilan suhbatlashishini ham aniqlagan. Dalillarni yanada ko‘proq to‘plash uchun izquvar oddiy yo‘lovchi qiyofasida “soqov” ayoldan kerakli joyga qanday borishni so‘ragan. Ayol esa yo‘lni gapirib, batafsil tushuntirib bergan.
Sud qarori sug‘urta kompaniyasi ayolga nafaqa to‘lashga majbur emasligi haqida qaror chiqargan. Ayolga nisbatan firibgarlik bo‘yicha yangi ish ochilgan. Bundan tashqari, sug‘urta kompaniyasi 16 yil davomida to‘langan pullarni qaytarib olish uchun uni yana sudga bermoqchi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 16.04.2025
- Ko'rishlar: 258
- Chop etish