Sudyalar va prokurorlar inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha o‘qitilmoqda

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.

Shu asosda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusida yozgi maktab tashkil etildi.

Oliy sud va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tinglovchilar sifatida sudyalar va prokurorlar jalb qilingan. Yozgi maktab davomiyligi joriy yilning iyul-avgust oylariga mo‘ljallangan. 

Inson huquqlari sohasida ta’limning ahamiyati  yuqori hisoblanadi. Inson huquqlari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va dunyo qarashni shakllantirish orqali inson huquqlari umumiy madaniyatini shakllantirishga erishish mumkin. 

 

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim jamiyatda har bir shaxsning o‘z huquqlaridan tashqari o‘zgalarning huquqlarini hurmat qilish, himoya qilish hamda bu boradagi qadriyatlarni e’zozlash kabi munosabatlarni rivojlantirishga zamin yaratadi. 

Shu jihatdan yozgi maktabni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ham ishtirokchilarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquq normalari va ularni    kelgusida o‘z kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishda yanada kengroq qo‘llashga oid bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirishdir.

Ishtirokchilarga odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy mexanizmlar hamda sudlar tomonidan xalqaro huquq normalarining qo‘llanilishiga oid masalalar yuzasidan xalqaro va milliy ekspertlardan iborat yetakchi mutaxassislar ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi.

Yozgi maktab yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.                                                                       

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech