Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Rashad Mahmudov: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda porlayotgan yulduzga o‘xshaydi (+video)

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Fuzuliy shahrida barcha sharoitga ega zamonaviy maktab tantanali ochildi.

Mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.  

– Mamlakatlarimiz hayotidagi muhim voqeaning guvohi bo‘lib turibmiz. Boisi, Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin ilk davlat tashrifini Ozarbayjonga amalga oshirdi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yorqin namunasidir, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi, professor Rashad Mahmudov. –  Oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilib, ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Bundan tashqari, Ozarbayjon va O‘zbekiston ijtimoiy hayotida yana bir muhim voqea – bugun Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-umumta’lim maktabi ochildi. Bu xayrli ish uchun Ozarbayjon xalqi nomidan minnatdorlik bildiraman.

Ushbu muassasaning tashkil etilishi Ozarbayjon xalqi uchun juda muhim, chunki Qorabog‘ masalasi qalbimizda iz qoldirgan. Qardosh O‘zbekiston birinchi bo‘lib Fuzuliy viloyatini tiklashda bevosita ishtirok etish istagini bildirdi. Maktabning buyuk o‘zbek olimi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan yuritilishi yorqin va ahamiyatli voqeaga aylandi.

Har bir o‘quvchining qalbida boshlang‘ich sinfdanoq qardosh O‘zbekiston Ozarbayjonning tarixiy yaxlitligini tiklash yo‘lida mardonavor qo‘llab-quvvatlagani saqlanadi.  

Men O‘zbekistonga besh marta borganman. 2016 yilga qadar to‘rt marotaba, oxirgi marta esa ikki oy avval bo‘ldim. Shu o‘rinda O‘zbekistonda keyingi 5-6 yil ichida juda katta o‘zgarishlar bo‘lganiga guvoh bo‘ldim, bu bizni quvontiradi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda porlayotgan yulduzga o‘xshaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli mamlakatingiz yorqin kelajak sari dadil qadam tashlamoqda. Biz do‘st O‘zbekistonning muvaffaqiyatlaridan doimo xursand bo‘lamiz.

O‘zA muxbiri Behruz XUDOYBERDIEV yozib oldi.

Powered by GSpeech