O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi PQ–46-sonli “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.
Milliy ta’lim dasturining asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi milliy va xalqaro standartlar to‘g‘risida xabardorligini, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir.
Shu munosabat bilan, yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 22-bandi ijrosi bo‘yicha “Madad” NNT tomonidan 2023 yil 24 fevral kuni “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarining faolligini oshirishda huquqiy jihatdan ko‘maklashish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi PQ-46-sonli qarorida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosi, shuningdek, inson huquqlari ta’limi sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda huquqiy targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Muassasaning tuman (shahar) huquqiy maslahat byurolari va joylardagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
“Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti
- Qo'shildi: 27.02.2023
- Ko'rishlar: 4105
- Chop etish