Joriy yilning 20 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi ofisi direktori Pak Sundjin bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya davlatlari Prezidentlarining siyosiy irodasi va qat’iyati tufayli ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga chiqqani, jumladan parlamentlararo aloqalar mustahkamlanib borayotgani qayd etildi.
Mamlakatlarimiz parlamentlararo aloqani jadal rivojlantirayotgani, 1995 yil Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya – O‘zbekiston” parlament do‘stlik uyushmasi tashkil etilgani, 2005 yildan esa Oliy Majlisning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining tajribasini tatbiq etilishi bo‘yicha Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) “Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Elektron parlament tizimini takomillashtirish” loyihasining rejasi va uning yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida raqamlashtirishning bugungi holati va o‘zaro hamkorlik rejalari hamda malaka oshirish dasturlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruxda bo‘lib o‘tdi.
- Qo'shildi: 25.04.2023
- Ko'rishlar: 4087
- Chop etish