Mamlakatimizda keyingi yillarda kambagʻallikni qisqartirish, aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash va mahalla darajasida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu maqsadlar uchun hududlarga katta vakolat, moliyaviy resurs va infratuzilmaviy imkoniyatlar berildi, har bir oila bilan manzilli ishlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Natijada yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi bugungi kunga kelib 3,9 foizga tushdi. Ehtiyojmand aholi soni 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaydi. Ishlar toʻgʻri tashkil etilgan 49 ta tuman va 3 ming 429 ta mahalla ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, hududlar kesimida natijalar bir xil emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalari uchun 314 trillion soʻm resurs ajratildi. Lekin bir xil miqdorda mablagʻ olgan hududlarda kambagʻallikni qisqartirish samaradorligi keskin farq qilayotgani tahlillar orqali koʻrsatildi.
Masalan, Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga 2 trillion 300 milliard soʻmdan kredit resursi berilgan. Sharof Rashidov tumanida mazkur mablagʻlar hisobiga 30 ming nafar aholi kambagʻallikdan chiqarilgan boʻlsa, Qarshi tumanida 13 ming nafar ehtiyojmandning sharoiti yaxshilangan.
Shu bois, kredit ajratishning oʻzi yakuniy natija sifatida qaralmasligi, har bir loyiha qancha doimiy ish oʻrni yaratgani va qancha oilaning barqaror daromad manbaiga ega boʻlgani bilan baholanishi belgilandi.
Yigʻilishda joylarda natijaga erishishga toʻsqinlik qilayotgan omillar ham tahlil qilindi. Xususan, hokim yordamchilari va mahalla bankirlarining barchasi ham biznes loyihalarini shakllantirish, moliyaviy instrumentlarni toʻgʻri tanlash va tadbirkor bilan uning gʻoyasidan tayyor biznesgacha ishlash koʻnikmasiga ega emasligi qayd etildi.
Soʻnggi bir yilda hududlarda tashkil etilgan 86 mingta kichik korxonaning 15 mingtasi faoliyatini toʻxtatgan. Bankdan kredit olib, biznesini kutilgan darajada yoʻlga qoʻya olmagan 62 ming nafar fuqaro kreditlarni qaytarishda qiynalmoqda.
Shu munosabat bilan aholi va tadbirkorlarga faqat moliyaviy resurs taklif etish emas, balki bozor, texnologiya, kasb, biznes reja va sotuv zanjirini ham qamrab olgan kompleks yechim berish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Bu borada Xorazm viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar misol qilib keltirildi. Prezident topshirigʻiga muvofiq, iqtisodiy kompleks rahbarlari ikki hafta davomida viloyatdagi 81 ming nafar kambagʻal aholi, yaʼni 19 ming oilaning sharoitini oʻrgandi. Ushbu oilalarda 12 ming nafar ishsiz va 10 ming nafar daromadi past aholi borligi aniqlandi.
Ayni paytda Xorazmdagi tadbirkorlar qurilish sohasiga 4 ming, xizmatlar sohasiga 3 ming va sanoatga 2,5 ming nafar ishchi izlamoqda. Mavjud boʻsh ish oʻrinlari va kasbga tayyorlash imkoniyatlarini oʻzaro bogʻlash orqali kambagʻal oilalardagi 10-15 ming nafar aholi daromadini oshirish mumkinligi qayd etildi.
Shuningdek, oʻrganilgan ehtiyojmand oilalarda 48 ming nafar bola borligi, ularni hozirdan kasb-hunar va zamonaviy koʻnikmalarga yoʻnaltirish muhimligi taʼkidlandi. Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktablar, texnikumlar va oʻquv markazlarida bunday oilalar farzandlari uchun qoʻshimcha toʻgaraklar tashkil etish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambagʻal oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol farzand parvarishi bilan band. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalar uchun uyida yoki mahallaning oʻzida daromadli mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirish, farzandlarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish orqali ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.
Xorazm misolidagi tahlillar barcha hududlarga taalluqli ekani taʼkidlanib, kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishi belgilandi.
Endilikda har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida maxsus shtablar tashkil etiladi. Banklar, bandlik idoralari va iqtisodiy kompleksning boshqa tashkilotlari ushbu shtablar bilan birgalikda aholi bandligi va daromadini oshirish masalalarini joyning oʻzida hal qiladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari iqtisodiy kompleks bilan birgalikda haftaning uch kunini bevosita kambagʻallik va bandlik masalalariga bagʻishlaydi.
Yangi tizimning eng muhim jihati esa moliyaviy resurslar va qaror qabul qilish vakolatlarining katta qismi tuman darajasiga tushirilishi boʻladi. Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi boʻyicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga oʻtkaziladi.
Hozir oilaviy tadbirkorlik uchun 1 trillion 370 milliard soʻm, yoshlar tadbirkorligi uchun 450 milliard soʻm resurs mavjud. Tuman shtablari mahalliy sharoit va loyihaning xususiyatidan kelib chiqib, kimga qancha kredit berish, uning muddati va toʻlov grafigini biznes turiga moslashtirish masalalarini hal qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kredit, lizing, faktoring, kafolat, sugʻurta, aylanma mablagʻ va boshqa moliyaviy instrumentlar tadbirkorlik loyihasining oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib qoʻllanadi. Dehqonchilik, savdo, xizmatlar va boshqa yoʻnalishlarda daromadning shakllanish muddati turlicha boʻlgani uchun moliyalashtirish shartlari ham shunga mos boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Kooperatsiyaga asoslangan loyihalarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Lider tadbirkor 10 ta oila bilan kooperatsiya qilsa, 500 million soʻmgacha, 100 ta oila bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻysa, 5 milliard soʻmgacha garovsiz kredit olishi mumkin boʻladi.
Kredit tarixida kechikish boʻlgan ehtiyojmand aholining tashabbuslari ham individual baholanadi. Istiqbolli loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati yaratiladi.
Kambagʻallik jamgʻarmasidagi 240 milliard soʻm, Bandlik jamgʻarmasidagi 100 milliard soʻm va uchta “daftar”dagi 760 milliard soʻm mablagʻ tuman shtablari ixtiyoriga beriladi. Tadbirkorlik kompaniyasining kompensatsiyalar uchun yil yakuniga qadar nazarda tutilgan 300 milliard soʻmlik resursi ham shtablar orqali yoʻnaltiriladi.
Shu tariqa tumanlar ixtiyoriga jami 3 trillion 200 milliard soʻm resurs berilib, mablagʻlarning aniq natija berishi asosiy mezon etib belgilanadi.
Moliyalashtirish mexanizmlarini iqtisodiyotdagi tez oʻzgarishlarga moslashtirish uchun ham yangi yondashuv joriy etiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Markaziy bank hududlar salohiyati, biznes muhiti va bozor talabidan kelib chiqib, kredit, subsidiya va kompensatsiya mexanizmlarini har chorakda takomillashtirib boradi.
Shu bilan birga, mahalladagi hokim yordamchilari va bankirlarning salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi. 8 ming 992 ta mahalladagi hokim yordamchilari faoliyati natijadorlik va tashabbuskorlik mezonlari asosida qayta baholanadi.
Ikki oy muddatda maxsus oʻquv markazi tashkil etilib, unga xorijdan mutaxassislar jalb qilinadi. Hokim yordamchilari va mahalla bankirlari loyiha tayyorlash, biznes modelini hisoblash, moliyalashtirish vositalarini tanlash va tadbirkor bilan ishlashga oʻqitiladi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan mutaxassislarni Xitoy, Yaponiya va Turkiyada malaka oshirishga yuborish, namunali xodimlarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralari belgilandi.
Yigʻilishda tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish tizimi ham koʻrib chiqildi. Endilikda tumanlar tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarining bevosita buyurtmachisiga aylanadi va zarur mablagʻlar toʻgʻridan-toʻgʻri joylarga yoʻnaltiriladi. Tuman shtablariga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berish huquqi ham beriladi.
Kambagʻallikni qisqartirishda ijtimoiy himoya mexanizmlari ham yangicha yondashuv asosida takomillashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlarini qayta koʻrib chiqish topshirildi.
Bunda faqat oila daromadi emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, koʻp bolalilik, oila aʼzolarining xorijda ishlayotgani va boshqa ijtimoiy omillarni hisobga oladigan koʻp oʻlchovli baholash tizimiga oʻtiladi.
Mamlakat boʻyicha kambagʻallik darajasi 3,9 foizga tushgan boʻlsa-da, uch yoshgacha farzandi bor oilalarda bu koʻrsatkich oʻrtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda. Shu bois, bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallaning oʻzida ishli va daromadli qiladigan tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Ijtimoiy reyestrdagi ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga toʻlguniga qadar Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan nafaqa toʻlanadi. Mehnatga layoqatsiz ehtiyojmand oilalar uchun esa barqaror daromad manbai yaratadigan ijtimoiy paketlar amaliyoti davom ettiriladi. Joriy yil ushbu maqsadlarga 300 milliard soʻm ajratilgan boʻlib, bunday koʻmak olgan 11 ming oilaning qariyb yarmida daromad sezilarli oshgani qayd etildi.
Kelgusi yildan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining davlat va xususiy bogʻcha toʻlovlari, oʻquv markazlarida taʼlim olish xarajatlari, yoʻlkirasi hamda oliy taʼlim muassasasi yotoqxonasi uchun toʻlovlar vaucher asosida qoplab beriladi. Vaucher 12 oy muddatga berilib, oila Ijtimoiy reyestrdan chiqarilganidan keyin ham belgilangan muddat oxirigacha amal qiladi.
Yigʻilishda hudud rahbarlari oldiga yil yakuniga qadar 350 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirish, yana 1 million nafar aholining daromadini oshirish va 230 mingta oilani kambagʻallikdan chiqarish vazifalari qoʻyildi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha aniq mexanizm va harakatlar algoritmini ishlab chiqish, mahalla darajasigacha masʼullarni belgilash vazifasi qoʻyildi. Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha katta amaliy tajriba toʻplagan mamlakatlar, jumladan, Xitoy yondashuvi asosida aholi bilan bevosita ishlaydigan xodimlar uchun aniq koʻrsatmalar tayyorlanadi.
Yangi tizimda asosiy masʼuliyat va resurslar joylarga tushirilib, mahalladagi har bir imkoniyatni ish oʻrni hamda daromad manbaiga aylantirish, har bir ehtiyojmand oila bilan uning sharoiti va salohiyatidan kelib chiqib ishlash ustuvor vazifa boʻladi.
Yigʻilish yakunida mutasaddilar va hududlar rahbarlarining axboroti tinglanib, belgilangan vazifalarni tizimli va natijador qilib tashkil etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
