Korrupsiya – jamoatchilik fikri ko‘zgusida

“Ijtimoiy fikr” Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida «Korrupsiya – jamoatchilik fikri ko‘zgusida» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

“O‘zbekistonda jamoatchilik fikrini o‘rganish va shakllantirishning dolzarb muammolari: usullar, nazariya va amaliyot” ilmiy-amaliy seminari doirasida o‘tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, deputatlar, olimlar ishtirok etdi.  

Davra suhbati O‘zbekiston aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga asoslangan holda, korrupsiya haqidagi keng jamoatchilik fikrini tahlil qilish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda  korrupsiyaga qarshi samarali siyosat yuritishda sotsiologik tahlillarning o‘rnini belgilashga qaratildi.  

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori N.Rahimova sotsiologik tadqiqotlarning fuqarolik pozitsiyasi va davlat siyosatini uyg‘unlashtirishdagi roli, sog‘lom jamiyatni qurishda jamoatchilik fikrining institutsional o‘rni haqida fikr bildirdi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi Gulruh Agzamova, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Kamoliddin Ishanxo‘jayev hamda  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi F.Otaxonov korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, shaffoflikni ta’minlash va fuqarolar ishtirokini faollashtirishga doir mexanizmlar haqida ma’lumot berdi.

“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi vakillari tomonidan tayyorlangan uchta muhim ma’ruza taqdim etildi.

Fuqarolarning O‘zbekistonda korrupsiya haqidagi umumiy qarashlari, ularning davlat tizimiga ishonchi va shaxsiy hayotidagi tajribalari tahlil qilindi. Ushbu ma’ruza jamoatchilik ongida korrupsiyaning qanday qabul qilinishi, uning sabablari va oqibatlariga nisbatan munosabatni ochib berdi.

Mamlakat sog‘liqni saqlash muassasalaridagi korrupsiya holatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzada tibbiy muassasalarda yashirin to‘lovlar, xizmat ko‘rsatishdagi adolatsizlik va aholining huquqiy ongi darajasi chuqur tahlil qilindi.  

Tug‘uruqxonalardagi korrupsiya holatlari, onalar va bolalar huquqlarining buzilishi hamda fuqarolarning bu haqdagi fikrlari haqida fikr yuritildi.  

Mazkur tadbir, ta’bir joiz bo‘lsa, korrupsiya muammosini jamiyat ko‘zgusida ko‘rish imkonini berdi. Jamoatchilik fikrining tahlili orqali davlat organlari faoliyatini baholash, huquqiy islohotlarni asoslash va samarali  javobgarlik tizimini shakllantirish mumkin. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli, fuqarolarning axborotga bo‘lgan erkin kirishi va faol fuqarolik pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Seminar yakunida umumlashtirilgan xulosalar va amaliy tavsiyalar shakllantirildi, ular asosida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.  

“Korrupsiya – jamoatchilik fikri ko‘zgusida” mavzusidagi mazkur ilmiy-amaliy majlis korrupsiyaga qarshi milliy siyosatda jamoat nazorati, fuqarolik faolligi va ilmiy yondashuvlar uyg‘unligining samarali namunasi bo‘lib xizmat qiladi.  

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech