“Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanlovi o‘kazilmoqda

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzaev ma’lum qildi:

Jeneva shahrida o‘z ishini boshlagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan Yuqori darajadagi segment ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Bu – 20-28 fevral kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari haftaligi” bo‘yicha Dasturdagi tadbirlardan biridir. Ayni tashrif yakunlari bo‘yicha tez orada batafsil axborot beramiz.

Haftalik davomida mamlakatimizning turli hududlarida davra suhbatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, o‘quv kurslari, kitoblar taqdimoti kabi barcha tadbirlar Dasturda belgilangan vaqtda va to‘liq o‘tkazildi.

“Inson huquqlari haftaligi” Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ayni mavzuda tashkil etilgan davra suhbati bilan boshlandi. Toshkentda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda Parlament va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni”ga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati hamda «O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni targ‘ib qilish» mavzusida, Samarqandda esa “Inson huquqlari va erkinliklarining ishonchli himoyasi borasida o‘zaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiyalar  bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “Ichki ishlar boshqarmasi rahbari va yoshlar”, “Davlat xavfsizlik xizmati rahbari va yoshlar” kabi uchrashuvlar tashkil etildi.

Yurtimiz sud tizimi namoyandalari alohida faollik ko‘rsatgan bunday uchrashuvlarda jami 8 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalari haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi tashkil etildi.  Unda 4 mingga yaqin yoshlar qatnashdi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikda “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi o‘tkazildi.

Ta’lim muassasalarining “Inson huquqlari haftaligi” doirasida amalga oshirgan chora-tadbirlari borasida Jamoat xavfsizligi universiteti, ayniqsa, peshqadamlik qildi. Mazkur universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan birgina Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi mahallalarda 62 ta uchrashuv tashkil etildi.

Bu sohada Davlat va huquq instituti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi va Malaka oshirish instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti ham faollik ko‘rsatdi.

Fuqarolik jamiyati institutlari bu jarayondan chetda turgani yo‘q. Xususan, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Madad”, Barqaror rivojlanish markazi faollari ishtirokida ko‘plab ma’rifiy anjumanlar o‘tkazildi.

Haftalik yil bo‘yi davom etadigan bir qancha tadbirlarning boshlanishiga ham turtki berdi. Xususan, Milliy markaz tomonidan:

Birinchidan, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” Respublika tanlovi e’lon qilindi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 31 yilligiga bag‘ishlangan ushbu tanlovning dastlabki bosqichi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yakunlansa, ikkinchi bosqich g‘oliblari esa 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni aniq bo‘ladi.

Ikkinchidan, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi.

Bu o‘quv kursi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida yil davomida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning jami soni 14 tani tashkil etadi va o‘quv kurslarida 700 nafar tinglovchi tahsil olishi ta’minlanadi.

Uchinchidan, hududlardagi axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi adabiyotlarni taqdim etish ishlari boshlab yuborildi. Hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazi, Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Zohidon qishlog‘idagi 3-o‘rta ta’lim maktabi hamda qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga – jami 1 ming 200 ta kitob taqdim etildi.

AOKA

MTRK Rasmiy kanali

 

Powered by GSpeech