NYU-YORK, 3 aprelya. /IA “Dunyo”/. 2022 yil 5 – 6 dekabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan "Inson huquqlari sohasida taʼlim" Global forumining yakuniy hujjati BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hujjat Birlashgan Millatlar Tashkilotining olti rasmiy tiliga – arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillariga tarjima qilingani holda BMTga aʼzo barcha davlatlar, uning ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasida tarqatildi, A/77/800 raqami ostida tashkilot jurnali hamda uning rasmiy hujjatlar tizimiga joylashtirildi.
Hujjatda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan ilhomlanilgan holda “insoniyat oilasining hamma aʼzolariga xos qadr-qimmat va ularning teng, ajralmas huquqlarini tan olish erkinlik, adolat va yalpi tinchlik asosi ekanligi” hamda “har bir shaxs va jamiyatning har bir aʼzosi ushbu Deklaratsiyani doimo yodda tutgan holda taʼlim va tarbiya orqali ushbu huquq va erkinliklarning hurmat qilinishiga ko‘maklashishga tayanishi lozim”ligi qayd etilgan.
Siyosat, dastur va materiallarni ishlab chiqish nuqtai nazaridan, Vena shahrida bo‘lib o‘tgan Inson huquqlari bo‘yicha Butunjahon konferensiyasidan (1993) so‘ng inson huquqlari bo‘yicha taʼlim va kadrlar tayyorlashda erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, shuningdek, kelgusida amalga oshirish imkoniyatlari hamda mavjud muammolarni hisobga olgan holda barcha darajadagi institutlar va tarmoqlar qurilishi ijobiy baholangan.
Xususan, forum ishtirokchilari jumladan, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish va nafratni qo‘zg‘atish uchun inson huquqlari bo‘yicha taʼlim platformalaridan foydalanish orqali inson huquqlarini siyosiylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini tan olishlari hamda inson huquqlari bo‘yicha taʼlimning kelib chiqishi insonning o‘z huquqlari mohiyatida ekanligi hamda ular universal, bo‘linmas, ajralmas va bir-biri bilan o‘zaro bog‘langanligini tasdiqlashgani qayd etilgan.
Hujjatda inson huquqlari bo‘yicha taʼlim O‘zbekistonda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Buni Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning inson huquqlari sohasida taʼlim va Kadrlar tayyorlash to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakat dasturining qabul qilinishi, shuningdek, ushbu Milliy harakat dasturini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi 2021 yil dekabriga qadar to‘liq bajarilganligi yaqqol tasdiqlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha taʼlim va tarbiya umuminsoniylik, bo‘linmaslik va o‘zaro bog‘liqlik tamoyillariga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumbashariy hurmat va ularga rioya etilishini rag‘batlantirishning asosi ekanligini hamda odamlarning barcha ishlarda to‘liq ishtirokini taʼminlash uchun zarur ekanligini hisobga olib, ularning hayotiga taʼsir qiluvchi qarorlar qabul qilish jarayonlari - fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik, raqamli kamsitish va boshqa inson huquqlari buzilishi, shuningdek, zo‘ravonlik va mojarolarning oldini olishga tayanishiga eʼtibor qaratilgan.
“Umuman olganda, inson huquqlari sohasida taʼlim ushbu muammolarga inson huquqlari standartlariga mos keladigan va har bir inson teng darajada hurmat va qadr-qimmatga loyiq ekanligini tushunishga asoslangan javob va yechimlarni aniqlashga hissa qo‘shishi qayd etilgan”, deya taʼkidlanadi BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjatida.
- Qo'shildi: 03.04.2023
- Ko'rishlar: 3931
- Chop etish