“Ko‘ngilli yurist” tashabbusi odamlarga beg‘araz huquqiy yordam berishga qaratilgan

Har kuni yuzlab odamlar turli sinovlarga duch keladi. Huquqiy bilim yetishmasligi tufayli kimdir merosdan mahrum bo‘ladi, boshqasi ishdan nohaq bo‘shatiladi. Yana biri uy-joyidan ayriladi. Shu paytda ularning yonida bir inson paydo bo‘ladi – bu yurist. Ammo, u  oddiy emas, ko‘ngilli yurist. U “Pro bono” asosida ishlaydi.

“Madad” nodavlat notijorat tashkiloti mas’ul xodimi Furqat Tojiyev shu haqda ma’lumot berdi: 

– “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan yaratilgan “Ko‘ngilli yurist” tashabbusi – haqiqiy huquqiy jamiyat xizmati namunasi. Bu shunchaki bepul maslahat emas, balki odamlarning taqdiriga befarq bo‘lmagan yuristning kasbiy burchini sidqidildan ado etishidir.

Advice.uz saytida ochilgan alohida bo‘lim orqali o‘z bilim va malakasini fuqarolar manfaati uchun bag‘ishlamoqchi bo‘lgan yuristlar to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.

Bu yerda faqat maslahat berish bilan cheklanilmaydi. Bu yuristlar “Madad” NNT tomonidan tashkil etiladigan huquqiy treninglar, profilaktik suhbatlarda ishtirok etadi. Maqolalar tayyorlash va jamoatchilik bilan bevosita muloqot qilish kabi keng qamrovli ishlarni amalga oshiradi.

“Pro bono” faoliyati – barcha yuristlar uchun foydali. Birinchidan, u  yurist sifatida tanilib,aholi o‘rtasida obro‘si oshadi. Ikkinchidan, kasbiy jihatdan rivojlanish uchun yangi sohalarni o‘rganish imkoni tug‘iladi. Uchinchidan esa, odamlarga yordam berish orqali unda ichki qoniqish, ma’naviy barkamollik hissi paydo bo‘ladi.

Dunyoda “pro bono” faoliyati odatiy hol. AQSHda ko‘plab yuridik kompaniyalar xodimlaridan yiliga ma’lum soatda bepul maslahat berishni talab qiladi. Buyuk Britaniyada esa, “pro bono” faoliyati yuristning litsenziyasi va nufuziga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu – faqat himoya qilish emas, balki jamiyatda adolatni tiklashga hissa qo‘shish.

Zotan, har bir yuristning qalbida adolat uchun kurashish, adolatsizlikka uchragan insonning yonida turish kabi ezgu tuyg‘u yashaydi. “Ko‘ngilli yuristlar” tizimi buni fazilat sifatida yuzaga chiqaradi. 

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech