Internet tarmoqlarida 2023 yil 1 may kuni “Vahshiyona qiynoq: Konstitutsiyani oyog‘osti qilmang!” nomli material e’lon qilindi. O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati matbuot xizmatining ushbu axborotida, jumladan, “Toshturma”da saqlanayotgan 29 yashar ayblanuvchi Hasanboy Abdunabievga nisbatan qiynoq qo‘llangani haqida so‘z borgan.
Shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi 3-qismi bilan ayblanuvchi Abdunabiev Hasanboy Abduxalil o‘g‘lining himoyachisi – “YUNUSOBOD ADVOKATLARI” advokatlar hay’ati advokati U.Mirzaevning 2023 yil 20 apreldagi murojaati Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga joriy yil 1 may kuni kelib tushgan va tegishli tartibda ro‘yxatga olingan.
Milliy markaz tomonidan murojaat bo‘yicha shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga rasmiy xat kiritildi. Advokat U.Mirzaev taqdim qilgan hujjat va fotosuratlar ushbu xatga ilova qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi 1995 yil 31 avgustdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi ikkinchi qismida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi kafolatlangan.
Bu haqdagi qonuniy talablar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasi ikkinchi qismida jinoyat protsessining prinsiplari sifatida ko‘rsatilgan.
Keyingi yillarda ushbu turdagi jinoyatni sodir qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, 2018 yil 4 aprelda qabul qilingan qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 235-moddasi yangi tahrirda qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlariga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli asosda o‘qitilmoqda. Xususan, 2023 yilning o‘zida Toshkent, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ichki ishlar xamda prokuratura organlarining qariyb 200 nafar xodimi uchun qiynoqqa qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilindi.
Jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan muntazam ravishda monitoring tadbirlari o‘tkazib borilmoqda. Xususan, 2023 yil 10-13 aprel kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan shunday monitoring asnosida mazkur muassasalarda saqlanayotgan mahkumlar va ushlangan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan huquqlariga rioya etilishi, ularga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganishga e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh a’zolari muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan ularga nisbatan muassasa xodimlarining muomalasi, qiynoq, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalarda ommaviy hamda yakka tartibda suhbatlashdilar. Muloqotlar davomida qiynoq, tazyiq yoki boshqa turdagi zo‘ravonliklar sodir etilganligi bo‘yicha ma’lumot yoki murojaatlar tushmadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanishi inson huquqlariga mutlaqo zidligini hamda bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha aniq amaliy choralar belgilanishi tarafdori ekanini ta’kidlaydi.
Milliy markaz davlatimiz sha’niga ham jiddiy putur yetkazadigan bunday holatlarni qat’iyan qoralaydi, ular yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazilishi va huquqbuzarlar jazosiz qolmasligi ta’minlanishi lozim, deb hisoblaydi.
- Qo'shildi: 03.05.2023
- Ko'rishlar: 4338
- Chop etish