8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Butun dunyoda keng nishonlanadigan ushbu bahor va nafosat bayrami arafasida, 6 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tenglik borasidagi eng yirik anjumani – BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasining 67-sessiyasi boshlandi. Bu galgi yillik forum: “Raqamli texnologiya davrida innovatsiyalar, texnologiyalar va ta’lim – barcha ayollar va qizlarning gender tengligiga erishishga hamda huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kerak”, degan shior ostida o‘tmoqda.
Raqamlashgan zamon butun dunyoda xotin-qizlarning hayotini tubdan yaxshilash uchun yangi va misli ko‘rilmagan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Raqamli texnologiyalar hayotning barcha sohalarini, jumladan, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimlarni jadallik bilan o‘zgartirmoqda hamda ko‘p vaqtdan buyon bir chekkaga chiqib qolgan ayollar va qizlar o‘zlarini o‘nglab olishlari uchun yangidan-yangi tayanch nuqtalarini yaratmoqda.
Shu bilan birga, bunday zamonaviy texnologiyalar rivojlangani sari xotin-qizlarning farovonligiga raxna soladigan kasofatli tahdidlar ko‘lami ortib borayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Virtual makon ayol zotini haqorat qilish uchun keng maydon ochib bergani holda, haqoratgo‘ylarning oshkor bo‘lmasdan va jazo olmasdan panada qolishlariga ham imkoniyat tug‘dirmoqda.
Ayni sohada hozirgacha global ko‘lamdagi aniq qonun-qoidalar va tartib-taomillar mavjud emas. Bu, o‘z navbatida, nozik aholi qatlami vakilalari huquqlarining poymol etilishiga va shaxsiy hayoti daxlsizligi buzilishiga sabab bo‘lmoqda.
Ma’lumki, BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga asos solinganidan so‘ng oradan ikki yil o‘tib, 1947 yilda tashkil etilgan. O‘shanda turli mamlakatlar hukumatlari 15 nafar namoyandasidan iborat xotin-qizlar guruhi gender tenglikning halqaro-huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida Nyu-Yorkda to‘plangan. Ular dunyo hamjamiyatining xotin-qizlar muammolaridan xabardorligini oshirish va bu boradagi kamsitishlarga yo‘l qo‘yadigan qonunchilikni o‘zgartirishga astoydil kirishganlar.
Shu tariqa Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiya BMT Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ishlab chiqilishiga munosib hissa qo‘shgan va genderga oid iboralardan imkon qadar keng foydalanishga erishish yo‘lida izchil muzokaralar olib borgan. Komissiyaning bu boradagi faoliyatining dastlabki muhim natijalari qatorida xotin-qizlarning siyosiy huquqlari, nikohdagi ayollarning huquqlari va teng hajmdagi mehnat uchun teng miqdordagi to‘lov huquqi to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyalar ishlab chiqilganini qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Komissiya xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy, fuqaroviy, ijtimoiy sohalar va ta’lim sohasidagi huquqlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida Iqtisodiy va ijtimoiy kengashga tavsiyalar hamda ma’ruzalar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u erkaklar bilan xotin-qizlarning teng huquqliligi tamoyilini amalga oshirish maqsadida xotin-qizlar huquqlari sohasidagi eng muhim muammolar bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish yuzasidan tavsiya va takliflar ham tayyorlaydi.
Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiya keyingi o‘n yilliklarda yanada faollashib, Xotin-qizlar ahvoliga bag‘ishlangan to‘rtta Butunjahon konferensiyasini o‘tkazdi. Komissiya tomonidan tuzilgan va ayollar huquqlarining turli sohalari bilan shug‘ullanadigan BMTning bir nechta bo‘limlari 2011 yilda «BMT – ayollar» nomli yagona tuzilmaga birlashdi.
«BMT – ayollar» – BMTning gender tengligi va xotin-qizlarning huquqlari hamda iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish borasida faoliyat olib boruvchi maxsus tuzilmasidir. U butun jahonda ayollar va qizlarning muhtojliklari-yu ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan.
Mazkur tuzilma BMTning a’zo-davlatlariga, ularning gender tengligiga jahon standartlari darajasida erishishiga yordam berami. Xotin-qizlar huquqlariga oid qonunlarni, siyosat strategiyalarini, dasturlarni ishlab chiqishda mamlakatlarning hukumatlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda ishlaydi.
Bugungi kunda BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasi global ko‘lamdagi gender tenglikni mustahkamlash, chuqurlashtirish va kengaytirish borasida yetakchi o‘rinda turadi. Komissiya tashkil topganidan buyon o‘tgan davrda gender tenglik huquqini xalqaro qonunchilikka uyg‘unlashtirish borasida beqiyos yutuqlarni qo‘lga kiritgani e’tirof etiladi.
Shunga qaramay, butun dunyoda ayollar va qizlar haligacha ro‘zg‘or va mehnatdagi tengsizlikning og‘ir yuki ostida yashab kelmoqda. Xotin-qizlar har qadamda gender tenglikka zid eskilik sarqitlari va doimiy kamsitishlarga duchor etilmoqdalarki, buning oqibatida taraqqiyotdan ortda qolmoqdalar, odil sudlov imkoniyatidan foydalana olmayaptilar va ularning asosiy huquqlari muntazam poymol etilmoqda.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, jahon qonunlarining bu boradagi kamchiliklarini bartaraf etish va kamsitishlarga yo‘l qo‘yadigan qonunlarni bekor qilish uchun – taxminan 286 yil vaqt kerak. O‘z navbatida, xotin-qizlar davlat hokimiyati organlari va rahbarlik lavozimlaridan erkaklar bilan teng darajada joy egallashlari uchun – 140 yil hamda milliy parlamentlarga teng miqdorda saylanishlari uchun – kamida 40 yil muddat talab etiladi.
Hozirgi vaqtda sayyoramizda qariyb 383 million nafar ayollar va qizlar o‘ta qashshoq ahvolda kun kechirmoqda. Har 11 daqiqada bitta ayol yo qiz o‘z oilasida qotillik qurboniga aylanmoqda.
Yana bir achinarli raqam: pandemiya oqibati tufayli 2020 yilda xotin-qizlar 800 milliard dollar miqdoridagi daromadlarini boy bergan. Bu ham yetmagandek, ularning mehnat bozoridagi ishtiroki pasaygandan-pasayib bormoqda. COVID-19 pandemiyasi va boshqa shu kabi global miqyosdagi inqirozlar asnosida onlayn-makon imkoniyatlaridan foydalanish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, 17 martgacha davom etadigan BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasi 67-sessiyasi tashkilotchilari da’vat etganlaridek, “Keljakka olg‘a intilar ekanmiz, xotin-qizlarimizni o‘tmishda qoldirib ketmaslikka ishonchimiz komil bo‘lmog‘i kerak. Ushbu uchrashuv raqamli istiqbolimiz porloq bo‘lishini ta’minlash uchun noyob imkoniyatdir”.
Shuning uchun ham, ayni vaqtda butun dunyo mamlakatlari hukumatlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlarining vakillari, ekspertlar va faollar bir yoqadan bosh chiqarib ishlash maqsadida Nyu-Yorkda jam bo‘lganlar. Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiya sessiyasining ikki haftalik faoliyati davomida ular barcha ayollar va qizlarning huquqlari va imkoniyatlari yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish hamda xotin-qizlarning yangi texnologiyalardan foydalanish borasidagi ulkan salohiyatini izchil rivojlantirish istiqbollarini ta’minlashga doir muhim qarorlarini ishlab chiqadilar.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu sessiyada so‘zga chiqar ekan, xotin-qizlar huquqlari xavf ostida ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, xalqaro hamjamiyat bu borada necha o‘n yilliklar davomida erishgan natijalar “ko‘z o‘ngimizda g‘oyib bo‘lmoqda”.
Yer yuzida onalar o‘limi ko‘paymoqda. Har ikki daqiqada bitta homilador yoki ko‘zi yoriyotgan ayol olamdan o‘tmoqda. Vaholanki, bunday bemahal o‘limlardan aksariyatining oldini olish mumkin, dedi BMT Bosh kotibi.
A.Guterrish COVID-19 pandemiyasi oqibatida aziyat chekkan millionlab ayollar va qizlarning achchiq taqdiri haqida ham to‘xtaldi. Qanchadan-qancha onalar maosh olib turgan ish joylarini boy bergan bo‘lsa, balog‘at yoshiga yetmagan ko‘plab qizlar vaqtli turmush qurishga majbur bo‘lgan.
Bosh kotib Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiya joriy sessiyasining mavzusi – raqamli texnologiyalar va inson huquqlari xususida ham atroflicha so‘z yuritdi. Uning e’tirof etishicha, insoniyatning teng yarmini tashkil etuvchi ayol zotining ijodiy g‘oyalarisiz ilm-fan va texnologiyalar sohasi o‘z salohiyatining faqat yarminigina ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘ladi, xolos.
A.Guterrish qayd etganidek, uch milliard kishi haligacha Internetga ulanmagan va ularning aksariyati rivojlanayotgan mamlakatlardagi ayollar va qizlardir. Zero, keyingi yuz yilliklarning patriarxat yondashuv, kamsitishlar va eskicha qarashlar bosimi ostida o‘tgani fan va texnika sohasida ulkan gender jarlik paydo qildi.
BMT Bosh kotibi ta’biri bilan aytganda, bugungi dunyomizning “Silikon vodiysi” xotin-qizlar huquqlarining “Ajal voiysi”ga aylanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xotin-qizlarning texnologiya va innovatsiyalar sohasiga to‘la jalb etilishiga ko‘maklashishdan hamma birdek manfaat topishini unutmasligimiz zarur.
Agar ayol tibbiy xizmatlardan onlayn foydalanish imkoniga ega bo‘lsa, bundan uning oilasiga ham, jamiyatga ham manfaat yetadi. Modomiki, ayollar onlayn-banking va zaxiralardan foydalangan holda o‘z biznesini ochar ekan, bu bilan jamiyatga ham, iqtisodiyotga ham foyda keltiradi.
A.Guterrish nutqi yakunida ilm-fan va texnologiyalar sohasida xotin-qizlar ishtirokining ahamiyatini yana bir bor ta’kidladi. Agar olimalar va ayol texnologlar global muammolar ustida bosh qotirishga kirishsa, o‘sha muammolarga yechim topish imkoniyatlari tubdan ortadi, deya qayd etdi Bosh kotib.
Shu o‘rinda mamlakatimizda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo‘yicha jadal islohotlar amalga oshirilayotganiga muxtasar to‘xtalish ayni muddaodir. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".
Keyingi yillarda O‘zbekistonda "Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi va "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar qabul qilindi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning hukumat va jamiyatdagi rolini oshirishga, ularning bandligini ta’minlashga, ayollar tadbirkorligini hamda ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi ishtirokini rivojlantirishga va muhtoj ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarning kelgusida ham qat’iy davom ettirilishini ta’kidlagani bejiz emas. Chunki bu davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi ta’minlanyapti.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarga oliy ta’lim muassasasida tahsil olishi uchun 4 foizli kvota ajratildi. Oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun foizsiz ta’lim kreditlari joriy qilindi, magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma to‘lovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi.
Ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim shartnomalarini mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi joriy qilindi. Yana bir muhim qadam: ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratildi.
Bunday xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘in – mahallagacha yetkazib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratilishi belgilandi.
Yangi O‘zbekiston sharoitida xotin-qizlarni ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi samarali faoliyatga keng jalb qilish, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun, bir tomondan, yurtimiz ayollari va qizlarining ilm-fandagi faolligini xalqaro miqyosda kuchaytirish, ikkinchi tomondan, ta’lim va ilm-fan sohalarida gender tenglikka erishish nihoyatda zarur.
Chunki aslida ham, ayol bilimli bo‘lsa, tarbiya qilgan farzandlari zukko, salohiyatli bo‘ladi. Yanada muhimi, ayol ilmli bo‘lsa, millat ilmli bo‘ladi.
Shonli tariximiz zarvaraqlarida To‘maris va Bibixonim, Gulbadanbegim va Zebunniso, Nodirabegim va Anbar otin kabi oqila momolarimizning muborak nomlari manguga muhrlangan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" tazkirasining "Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri" nomli faslida moziydan to o‘z davrigacha yashab o‘tgan yoki o‘ziga zamondosh bo‘lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitgan.
Alisher Navoiy bobomizning "Farhod va Shirin" dostonida ta’riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo‘y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo‘lgan zakiy momolarimizdir.
Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo‘lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadrlash hamda ulug‘lash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish biz uchun ham qarz, ham farz.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 07.03.2023
- Ko'rishlar: 4462
- Chop etish