Yangi O‘zbekiston davrida olib tashlangan to‘siqlar
Bobo-momolarimiz og‘ir, azobli o‘tmishidan so‘zlab, yashayotgan kunlarga shukrona keltirishni ko‘p bora uqtirardiki, ularning hayotiy hikoyalarini eshitib, turmushi naqadar qiyin kechganini ich-ichimizdan his qilardik.
Nahotki, shunday zamonlardan omon qolgan bo‘lsa, degan o‘y-xayollar bilan odamzodning kuchli iroda va sabrga ega ekanligiga amin bo‘lganmiz.
Holbuki, kelajak avlodlar bizning sabrimizga qoyil qolsa arzigulik og‘ir kunlarni yaqin o‘tmishda boshdan o‘tkazib yuboribmiz, desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hali ko‘pchilik unutishga ulgurmagan yaqin o‘tmishni yodga olamiz.
Propiska
Boshqa hech qaysi davlatda kuzatilmaydigan “propiska” tizimi tashqaridan oddiy ko‘ringani bilan xalq boshiga ko‘p qiyinchiliklarni olib keldi.
“Propiska” sabab odamlar o‘zlarining shaxsiy xonadonida begona bo‘lib, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlasa ochishga qo‘rqib yashadi. Qo‘rqqanda ham o‘g‘ri yoki jinoyatchilardan emas, qonun himoyachilaridan qo‘rqib yashadi.
17 yil davomida hukmron bo‘lgan shu “propiska” tizimi sabab qanchadan-qancha aqlli boshlar davlat ishiga ham kira olmasdan muhojirlikni tanladi. Nafaqat davlat hattoki, xususiy tashkilotlar ham shu taqiq sabab bilimli yoshlarni ishga qabul qilish imkoniyatdan mosuvo bo‘lgan.
Odamlarning poytaxt Toshkentga intilishining sababi esa viloyatlarda sharoit va ish yo‘qligi edi. Yashash uchun hayot bor deb qaralgan poytaxtda esa “propiska” muammosi qarshi olardi. O‘sha zamonlarda Toshkentda doimiy ro‘yxatga o‘tishdan ko‘ra, o‘zga davlat fuqaroligini olish osonroq bo‘lgan. Imkonini qilganlar shunday ham qildi.
Konvertatsiya
Bugun har qanday bank kassalaridan xohlagancha xorijiy valyuta xarid qilyapmiz. Bu biz uchun katta imkoniyat desak, yoshlar ishonmasligi turgan gap. Vaqtida konvertatsiya degan baloni ham ko‘rdik. Faqat sanoqligina amaldorga behisob boylik keltiradigan bu tizim ham oddiy xalq imkoniyatini cheklab qo‘ygan edi. O‘zbekistonda tadbirkorlarni himoya qilish “shiori” ostida o‘ylab topilgan “konvertatsiya”ga ham Yangi O‘zbekiston davrida butunlay barham berildi. O‘z vaqtida uch toifadagi narxlari bank va qora bozor tomonidan alohida belgilanadigan dollarni bugun amaldor ham oddiy xalq ham bir xil narxda, xohlagancha sotib olmoqda.
Naqd pul
Hali hamon yodimizdan chiqmagan, ishlab maosh olishdan keyingi eng katta muammo – oylik-maoshni, pensionerlar esa kartalariga tushgan nafaqa pulini qanday qilib naqd qilish edi. Savdo asosan naqd pulga qilinar, naqd pul esa anqoning urug‘i edi.
Odamlar o‘zlarining halol maoshini 20-30 foizigacha miqdoridan voz kechish evaziga naqdlashtirib olardi va shunga shukr qilib, mushkullarini oson qilganlarni duo ham qilardi.
Bu yechimi yo‘q, juda mushkul ish bo‘lsa kerak, deb o‘ylardik. Ammo, keyinchalik islohotlar shamoli bu juda ham muammo qiladigan ish emasligini ko‘rsatdi. Tizim o‘zgarishi, raqamlashtirish nafsni – inson omilini chetga surib qo‘ydi. Naqd pulga ehtiyoj qolmadi. Odamlar qimmatli vaqtlarini ishlab topgan pullarini qog‘oz pulga aylantirishdek bema’ni tashvishdan qutuldi. AQSH yoki Yevropada amal qilayotgan, ko‘pchilik havas qiladigan tizim biz uchun ham oddiy holga aylandi.
Boylarga ov
Tarixlarda o‘qiganimiz, o‘tgan asrning 37-yillaridagi qatag‘onlarni yodga soluvchi qama-qamalar yaqin o‘tmishimizda ham takrorlandi desak, xato bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston davrigacha tadbirkorlik qilish, boy bo‘lish yozilmagan qoidalarga asosan jinoyat hisoblangan. Ozgina daromad orttirsangiz bas, topgan boyligingizning bir tiyinigacha hisob berishingizga to‘g‘ri kelardi. Tadbirkorlik qilib boy bo‘lish uchun hukumat tepasidagi amaldor yoki amaldordan “tanka” bo‘lishi shart bo‘lgan zamonlarda ham yashab ko‘rdik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda “stolba”ni ham olib borib qamash avjiga chiqqan davrlarni ham boshdan kechirdi bu xalq.
U tizimni ko‘rmagan yoshlar bu gaplarga ehtimol ishonmas, ehtimol... Saboq, ibrat, osuda damlarning qadriga yetish uchun kechagi achchiq xotiralar unut bo‘lmasligi uchun “yashashi” kerak, ammo bolalarimiz, ortimizdan kelayotgan avlod qaytib bu kunlarni ko‘rmasin...
Peshona teri bilan topgan boyligini o‘zgalar bilishidan hadiksirashlar bugun chin ma’noda ortda qoldi. Bugun esa har kimning izlanib, yelib-yugurib topgani o‘ziniki, o‘ziga buyurmoqda. Tadbirkorlar soni ortib, boylar kundan-kun boyimoqda. Bu esa davlatning boyishi bilan birga bu yurtda farovonlik hukmronligidan dalolat.
Chegaralar
Yodimizdan ko‘tarilgani yo‘q. Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O‘zbekiston va jon qo‘shnilar bilan til topa olmay aloqalarni deyarli uzgan, yurtimiz darvozalari tambalangan edi. Atrofimizdagi qon-qarindosh qo‘shnilardan sun’iy ravishda dushman yasab ayro yashash esa 2017 yilgacha davom etdi.
O‘zaro qiz berib, kelin olgan xalqlar orasiga qizil chiziqlar tortilishi asnosida bir qorindan tushgan aka-uka, opa-singillar ham yillar mobaynida qo‘shni davlatlarda bir birining diydoriga zor bo‘lib yashab keldi.
Yangi O‘zbekiston davridagina chegaralar ochilib, dushman-dushman o‘yinlarga ham barham berildi. Natijada esa qo‘shnilar bilan bordi-keldilar ko‘payib, ichki va tashqi turizm jonlandi. Ochiqlik va bag‘rikenglikka asoslangan islohot bugun faqat va faqat iqtisodiy rivojlanishga, mamlakat taraqqiyoti, yurtimiz imijini yuksalishiga xizmat qilayotganini ko‘rib, his qilib turibmiz...
Ichki chegaralar
Biz qo‘shni davlatlararo chegaralar haqida gapirdik. Holbuki, bizda ichki chegaralar ham mavjud edi. Viloyatdan viloyatga o‘tishda ham hujjat ko‘rsatib, shaxsimizni tanitib o‘tganmiz. U kunlarni ko‘rmaganlar uchun hattoki tumanlar orasiga ham postlar o‘rnatilganligini aytsangiz, lofchi yoki yolg‘onchiga aylanishingiz aniq. Ammo shunday tartib-tamoyillar haqiqatdan mavjud bo‘lgan.
Ayniqsa, vodiy tomonlarga borishga zarurat tug‘ilsa, bo‘ldi, tizzangizda qaltiroq paydo bo‘lib, tavakkal qilib ketardingiz. O‘tib, qaytishdagi tekshiruvlar, shubhali qarashlar, kerakli-keraksiz savollar... Nazorat postlaridan o‘tganda yelkangizdan tog‘dek yukning ag‘darilishi-yu, o‘zingizni o‘zga, begona bir davlat hududiga kirayotgandek his qilishingizni tasavvur qilavering.
Yangi O‘zbekiston siyosati byudjetdan salmoqli pul ajratiladigan bu kabi ortiqcha chiqimlarga barham berish bilan birga odamlarning asab buzilishi va sarson bo‘lishiga ham chek qo‘ydi.
Oldingi siyosatda qachonlardir shu kabi qusurlar yo‘q bo‘lishini xayolimizga ham keltirmaganmiz. Ammo, yaratganga shukr, bugun bu taqiq va cheklovlar tugatilgan.
So‘z erkinligi
Vijdon amriga ko‘ra, jurnalist sifatida tan olib aytishimiz kerakki, so‘z erkinligi davrida yashayapmiz. Jurnalist bo‘lib, hattoki o‘zimizning muammomizni ham aytishga jur’at topolmay yashagan vaqtlar ham bo‘ldi. Haqiqiy senzurani biz ko‘rdik. U kunlarni ko‘rmagan yoshlar bugungi so‘z erkinligining qadrini bilmasligi tayin. Jurnalist faqat o‘sha davr tizimini olqishlab, maqtash uchun maosh olardi. Tanqid haqida hattoki, o‘ylash ham mumkin emasdi. Bugun esa jurnalistika bilan birga blogosfera vakillari ham emin-erkin faoliyat yuritmoqda. Yangi O‘zbekistonda jurnalistlar tayyorlash uchun alohida universitet ham ochilgani bu alohida mavzu...
Biz ko‘rgan yaqinginadagi o‘tmishda esa jurnalist faqat sukut saqlashi, ko‘rganidan ko‘z yumib yashashi shart edi. Ijodkorlarning xorijga chiqishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Mabodo bir jurnalist chetga chiqadigan bo‘lsa, ikki nafar Rejim xizmati birga borib kelgan. Sababi, o‘sha vaqtdagi tizim ijodkorlarning chet elda qolib ketishidan xavfsirardi. Bugun xorijga chiqayotgan jurnalistlarda o‘sha joylarda qolish imkoniyati bo‘lsa ham Vatanga qaytishga oshiqadi. Bu – OAV xodimlari ham Yangi O‘zbekistonda yaxshi yashayotganidan dalolat beradi.
Xulosa
Yangi O‘zbekistonning ilk davrlarida zudlik bilan amalga oshirilgan izchil islohotlarning ba’zilariga muxtasar to‘xtaldik xolos. Aslida esa bu qisqa davr ichida ko‘p ishlar va xo‘p yangiliklar qilindi. Yangilik qilishdan hukumat ham cho‘chimayapti. Oldin o‘zgarish va islohot qilish xatarli hisoblangan bo‘lsa, bugun esa aksi. Oldingiday islohotlarga xavotir bilan qarash ham o‘zgardi.
Aytadiganlarimiz intihosidagi xulosamiz shuki, odamlar ertasidan ham xavotir olmasdan, bugun yaxshi yashamoqda. So‘zimiz ibtidosida aytganimiz, og‘ir kunlarni ko‘rgan bobo-momolarimiz bekorga yaxshi kunlarga shukr qilinglar, demas ekan. Aslida, vijdonan aytganda, mudom kamchiliklarni gapiradigan biz jurnalistlar ham bor yutuqlarni ham aytmasak, ko‘rnamaklik bo‘lmasmikan?
Shukr qilish ulug‘ ne’mat. Borini mardlarcha tan olib yashash ham insoniylik, ham fuqarolik burchimiz.
Sherali Otaboyev,
O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2025
- Ko'rishlar: 230
- Chop etish