Kitob — hayot yo'llarida do'stu tayanchimiz

YUNESKOning 1995 yil 15 noyabrdagi 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23 aprel` — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e'lon qilingan. Bu yil ta'sis etilganiga 25 yil to'ladigan ushbu xalqaro sana 1996 yildan buyon dunyo miqyosida, jumladan O'zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda.

Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma'naviyat va ma'rifatni targ'ib etishga qaratilgan bu muhim sana joriy yilda mamlakatimizda ikkita ta'sirchan voqea bilan uzviy bog'liqlikda kutib olinmoqda. Bulardan biri — quvonchli bo'lsa, ikkinchisi — anchayin sertashvish va qayg'uli ekanidan ko'z yumib bo'lmaydi.

Avvalo, mamnun etadigan voqeaga to'xtalamiz. Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida 2020 yil 16 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori qabul qilindi. Qarorda ta'kidlanganidek, mamlakatimizda matbaa va noshirlik sohasini qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish bo'yicha keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, matbaa va noshirlik sohasida hozirgi kundagi ishlar ahvoli ushbu tizimdagi tashkilotlar o'rtasida raqobat muhitini kuchaytirishni taqozo etadi. Mualliflik huquqi buzilishining oldini olish, sifatsiz matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishini cheklash, darsliklar va o'quv-metodik majmualarni chop etish tartibini qayta ko'rib chiqish masalalari ham dolzarb bo'lib turibdi.

Shuning uchun Prezidentimiz qarorida bu boradagi 3 ta asosiy maqsad ko'zda tutilgani g'oyat ahamiyatlidir. Ya'ni mazkur hujjatda, birinchidan, noshirlik va matbaa sohasida davlat aralashuvini keskin kamaytirish, ikkinchidan, sohada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, uchinchidan, ta'lim muassasalari uchun sifatli darsliklar va o'quv-metodik majmualar yetkazilishini ta'minlashga doir bir qator vazifalar belgilangan.

Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o'qishga bo'lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do'st bo'lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e'tibor berilmoqda. O'tgan yili davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surildi.

Shu tashabbuslarning to'rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgani bejiz emas. Ushbu tashabbus doirasida tashkil etilgan kitobxonlik klubiga 264 ming o'quvchi a'zo bo'ldi. Qolaversa, bir yil ichida “Book challenge” doirasida 600 mingdan ortiq kitob umumta'lim maktablariga sovg'a qilindi.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya'ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo'lmasligiga o'z vaqtida e'tibor qaratdi. Xususan, 2017 yil 12 yanvarda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risida”gi farmoyishi imzolangandi. O'tgan vaqt ichida bu yo'nalishda juda katta ishlar amalga oshirildi.

O'z navbatida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida”gi hamda 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi qarorlari ayni sohadagi islohotlarning izchilligiga keng yo'l ochdi.

Yangilanayotgan O'zbekiston uchun mamlakatimizda noshirlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab bergan yangi qaror ayniqsa beqiyos ahamiyatga ega. Chunki bugun kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga e'tibor kuchaygani munosabati bilan kitobxonlar uchun sifatli va badiiy jihatdan pishiq, tafakkurni boyitadigan va aqlni peshlaydigan kitoblarni nashr etish talabi kun tartibiga chiqdi.

Soha mutaxassislarining e'tirof etishicha, Prezident qarorining izchil ijrosi mamlakatimizda noshirlik, kitobxonlik va kitob savdosining rivojlanishiga ulkan ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Bu endilikda O'zbekistonda ham noshirlik jahondagi ilg'or mamlakatlarda sinalgan zamonaviy usullar asosida rivojlanayotganining o'ziga xos tasdig'idir.

Ayniqsa, noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, faoliyatni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tizimi yo'lga qo'yilgani diqqatni tortadi. Bunday yangi tizim shu vaqtga qadar tasavvur ham qilib bo'lmaydigan tom ma'nodagi erkinlik, deganidir.

Mavjud nashriyotlar o'z faoliyat yo'nalishlarini kengaytirishi osonlashdi. Darsliklar va o'quv-metodik majmualarni nashr etishda narxlar davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilingani e'tiborga loyiq. Kitob nashrini yengillashtirish, sifatli va yuqori saviyali nashrlarni rag'batlantirish esa yaqin kelajakda o'z mevalarini berishi shubhasiz.

Endi bu yilgi Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni bayrami Sovid-19 pandemiyasi dunyo bo'ylab keng tarqalayotgan qaltis davrga to'g'ri kelgani haqida muxtasar to'xtalamiz. Binobarin, bugungi kunda koronavirus nafaqat yurtimizni, balki butun dunyoni tashvishu xavotirga solayotganini barchamiz ko'rib turibmiz.

O'zbekiston Prezidentining qat'iy pozitsiyasi, xalqparvar siyosati, qabul qilayotgan oqilona farmon va qarorlari pandemiyani jilovlash va uning salbiy ta'sirini yumshatishga kuchli zamin yaratmoqda. Yoshlarning ta'limdan uzilib qolmasliklari, farzandlarimizning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan barcha chora-tadbirlar ko'rilayapti.

Karantin davrida ko'chaga chiqmasdan uyda qolish, bo'sh o'tirmaslik, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishda davom etish, ilmiy va badiiy asarlarni mutolaa qilish yoshlarning asosiy kundalik ishi bo'lishi kerak. Nega deganda, bu damlar mutolaa uchun qulay fursatdir. Kitob mutolaasi vaqtida barcha qiyinchiliklarni unutadi kishi. Eng asosiysi, kitob kishiga ma'naviyat, ziyo ulashadi.

Bugun koronavirus xuruji bois insoniyat Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng og'ir kulfatga duchor bo'lib turibdi. Olimlar, mutaxassislar, ayniqsa, shifokorlar odamlar hayotini saqlab qolish uchun ko'rinmas yov bilan tengsiz jangga kirishgan.

Bu kurashda g'olib chiqishimiz har birimizga bevosita bog'liq. Shunday ekan, yuzaga kelgan bugungi murakkab vaziyatni to'g'ri his etib, davlatimiz rahbarining xalqimizga murojaatlarida aytilgan talablarga so'zsiz rioya qilishimiz, belgilangan vaqtinchalik qoidalarni buzmasligimiz, o'zimizni, oila a'zolarimizni, nuroniy otaxon-onaxonlarni, aziz farzandlarimizni virus xurujidan saqlab qolishimiz zarur.

Buning uchun, shubhasiz, maqsadsiz ko'chaga chiqmasligimiz, ayni chog'da, uydagi vaqtimizni behuda o'tkazmasligimiz kerak. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy hayotida yuz berayotgan o'zgarishlarni kuzatib borish bilan bir qatorda, oila a'zolari bilan muloqot qilish, farzandlar tarbiyasi bilan shug'ullanish, nabiralarga ertak kitoblar o'qib berish, jahon va o'zbek adabiyotining sara asarlarini mutolaa qilish ham ijtimoiy faollikka kiradi.

Kitob o'qishda hikmat ko'p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo'lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo'lmaydi. Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o'rgatadi. Kitob o'qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

Kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo'lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko'lami yanada ortgan. Chunki “Sovid-19” deb nom olgan tojdorvirus qisqa muddat ichida XXI asrda yashayotgan, texnika-texnologiya yuksak taraqqiy topgan insoniyat jamiyatini shoshirib qo'ydi. Ma'rifat, jumladan, kitob mutolaasi esa kishini fikrlar, o'y-tashvishlar jangida g'olib chiqishga chorlaydi.

Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko'pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o'qishga vaqt topgan inson yutadi. Ishonchimiz komilki, bu sinovli kunlarni yengib o'tamiz. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o'qishga da'vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

Qiziq holat: kuni kecha Buyuk Britaniyada koronavirus tufayli kitobsevarlar soni ko'payib ketgani haqidagi xabarni o'qib qoldim. Mamlakatda qog'oz kitoblar, asosan salmoqli mumtoz va zamonaviy romanlar savdosi 35 foizga oshdi, deb yozibdi The Guardian nashri. Mazkur nashr sharhlovchilari ushbu holatni odamlarda bo'sh vaqt ko'paygani bilan izohlamoqda.

Britaniyaning Waterstones savdo tarmog'i 22 mart kuni xodimlarining xaridorlar keskin ko'payishi sababli koronavirusga chalinish xavfi oshishi bo'yicha shikoyatidan keyin kitob do'konlarini yopishga majbur bo'lgan. Shuningdek, mazkur savdo tarmog'i mutasaddilari bir hafta ichida onlayn savdo to'rt barobar ortganini ma'lum qildi.

Hozirgi kunda insoniyat shu qadar ijtimoiylashdiki, biz jamiyatsiz hayotni tasavvur eta olmay qoldik. Yaxshi hamki, karantin paytida bir-birimizdan xabar olib turish uchun turli aloqa vositalari mavjud. Dunyo bilan bog'lanishga esa internet, ommaviy axborot vositalari bor. 

O'zbekistonda ham karantin davrida uyda bo'sh o'tirmaslik, xossatan, ilmiy va badiiy asarlarni mutolaa qilish aholi, ayniqsa, yoshlarning asosiy kundalik ishi bo'lib qoldi. Bunda yurtdoshlarimizga nafaqat hukumat, balki kutubxonalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari o'zlarining ko'plab ma'rifiy tashabbuslari orqali yaqindan yordam bermoqda.

Mamlakatimizdagi aksariyat axborot-kutubxona markazlari ilmiy-ma'rifiy va badiiy adabiyotlarning elektron shakllarini, o'zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti hamda jaxon adabiyoti namunalarining audio va video variantini yaratib, muntazam ravishda internet manbalariga joylashtirmoqda. Bu, o'z navbatida, hamyurtlarimizning kitob o'qishi va mutolaa madaniyatini oshirishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

Yurtimizning bir qator internet portallari, ommaviy axborot vositalari turli yangicha tashabbuslarni ilgari surmoqda. Masalan, O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA saytida “Tafakkurni o'zgartirgan asar” rukni tashkil qilingan. Taniqli olimlar va adiblar ishtirok etadigan ushbu ruknda jahonga mashhur badiiy, ilmiy-ommabop, psixologik, tarixiy va falsafiy asarlarning tahlili berib borilmoqda.

O'zA, shuningdek, #Men_kitob_mutolaasi_bilan_bandman #chellenj loyihasi orqali sinovli kunlarda yurtdoshlarimizning oilaviy kitob mutolaasi bilan mashg'ul bo'lishiga munosib hissa qo'shmoqda. Zero, mutolaa qalbni tarbiyalaydi, ko'ngillarni xotirjamlikka chorlaydi.

O'z navbatida, “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati uyda qolayotgan kitobxonlar – oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari talabalari, yosh pedagog va murabbiylar o'rtasida “Pandemiyani ilm va intizom bilan yengamiz” shiori ostida maxsus tanlov e'lon qildi.

O'zbekiston Milliy universiteti Tarix fakul`teti o'qituvchisi, dotsent Akbar Zamonov tashabbusi bilan esa o'quvchi-yoshlar, talabalar, shuningdek, Vatanimiz tarixining barcha ixlosmandlari uchun Amir Temur tavalludining 684 yilligi munosabati bilan intellektual onlayn haftalik tashkil etildi.

Bu kabi ibratli misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Bunday ma'rifiy tashabbuslar nafaqat poytaxtimizda, balki joylarda ham keng quloch yoygani juda ahamiyatlidir.

Masalan, Farg'ona viloyatida bugungi karantin davrida o'quvchi-yoshlar va ota-onalarining bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish, kitobxonlikka qiziqishini kuchaytirish, ona tiliga mehrini oshirish maqsadida 10 apreldan — 10 mayga qadar “Kitobxonlik oyligi” e'lon qilingan. Oylik doirasida “Ona tili — millat g'ururi” mavzusida insholar tanlovi hamda “Yosh kitobxon”, “Kitobxon ota”, “Kitobxon ona”, “Mumtoz g'azallar bilimdoni” ko'rik-tanlovlari tashkil etilmoqda.

Eng muhimi, kitobxonlikka bag'ishlangan turli onlayn tanlov va viktorinalarda milliy adabiyot va jahon adabiyoti xazinasining durdona asarlari yuzasidan e'lon qilinayotgan savollarga ota-onalar hamda farzandlar o'z javoblarini faol ravishda yubormoqdalar. Bundan bilish mumkinki, yurtimiz xonadonlarida oilaviy kitobxonlik an'anasi shakllangan.

Yanada e'tiborlisi, bunday ma'rifiy bahslarda nafaqat o'sha hudud aholisi, balki yurtimizning barcha viloyatlaridan fuqarolar keng ishtirok etmoqda. Bu, bir tomondan, karantin davrida elektron kitobxonlikning qulayligi va afzalligini ko'rsatsa, ikkinchi tomondan, xalqimizning internetdan foydalanish borasidagi savodxonligi ortganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ayni chog'da, ijodkorlik bilan shug'ullanish, yangi asarlar yaratish ham ijtimoiy faollik mezoni ekanini qayd etgan holda, karantin davrida yurtimiz ijod ahlini avvalo karantin qoidalariga qat'iy rioya etib, uyda bo'sh vaqtlarini o'qib-izlanish bilan bir qatorda yangi kitoblar yozish, sara asarlar ijod qilish uchun bag'ishlashga chorlab qolamiz.

Zero, tarixda bu borada ko'plab misollar bor: Jovanni Bokkacho o'zining mashhur "Dekameron" asarini vabo tarqalgan davrga bag'ishlagan bo'lsa, Isaak N`yuton ommaviy epidemiya sababli berilgan ta'tilda eng buyuk nazariyalarini yaratgan. Aleksandr Pushkin esa o'zining eng mashhur asarlarini karantinda uyida o'tirib yozgan.

Xulosa qilib aytganda, kitob bizga hayotni o'rgatadi, har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma'rifatidan bahramand etadi. Ulug' alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro ta'kidlaganidek: “Kitob — sahroda do'st, hayot yo'llarida tayanch, yolg'izlik damlarida yo'ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg'uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

G'ulom Mirzo,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech