Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 50 yil ichida Pokistonning 1973 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasiga 23 marta o‘zgargan. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki har qanday davlatning asosiy qonuniga o‘zgaruvchan talablarga javoban, tuzatish kiritib boriladi. Pokiston bilan bir vaqtda mustaqillikka erishgan Hindiston konstitutsiyasini 105 marta o‘zgartirgan.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiyaviy islohot: O‘zbekiston va Pokiston tajribasi” mavzusidagi davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Barqaror rivojlanish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur muloqotdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Pokistonda konstitutsiyaviy rivojlanish, konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish tajribasini qiyosiy tahlil qilish, jumladan jamiyat va davlat hayotida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish kabi masalalar bo‘yicha tajriba almashishdan iborat edi.
Oflayn va onlayn shaklda o‘tgan uchrashuvda Pokiston parlamenti a’zolari, ekspertlari hamda O‘zbekiston NNT vakillari va huquqshunos olimlar ishtirok etdi.
– Anjumanda “Pokistonda konstitutsiyaviy islohotlar: asosiy tendensiyalar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzam bilan qatnashdim,– dedi Pokiston gazetalari bosh muharrirlari kengashi vitse-prezidenti Tohir Farrux. – Yurtingizga juda ko‘p kelganman. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jadal olib borilayotgan islohotlarni yuksak baholayman. Bu tashabbuslar yurtingiz obod, barqaror mamlakat sifatida taraqqiy etishida samara berishiga ishonamiz.
Milliy va xorijiy mutaxassislar aholining saylov madaniyatini yuksaltirish, konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishning ahamiyati xususida fikr almashdilar. Darhaqiqat, bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko‘ra, so‘z, axborot, e’tiqod, fikr va g‘oya erkinligi hamma fuqarolarga tegishli. Fuqarolarning bu boradagi konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartidir.
Davra suhbatida pokistonlik ekspertlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan normalar bilan tanishdi. O‘zgarishlarning aksariyati inson huquqi va erkinligini himoya qilish kafolatini kuchaytirish, ayni yo‘nalishdagi mexanizmni mustahkamlashga qaratilgani alohida urg‘ulandi.
Tadbir yakunida Yangi Konstitutsiya qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 13.04.2023
- Ko'rishlar: 4254
- Chop etish