Joriy yil 13 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi boshlanadi.
BMT Oliy komissari 15 martgacha davom etadigan tashrifi doirasida bir qator davlat organlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv va muloqotlarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘zaro fikr almashilishi kutilmoqda. Shuningdek, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi hamda Inson huquqlari sohasidagi Vena deklarasiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida so‘z yuritiladi.
Ma’lumot uchun: BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi BMT Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyusiyasiga asosan tashkil etilgan. Ushbu tuzilma BMTning inson huquqlari sohasidagi faoliyati uchun asosiy mas’ul va muvofiqlashtiruvchi bo‘linma hisoblanadi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining qarorgohi Jenevada joylashgan. Shuningdek, Oliy komissar Boshqarmasining 19 mamlakat va 12 ta mintaqada vakillari, 11 ta tinchlikparvar missiyasi hamda joylarda inson huquqlari bo‘yicha o‘nlab maslahatchilari faoliyat olib bormoqda
Folker Tyurk BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari lavozimiga 2022 yil 17 oktyabrda saylangan. Shu munosabat bilan BMTning mazkur Boshqarmasida taraqqiyotning yangi strategiyasi, ya’ni fuqarolik jamiyati bilan davlat o‘rtasidagi sheriklikni kuchaytirish maqsadi belgilab olingan. Bunday yangicha yondashuv asosidagi hamkorlik, o‘z navbatida, butun dunyoda inson huquqlarini yanada to‘la ta’min etishga yaqindan xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatimiz bilan BMTning ushbu Boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik amaliy ruhda va izchil rivojlanmoqda.
Bu hamkorlikning yangi va yaqqol misoli sifatida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusidagi Global forum BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilganini ta’kidlash lozim.
O‘shanda Global forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Bundan tashqari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining 2020 yildagi faoliyati hisobotida O‘zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlari ijobiy baholangan. Hisobotda mamlakatimiz demokratlashtirish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi bo‘yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish, shuningdek qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish sohalarida erishgan natijalari bilan xalqaro maydonda tez-tez e’tirof etilayotgan ilg‘or davlatlar safidan joy olgani ta’kidlangan.
O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko‘magida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo‘yicha o‘z oraliq ma’ruzasini tayyorlashga erishgan sanoqli davlatlardan biri ekani ham e’tirof etilgan.
O‘zbekiston hukumati BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari tomonidan va BMTning Maxsus tartib-taomillari doirasida berilgan tavsiyalarni ma’qullab, tegishli tizimlarni mustahkamlash uchun yo‘l-yo‘riq sifatida foydalanib kelmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.03.2023
- Ko'rishlar: 4856
- Chop etish