Ko‘rishlar soni va reyting uchun bolalarni “eksponat”ga aylantirish kerak emas

Mulohaza

Bugungi kunda axborot makoni bolalar uchun yaratilgan kontentlar bilan to‘lib-toshgan. Televizor ko‘rsatuvlari, ijtimoiy tarmoqlar, YouTube kanallari va boshqa platformalarda bolalar ishtirokidagi ko‘ngilochar dasturlar ko‘paymoqda. Ammo mazkur kontentning sifati, unda amal qilinayotgan jurnalistik asoslar va eng muhimi – bolalar psixologiyasiga hurmat masalalari haqidagi muhokamalar hanuzgacha yetarlicha jiddiy olib borilmayapti. Bu esa bolalar jurnalistikasi sohasida chuqur muammolar borligi va tanqidiy tahlilni talab qilmoqda.

Bolalar jurnalistikasi – alohida talablar va qadriyatlarga ega yo‘nalish. U bolaga mos savollar, himoyalangan kommunikatsiya, mavzularni ehtiyotkorlik bilan yoritishni taqozo etadi. Ammo amalda ko‘pchilik media loyihalarda bu talablar buzilmoqda. Ayrim jurnalistlar bolani kattalar bilan tenglashtirib, ayniqsa oilaviy sirlarni oshkor etuvchi savollar berishmoqda. Bu holat esa bola psixikasining shikastlanishi, oilaviy nizolar kelib chiqishi va bola kelajagi uchun ham kamsitishga o‘xshash muammolar keltirib chiqarmoqda. 

Hozirgi kunda bolalarga atalgan ko‘p media loyihalarda ko‘rishlar soni va reyting uchun jurnalist etikasiga mos kelmaydigan savollar ham uchrab turadi. Bunda go‘yo qiziqqon qo‘shni kabi bolaning uyida nima vaziyat ekanini bilishga urinadigan jurnalistlar ham yo‘q emas. Ushbu “jilovsiz” savollar shaxsiy hayotning ma’lum qismini ochib berishi bilan tomoshabin uchun qiziq. Ammo bu psixologik va kasbiy ehtiyotsizlikdan boshqa narsa emas. To‘g‘ri, ba’zi hollarda bu kabi savollar orqali bolaning beg‘uborligi va savollarga bolalarcha javob berishi bilan qandaydir tabiiy muhit saqlab qolish mumkin.  Bola berilgan savolni bor-bo‘yicha qabul qiladi va unga hech qanday yolg‘onlarsiz javob beradi. Shunday ekan, avvalo jurnalist o‘z yosh va aqliy jihatidan kelib chiqib emas, bolaning ruhiyatiga mos holda savol tanlashi maqsadga muvofiq. Ko‘rishlar soni va reyting uchun bolalarni “eksponat”ga aylantirish kerak emas.

O‘zbekistondagi “G‘uncha”, “Gulxan” kabi jurnallar bolalar jurnalistikasining yorqin namunalari sifatida ko‘zga tashlanadi. Ular bolaning psixologik rivojlanishini hisobga olib, mazmun va shakl jihatidan puxta ishlangan. Afsuski, bugungi kunda bunday sifatli va intellektual mahsulotlar soni ko‘p emas. Aksariyat media sifat o‘rniga tezlik va ommaboplikni afzal ko‘rmoqda. Aslida, bolalar jurnalistikasi alohida katta mavzu. Unda e’lon qilinadigan har bir material jiddiy yondashuv talab etadi. Bolalarga bag‘ishlangan loyihalarda sohadan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan jurnalistlarning faoliyat yuritishi orqali faqatgina mashhurlikka emas, ma’noga ham ishlagan bo‘lar edik. Maxsus etik qoidalarni ishlab chiqish va nazorat qilish orqali davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan chiqarilayotgan har bir mediamahsulotni nazoratga olish lozim.

Bugungi bolalar jurnalistikasi sohasida yuzaga kelgan holatlar media va jamiyat oldidagi jiddiy sinov. Bolalar – jamiyatning eng nozik va muhim qismi, ularga nisbatan mas’uliyat yuqori. Agar jurnalistika bu vazifani unutib, ko‘rishlar soni va daromad uchun bolalarni shaxsiy hayotini oshkor qilsa, kelajakda bu yosh avlod ruhiy muammolar, ishonchsizlik va madaniy zaifliklarga duch kelishi mumkin. Media olamida sifat va mas’uliyat g‘oyasi ustun bo‘lmasa, bolalar jurnalistikasi faqat nomida saqlanib qoladi, amalda esa o‘sha nomga loyiq bo‘lmagan maydonga aylanadi. Shu sababli, bugungi kun talablariga mos holda jurnalistlar, ota-onalar, ta’lim muassasalari va davlat organlari birgalikda ishlashi zarur.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA

Powered by GSpeech