Toshkentda «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

 TOSHKENT, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament quyi  palatasi maʼlumotiga ko‘ra, majlisda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya, moliya va huquq sohalaridagi, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi munosabatlarni yana-da faollashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi  Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov mehmonlarga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati, qo‘mitalar, komissiyalar va deputatlarning asosiy vazifalari, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi munosabatlarining so‘nggi yillarida ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi va keng qamrovli tus oldi. Tomonlar barcha darajalarda, shu jumladan, oliy darajada o‘zaro aloqalarni amalga oshirib kelmoqda. 2022 yilda O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi ikki tomonlama va mintaqalararo munosabatlarda yangi sahifa ochildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va YEI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KSHHB) ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 2019 yil fevraldan boshlab olib borilgan faol muzokaralar natijasida KSHHB loyihasi 2022 yil 6 iyulda parafirlanishi O‘zbekiston — YEI munosabatlarida muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur bitim ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olgani holda ushbu muhim hujjatning imzolanishi va kuchga kirishi O‘zbekiston — YEI aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘zlab berildi.

Qayd etilganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtiradi. Unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olindi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib, shuningdek, inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda.

Yangi Konstitutsiyada Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga yetkazilib, Senatning mutlaq vakolatlari soni esa 14 tadan 18 tagacha oshishi kutilmoqda.

Yevropa parlamenti aʼzolari Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, Asosiy qonunda inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshayotgani, ayniqsa, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilayotganini yuqori baholadi.

O‘z navbatida, so‘nggi olti yilda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan o‘zgargani, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon bo‘layotganini bildirdi.

Muloqot davomida, shuningdek, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik holati va istiqbollari borasida ham fikr almashildi.

Konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Powered by GSpeech