6-aprel – Taraqqiyot va tinchlik yoʻlida xalqaro sport kuni

“Biz xalqaro sport maydonlarida Oʻzbekistonning nufuzi va obroʻ-eʼtiborini oshirishga katta hissa qoʻshgan sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Shu bilan birga, oliy sportda erishilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, ommaviy sportga ham katta eʼtibor berishimiz kerak”.

Shavkat Mirziyoyev

Yangi Oʻzbekiston hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun har jabhada ilgʻorlab bormoqda. Birgina sport sohasida erishilayotgan yutuqlarning oʻzi tahsinga loyiq.

Sport avvalo jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usulidir. Sport deganda, odatda, jismoniy mashqlarning turli majmualari boʻyicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va oʻtkazish tizimi koʻzda tutiladi.

Sportning maqsadi, bir tomondan, kishilarning sogʻligʻini mustahkamlash va umumiy jismoniy rivojlantirish boʻlsa, ikkinchi tomondan, sport musobaqalarida yuqori natija va gʻalabalarga erishishdir.

Shu maʼnoda, Yer yuzidagi dastlabki sport musobaqalari Yunonistonda miloddan avvalgi 1580-yilda boʻlib oʻtgani gʻoyat ahamiyatlidir. Oʻz navbatida, 1894-yilda Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tashkil qilinganidan keyin sport dunyo miqyosida jadal rivojlana boshladi. 1896-yildanoq zamonaviy Olimpiada oʻyinlarini oʻtkazishga kirishilgani ham bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Taraqqiyot jarayonida sportning mazmun-mohiyati tubdan kengayib, umummadaniy, siyosiy, estetik, iqtisodiy ahamiyat kasb etdi. Endilikda sport doʻstona xalqaro aloqalarni kengaytirishga, xalqlarning oʻzaro bir-birini tushunishi va doʻstligi rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Bunga yorqin misol: 2013-yilning 23-avgustda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasida bir ovozdan 6-aprel sanasini – “Taraqqiyot va tinchlik yoʻlida xalqaro sport kuni”) sifatida nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Oʻzbekistonda ham ushbu sana muntazam nishonlab kelinadi. Shu kuni joylarda turli darajadagi sport tadbirlari oʻtkaziladi. Zero, har qanday jismoniy mashgʻulotlarni bajarsak, nafaqat xalqaro sanani nishonlagan, balki oʻz salomatligimiz uchun qaygʻurgan ham boʻlamiz.

Sport nafaqat insonning jismoniy salomatligini mustahkamlashga yordam beradi, balki tirishqoqlik, sabr-toqat, yetakchilik fazilatlari, qatʼiyatlilik, muloqot qobiliyatlari va jamoa ruhini tarbiyalashga imkon beradi. Shu bois mamlakatimizda aholi va ayniqsa, yoshlarning jismoniy tarbiyasiga katta eʼtibor qaratish lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 1-aprel kuni yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha oʻtkazgan yigʻilishda shu haqda soʻz bordi. Mamlakatimizda sportni har tomonlama rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda yurtimizda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda. Soʻnggi uch yilda 118 ta sport majmuasi, mahallalarda 7 mingta sport maydonchasi foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda 3 ming 500 ta mini-futbol, 6 mingta basketbol, voleybol, 663 ta badminton maydonlari, mingdan ortiq fitnes zali mavjud. Har bir tuman va shahar markazlarida “Salomatlik yoʻlaklari” hamda velosiped yoʻllari tashkil etilgan.

Taraqqiyot strategiyamizda jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholi sonini keyingi besh yilda 33 foizga yetkazish maqsadi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar oʻgʻil-qizni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qoʻyildi. Mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari oʻtkaziladi.

Bu tadbirlarni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan har bir viloyatga 100 million soʻmgacha, gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Eng yaxshi natija koʻrsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.

Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki boʻyicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni izchil rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bunda Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari, xalqaro musobaqalar gʻoliblari bilan mahalla yoshlari oʻrtasida motivatsion uchrashuvlar oʻtkazish ayniqsa muhimdir.

Yosh sportchilarimiz prezidentimizning ishonchini oqlab, katta-katta gʻalabalarga erishib kelmoqda.

2023-yil mart oyida boʻlib oʻtgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi qizgʻin bellashuvlarda mustahkam iroda va mahorat namunasini koʻrsatib, Osiyo chempioni degan yuksak sharafli nomga sazovor boʻldi va Indoneziyada boʻlib oʻtadigan jahon chempionatida qatnashish huquqini ham qoʻlga kiritdilar.

Oʻzbekiston yoshlari xokkey boʻyicha oʻn sakkiz yosh toifasida barcha raqiblarni ortda qoldirib, Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdilar.

Mamlakatimiz sport tarixida ilk bor mana shunday katta zafar qozongan yosh xokkeychilarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Iqtidorli hujumchimiz Jasurbek Rustamxonov musobaqa davomida oʻn toʻrtta gol urib, chempionatning haqiqiy qahramoniga aylandi.

Shuningdek, yurtimiz yosh shaxmatchilarining yuksak intellektual salohiyati dunyo boʻylab tillarda doston boʻlmoqda.

Yaqinda Toshkentda xotin-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan xalqaro turnirda isteʼdodli shaxmatchi qizimiz Nilufar Yoqubboyeva 100 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar qatnashgan musobaqada faxrli ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Yangi Oʻzbekistonga albatta mana shunday gʻalabalar yarashadi.

Xulosa qilib aytganda, sport nafaqat sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladi, balki mamlakatning imijini yuksaltirishda ham muhim rol oʻynaydi. Qolaversa, Vatanimiz obroʻ-eʼtibori va millatimizning shaʼn-shavkatini xalqaro sport maydonlarda munosib himoya qilayotganlari uchun ham sportchilarimiz hamisha qadrlanadi va eʼzozlanadi.

Lazizbek Xoliqulov,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi 

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati bosh mutaxassisi

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI

Powered by GSpeech