Akmal Saidov qashqadaryolik yosh ijodkorlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari,  Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 15 avgust kuni Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi. Bu yerda ijod maktabi rahbariyati, o‘qituvchilari va bir guruh ijodkor yoshlar bilan jonli muloqot bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ishtirok etgan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Nilufar O‘taganova, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Sultonov, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining viloyat Kengashi raisi Sayfulla Mahmatmo‘minov, ijod maktabi direktori v.v.b. Yoqutoy Jamolova va boshqalar tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimizda ta’lim, ma’rifat va ijod sohalariga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda doimiy g‘amxo‘rliklari alohida e’tirof etildi.

Yosh ijodkorlar O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlaridan va o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berdilar. Ustoz shoirimizning mashhur she’rlari ingliz va rus tillarida ham yangradi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Akmal Saidov shundan so‘ng Abdulla Oripov muzeyidagi yangi eksponatlar bilan tanishdi. Muzey ko‘rgazmalarini yanada boyitish, xalqimizning atoqli shoiri ijodini bugungi yangi davr talablari negizida keng va faol targ‘ib etish yuzasidan bir qator amaliy takliflar bildirdi. Bu boradagi milliy amaliyot va xorijiy tajriba haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Tashrif yakunida akademik A.Saidov muzeyning faxriy mehmonlari kitobiga dastxat bitdi. Ijod maktabi kutubxonasiga o‘z muallifligidagi “Hazrat Zangi ota” kitobini taqdim etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech