Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 26-iyun kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Tadbirda Milliy komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Unda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirildi. Birgina 2022-yilda 11 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishiga erishildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya hamda Mehnat kodeksiga mehnat munosabatlarini tartibga solishga oid yangi normalar kiritilganligi, xususan, majburiy mehnatning, shuningdek bolalar mehnatining ularning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanishi belgilab qo‘yilganligi taʼkidlandi.

Sohada yangi loyihalarni amalga oshirish, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning pozitsiyasini yana-da mustahkamlash maqsadida Milliy komissiya tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari” ijrosini taʼminlash borasida salmoqli natijalarga erishilganligi qayd etildi.

Maʼlumki, 2022-yil majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan ko‘plab taqiqlar olib tashlangan yil sifatida yodda qoldi. Bu esa tadbirkorlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar eshigi ochilishiga xizmat qilmoqda.

T.Narbayeva amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada muammoli masalalar ham yo‘q emasligiga to‘xtalib o‘tdi.

– Oldimizda mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yana-da takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, gender tenglikni taʼminlash va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha vazifalar turibdi. Tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”dagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash zarur. Ishlarimiz qaysidir raqamlarni to‘g‘rilash emas, balki aniq natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Belgilangan choralar birinchi navbatda inson huquqlarini taʼminlashga, ularning ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirishga, fuqarolar uchun xavfsiz, munosib mehnat sharoitlarini yaratishga qaratilgan — dedi, Komissiya raisi.  

Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, paxta-to‘qimachilik sanoatidagi korxonalar faoliyatiga xalqaro standartlarni keng tatbiq etish va bu orqali korxonalarda munosib mehnat tamoyillariga erishish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.

2022-yilda ushbu tarmoq korxonalari faoliyatiga “Better work” hamda “BCI” xalqaro standartlarini tatbiq etish bo‘yicha boshlangan ishlarni izchillik bilan davom ettirish zarurligi taʼkidlab o‘tildi.

Xususan, “Better work” dasturiga start berish bo‘yicha Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Milliy uch tomonlama hamkorlar o‘rtasida imzolangan memorandum hamda “BCI” xalqaro standartlarini tatbiq etish bo‘yicha “Better cotton” tashkiloti, Milliy komissiya va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosini taʼminlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Milliy komissiya qoshida Better Cotton standartlarini tatbiq etish bo‘yicha Milliy maslahat Kengashini tashkil etish masalasi muhokama etildi hamda qo‘llab-quvvatlandi.

Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi, majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari eshitildi hamda muhokama qilindi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech