Har bir ishda duogo‘y nuroniylarimiz

1 oktyabr – Xalqaro keksalar kuni

 

Dono xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.

Qur’oni karimning “Rahmon” surasida “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyati zikr etilgani bejiz emas. Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Shu ma’noda, 1 oktyabr – Xalqaro keksalar kuni mamlakatimizda yanada keng va sermazmun nishonlanayotgani tabiiy. Ma’lumki, ushbu xalqaro sana 1990 yil 14 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 45-sessiyasida ta’sis etilgan. Shuningdek, bu borada:

  • 1982 yili Keksalik muammolari bo‘yicha Vena harakatlar rejasi;
  • 1991 yili BMTning Keksalarga muomala-munosabat prinsiplari;
  • 1992 yili Keksalik muammolari bo‘yicha deklaratsiya;
  • 2002 yili Keksalik muammolari bo‘yicha Madrid harakatlar rejasi qabul qilingan.

Ayniqsa, oxirgi xalqaro hujjat XXI asrda aholi yoshining keksayib borishi muammosiga yechim topishda tom ma’nodagi dasturilamal bo‘ldi. Zotan, bugungi kunda rivojlangan davlatlar aholisi tarkibining 25 foizi keksa avlod vakillaridan iborat va ushbu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2015-2030 yillar oralig‘ida 60 yoshdan oshgan insonlar soni 901 million nafardan 1,4 milliard kishiga ortishi mumkin. Bu raqam 2050 yilda 2 milliard nafarni, ya’ni yer yuzi aholisining 20 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda insoniyat boshiga yopirilgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq turli ofatlar insonlar o‘rtasida shusiz ham omonat bo‘lib turgan gender tenglikni badtar tang holga solib qo‘ydi. Chunki koronavirus inqirozi ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, tibbiy va iqlim bilan bog‘liq muammolarning qariyalar, ayniqsa, keksa ayollar hayotiga salbiy ta’sirini kuchaytirib yubordi.

Afsuski, BMT mutaxassislari tayyorlagan hisobot xulosalari biz yashab turgan va tobora globallashib borayotgan dunyoda hamma ham birdek bag‘rikeng va nuroniyparvar emasligini ko‘rsatmoqda. Ssayyoramiz aholisining teng yarmi, boshqacha aytganda, zamindosh va zamondoshlarimizning har ikki nafaridan bittasi keksalarga nisbatan salbiy munosabatda ekan.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, keksalarning mavjud ehtiyojlari va aniq muammolarini hal etishga e’tiborni yanada oshirishni taqozo etadi. Shuningdek, aksariyat yoshi ulug‘ insonlarga zarur sharoitlar yaratib berilsa, ular hali ham jamiyat hayotiga foyda keltirishda davom etishi bilan bog‘liq imkoniyatlarni hisobga olish talab etiladi.

Bunday sa’y-harakatlarning negizida, albatta, inson huquqlarini rag‘batlantirish mezonlari mujassam. Nega deganda, dunyoning ayrim manzillarida bu boradagi ahvol shundayki, ishxonalarda navqiron xodimlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklardan ko‘pincha yoshi ulug‘ insonlar mahrumdir.

Ishchi-xodimlarning o‘qish-o‘rganish va malaka oshirish imkoniyatlari yoshi o‘tgan sari keskin kamayib boradi. Eng yomoni, yosh va jinsga bog‘liq kamsitishlar, xususan, eydjizm illati keksalarning ahvolini yanada murakkablashtirmoqda.

Eydjizm – insonni yosh belgisi bo‘yicha kamsitish holatini ifodalaydigan xalqaro tushuncha. Bu haqda fikr yuritganda, tanganing ikkinchi tomoni ham borligini unutmaslik kerak.

Gap shundaki, eydjizmdan yoshlarning o‘zlariyam aziyat chekmoqda. Bunda, albatta, tibbiy xizmatdan foydalanish, turar-joyga ega bo‘lish va siyosiy hayotda ishtirok etish kabi masalalarda yoshi ulug‘larning qo‘li ustunroq ekani nazarda tutilmoqda.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari eydjizm illatiga qarshi faol kurash olib borish zarurligini ta’kidlagani bejiz emas. Binobarin, insonning yoshiga qarab yondashuv borasida ildiz otgan nomaqbul munosabatlar inson huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkinligidan hamisha ogoh bo‘lish zarur.

Shu nuqtai nazardan, keksalarni qadrlash uchun bundan 33 yil ilgari alohida bir kunning jahon ko‘lamidagi bayram sanasi sifatida rasman belgilab olinganidan asosiy maqsad navqiron avlodga nuroniy otaxonu onaxonlarimiz doimo alohida g‘amxo‘rlik, mehr-muhabbat va parvarishga muhtojligini eslatib turishdir.

Bu foniy dunyoda hech narsa abadiy emas. Hozirgi yoshlar ham bir kuni keksalik ostonasidan hatlab, izlaridan kelayotgan yangi yosh avlodga joy bo‘shatadilar.

Keksalik davri – bolalik va yoshlik davrlari kabi hayotning tabiiy hamda uzviy bosqichidir. Birgina farq shundaki, inson bolalik va yoshlik yillarida kuch-qudrat hamda azmu shijoatga to‘la bo‘lsa, aksincha, keksalik davrida jismoniy faoliyat mezoni kamayishi va kuch-qudratning zaiflanishi bilan yuzma-yuz keladi.

BMT tomonidan har yili Xalqaro keksalar kuni doirasida qariyalarni himoyalash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida turli festival va tanlovlar o‘tkaziladi. Qolaversa, jahon miqyosida nuroniylar hayotini yaxshilashga qaratilgan BMTning Keksalik muammolari bo‘yicha maqsadli jamg‘armasi ham faoliyat ko‘rsatib turibdi.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Asosiy qonunimizning 46-moddasiga muvofiq:

“Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan  boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega.

Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbari joriy yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar qamrovi kamida 30 foizgaacha oshirilayotgani ham tahsinga loyiq.

Shuningdek, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da ham ayni yo‘nalishdagi muhim chora-tadbirlar belgilangan. Shu ma’noda, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Albatta, bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini, xususan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam berildi, qiyinchilik va sinovlar bahamjihat yengib o‘tildi.

Ayniqsa, 2021 yil 25 martda qabul qilingan Prezident Farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi. Buning natijasida 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib bordi.

Yana bir muhim natija: 2023 yil 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 18 million so‘mdan berildi. Bu haqdagi topshiriq Prezidentimizning 2023 yil 2 mayda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Agar e’tibor qaratilsa, urush qatnashchilari va mehnatga layoqatsiz faxriylar uchun to‘lanadigan haq miqdori Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan muntazam va ko‘p miqdorda oshirib kelinayotganiga amin bo‘lish mumkin. Xususan, ushbu mablag‘ hajmi 2017 yilda – 2 mln so‘m, 2018 yilda – 5 mln so‘m, 2019 yilda – 7,5 mln so‘m, 2020 yilda – 10 mln so‘m, 2021 yilda – 12 mln so‘m, 2022 yilda – 15 million so‘mdan iborat bo‘lgan. 

Yana bir muhim dalil: keyingi yillarda Mustaqillik bayrami arafasida Prezident Farmoni asosida yurtimizning turli hududlaridan bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan, har bir ishda duogo‘y muhtaram otaxon va onaxonlarimizdan 100 yoshdan oshgan 14 nafarini davlat mukofoti – «Shuhrat» medali bilan taqdirlash yaxshi an’anaga aylandi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda 100 yoshga kirgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga pensiyani hisoblashning bazaviy 100 foizi miqdorida qo‘shimcha pul to‘lanadi. Qolaversa, “Nuroniy” jamg‘armasi tizimida keksalarimizni har tomonlama va muntazam rag‘batlantirib borish bo‘yicha keng qamrovli amaliy ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Xulosa qilib aytganda, Xalqaro keksalar kuni tadbirlari doirasida bunday ezgu amallarning ko‘lami yanada kengaydi. Mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylarini taqdirlash va nafaqaga kuzatish amaliyoti joriy etildi. Korxona va tashkilotlarda uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar  xonadonlarida bo‘lib, ularni bayram bilan qutlash bahonasida hollaridan xabar  olinmoqda.

Ta’lim muassasalarida O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Xalqaro keksalar kuni munosabati bilan faxriy ustozlar taklif  etilib, ular uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Binobarin, O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech