SUN’IY INTELLEKT RIVOJLANMOQDA

SUN’IY INTELLEKT RIVOJLANMOQDA:

Bu hali holva, oxiri baxayr bo‘lsin 

 

Sun’iy intellektning global xavfsizlikka qanchalik ta’siri bor? Ushbu masala 2023 yil 18 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashida muhokama qilindi. Bu haqda “BMT yangiliklari” sayti xabar berdi.

BMT Bosh kotibi Xavfsizlik kengashining sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlangan majlisida so‘zga chiqib, xalqaro hamjamiyatni ushbu «noodatiy texnologiya» rivoji ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Antoniu Guterrish sun’iy intellekt rivoji bilan bog‘liq hozirgi holat hali boshlanishi ekani, buning oqibatlari qanday bo‘lishi haqida tayinli bir xulosaga kelish mushkulligidan ogohlantirdi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining barcha shakl va turlari mutlaqo beqiyos darajalardagi o‘ta tezkorlikda va juda keng ko‘lamlarda tarqalmoqda, deb ta’kidladi BMT Bosh kotibi. A.Guterrishning fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalari rivojini matbaa uskunasining tatbiq etilishiga qiyoslash to‘g‘ri emas.

Chunki matbaa uskunalarining mahsuli bo‘lmish kitoblar butun Yevropa bo‘ylab keng tarqalishi uchun ellik yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan. Sun’iy intellekt chatboti – ChatGPT esa atigi ikki oy ichida 100 million nafar foydalanuvchiga ega bo‘ldi, deydi Bosh kotib.

Ma’lumotlarga qaraganda, ChatGPT (Chat generative pre-trained transformer)  – AQShning «OpenAI» kompaniyasi tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt chatbotidir. Mazkur kompaniyaning asosiy vazifasi inson miyasi bajara oladigan hamma narsani qiluvchi sun’iy intellektni yaratishdan iborat. 

O‘z navbatida, ChatGPTning muhim xususiyati shuki, unda xotira mavjud. Bu orqali u suhbatning tafsilotlarini eslab qoladi, o‘rganadi va avvalgi ma’lumotlarga tayanib muloqotni davom ettiradi. 

 ChatGPT turli savollarga javob qaytarishi, dasturchilar uchun kod yozishga yordamlashishi, talabalar uchun kurs ishlarini yozib berishi mumkin. Mazkur bot hattoki she’r va insholar ham yoza oladi.

Shu bois keng jamoatchilikda ushbu texnologiya kopirayterlar, jurnalistlar, maktab o‘qituvchilari va boshqa soha vakillarini ishsiz qoldirishi mumkin degan qo‘rquv paydo bo‘lgan. Ayniqsa, ChatGPTning insholar “yozish” qobiliyatidan o‘qituvchilar ko‘proq tashvishga tushmoqda. Misol uchun, AQShda talabalar allaqachon bot tomonidan “yozilgan” insholarni o‘z ijod mahsuli sifatida taqdim qilishni boshlagan. 

Lekin sun’iy intellektning eng katta muammolaridan biri ham aynan shu – tom ma’nodagi ijodkorlik iqtidorining mavjud emasligi bo‘lib qolmoqda. Sodda qilib aytganda, ChatGPT chatboti hozircha yangi g‘oyalarni taqdim qila olmaydi.

ChatGPT chatboti 2022 yil 30 noyabrda ishga tushirilgan va 1 million foydalanuvchiga ega bo‘lishi uchun atigi besh kun yetarli bo‘lgan. Taqqoslash uchun: Netflix shuncha foydalanuvchini – 3,5 yilda, Facebook – 10 oyda, Spotify –5 oyda, Instagram – 2,5 oyda yig‘a olgan. Joriy yil yanvariga kelib ChatGPT foydalanuvchilari 100 milliondan oshgan (qarang: https://daryo.uz/k/2023/02/08/google-qotili-butun-dunyo-gapirayotgan-chatgpt-ozi-nima). 

O‘z vaqtida ChatGPT loyihasiga Ilon Mask sarmoya kiritgan bo‘lib, ayni vaqtda uning asosiy sarmoyadori Microsoft kompaniyasi hisoblanadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniya ChatGPT chatboti uchun yana 10 mlrd dollar sarmoya kiritishni mo‘ljallamoqda. Moliyaviy tarmoq ekspertlarining baholashicha, 2030 yilga borib jahon iqtisodiyotida sun’iy intellekt rivoji uchun tikiladigan mablag‘lar miqdori 10-15 trillion AQSh dollarigacha yetishi mumkin.

A.Guterrishning so‘zlariga qaraganda, hozir dunyodagi hukumatlar, yirik kompaniya va tashkilotlarning deyarli barchasi sun’iy intellektni rivojlantirish sohasidagi strategiyalar bo‘yicha ish olib bormoqda, ammo hech kim, hatto sun’iy intellektni ishlab chiqqanlarning o‘zlari ham bu aql bovar qilmas texnologiya yutug‘i oxir-oqibatda nimalarga olib kelishi ehtimoli haqida aniq tushunchaga ega emas. Shuning uchun mavjud vaziyatdan kelib chiqib, sun’iy intellekt rivojining “tub mazmun-mohiyati va qamrovini imkon qadar chuqur anglagan holda” ish tutgan ma’qul.

Sun’iy intellekt istiqboli noma’lumligidan bu qadar xavotirlanishning sababi nimada? Sababi oddiy – sun’iy intellektga asoslangan mashinalar insonlarga ziyon-zahmat yetkazishi mumkin.

A.Guterrish ta’biri bilan aytganda, sun’iy intellektning ko‘p foydasi tegishi ayon, lekin mashinalarning insonlarga va bir-biriga ham ulkan ko‘lamlarda zarar yetkazishga qodirligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

 Terrorchilik, jinoyatchilik, kiberhujumlar – mabodo sun’iy intellektdan ayni shu yovuz maqsadlar yo‘lida foydalanilsa, bu global xavfsizlik uchun o‘ta jiddiy oqibatlarga olib keladi, deb ogohlikka chorladi BMT Bosh kotibi. Sun’iy intellektning nosoz tizimlari – «tashvishlarga sabab bo‘layotgan yana bir yirik muammodir».

Sun’iy intellekt ezgulikka ham, yomonlikka ham xizmat qilishga qodir bo‘lgan juda ulkan salohiyatga ega. Ixtirochilarning o‘zlari ham  oldinda insoniyat sun’iy intellekt bilan bog‘liq yanada yirik, halokatli va kutilmagan tahdidlarga duchor bo‘lishi mumkin, deb bong urmoqda. A.Guterrish aytganidek, «Agar biz ana shu tahdidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmas ekanmiz, hozirgi va kelgusi avlodlar oldida o‘z burchimizni ado etmagan bo‘lamiz». 

Albatta, vaziyatni nazoratga olish oson kechmaydi, chunki bunga xalal beradigan bir qancha omillar mavjud. Jumladan:

sun’iy intellektning ayrim modellari allaqachon keng jamoatchilik tasarrufida;

ularning tarqalishi ko‘lamini kuzatib borish imkonsiz;

qolaversa, sun’iy intellekt sohasida xususiy sektor yetakchi o‘rinda turibdi.

Shunga qaramay, bu sohani boshqarish uchun mustahkam tayanch nuqtalariga egamiz. Bunda, masalan, BMTning Odatiy qurollarning aniq turlari to‘g‘risidagi konvensiyasi doirasida qabul qilingan «O‘t ochish qurollarining mustaqil tizimlariga oid rahbariy prinsiplar» yoki YuNESKO 2021 yilda qabul qilgan «Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha tavsiyalar» kabi xalqaro-huquqiy hujjatlar asosida ish olib borsa bo‘ladi.

BMT huzurida ayni shu «noodatiy texnologiya»ni boshqarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jamoa bo‘lib qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi bir organ tuzish taklifi ilgari surildi. Bu taklifni ma’qullagan BMT Bosh kotibining aytishicha, bunday tuzilma Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik, Fuqarolik aviatsiyasi xalqaro tashkiloti yoki Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhiga o‘xshagan ixtisoslashgan muassasa shaklida bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan Bosh kotib, birinchi navbatda, Sun’iy intellekt bo‘yicha oliy darajadagi maslahat kengashini chaqirishga qaror qilganini bildirdi. Maslahat kengashida ko‘plab manfaatdor tomonlar ishtirok etadi va ular joriy yil yakunida sun’iy intellektni global boshqarish imkoniyatlari bo‘yicha ma’ruza taqdim etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ChatGPT sun’iy intellekt boti hozircha O‘zbekistonda rasmiy ravishda mavjud emas. Unga VPN orqali ulanish mumkin. Shunda ham chatbot o‘zbek tilida mukammal muloqot qila olmaydi. 

Ayni chog‘da, O‘zbekiston – dunyoga, dunyo – O‘zbekistonga ochiq. Shu ma’noda, ChatGPT sun’iy intellekt botining foydali va zararli jihatlarini bilib qo‘yganimiz ziyon qilmaydi.

Avvalo, ijobiy jihatlariga to‘xtalamiz. Aytishlaricha, ChatGPT kabi chatbotlarning rivojlanishi mehnat bozoriga kutilmagan ta’sir qilishi ham mumkin. Masalan, agar sun’iy intellekt turli xil kasb egalarining mahsuldorligini oshirsa va xarajatlarni kamaytirsa bozorda narxlar pasayadi.

Ammo, sun’iy intellektning zararli deb tasnif etilayotgan jihatlari birmuncha ko‘proq ekan.

Birinchidan, chatbotlar internetda joylashtirilgan katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zlashtirib, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish asnosida haqiqiy faktlar va yolg‘onlarni aralashtirib yuborishi mumkin.

Ikkinchidan, sun’iy intellekt boti noto‘g‘ri fikr va haqoratli so‘zlardan foydalanishga tez o‘rganadi. Xususan, 2016 yilda Microsoft tomonidan ishlab chiqilgan Tay chatboti bir zumda so‘kinishni va irqchi so‘zlardan foydalanishni o‘rganib olgan. 

Uchinchidan, sun’iy intellekt botlari bilim darajasi bo‘yicha, baribir, inson ong-tafakkuriga tenglasha olmayapti. Masalan, ChatGPTning bilimi 2021 yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklangan.

To‘rtinchidan, sun’iy intellekt mehnat bozorida inson o‘rnini to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashtirishi hisobiga yaqin kelajakda ko‘pchilik ishchi-xizmatchilarning ishsiz qolishi xavfi borligi taxmin qilinmoqda.

Beshinchidan, mukammal sun’iy intellekt tarixiy qolipni buzishi ehtimoli mavjud. Ya’ni, oddiy odam qiladigan deyarli har qanday vazifani bajara oladigan texnologiya insoniyatni noma’lum iqtisodiy hududga olib keladi, deydi ekspertlar. 

Tabiiyki, bu kabi muammolarni joyida va izchillik bilan bartaraf etish choralari ham ko‘rilmoqda. Aytaylik, haqoratli kontent paydo bo‘lishining oldini olish uchun ChatGPTga muayyan moderatsiya tizimlari o‘rnatilgan. Ushbu bot qonunni qanday buzish haqida matnlar yaratishga to‘sqinlik qiluvchi filtrlarga ham ega. 

Shunga qaramay,  ChatGPT chatboti, avvalo, o‘z shaxsiy fikriga ega emas, ya’ni hech qanday masala bo‘yicha shaxsiy fikr bildirmaydi. Qolaversa, uning irqi yoki jinsi yo‘q. Bundan tashqari, mazkur sun’iy intellekt mahsuli dinga e’tiqod qilmaydi. Aynan shu kamchiliklari tufayli insoniyat sun’iy intellekt rivojidan tashvish va xavotirga tushayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Xulosa o‘rnida akademik Akmal Saidovning sun’iy intellekt istiqboliga taalluqli mana bu fikrlarini keltiramiz:

“Sun’iy intellekt hech qachon tabiiy intellektni yengib o‘tmaydi va undan ustun bo‘la olmaydi. Chunki sun’iy intellektning o‘zi ham inson tabiiy intellektining mahsulidir. Sun’iy intellekt hayotimizdagi aksariyat yumushlarni bajarishda inson o‘rnini egallashi haqida so‘z borganda, ayniqsa, sud hukmini sun’iy intellekt tomonidan chiqarilishiga yo‘l qo‘yish kerak emas, deb hisoblayman. Zero, inson taqdiriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan shu kabi nozik sohalarga mashinalashgan yondashuv ziyon yetkazmay qolmaydi”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech