MEHNAT VA IJTIMOIY MUNOSABATLAR AKADEMIYASIDA AKADEMIK MA’RUZA

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, qiyosiy huquqshunoslik va xalqaro huquq bo‘yicha professor, davlat va huquq nazariyasi, konstitutsiyaviy huquq, parlament huquqi va inson huquqlari bo‘yicha ko‘plab fundamental tadqiqotlar muallifi Akmal Saidov 9 oktyabr kuni Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida talabalarga ma’ruza o‘qidi.

Ma’ruzada “Davlat va huquq nazariyasi” o‘quv fanining predmeti, o‘ziga xos xususiyatlari, qonuniyatlari, kategoriyalari, funksiyalari, falsafiy, umumiy va maxsus metodlari, prinsiplari va metodologiyasining tarkibiy qismlari, mazkur fanni o‘rganishning ahamiyati, uning ijtimoiy fanlar bilan aloqadorligi, yuridik fanlar tizimidagi o‘rni kabi masalalar batafsil tushuntirib berildi.

Talabalar ushbu ma’ruzani yanada mukammal o‘zlashtirishlari uchun “Davlat va huquq nazariyasi. Akademik ma’ruzalar” nomli 3 jildli mo‘jaz risolalar barcha tinglovchilarga taqdim etildi. Ma’ruza so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi muassisligidagi ushbu oliy o‘quv yurti kutubxonasiga akademik Akmal Saidovning 340 tadan ortiq mualliflik kitobi sovg‘a qilindi. Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazda nashr etilgan huquqiy adabiyotlar hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali keyingi sonlarining 50 ta to‘plami topshirildi.

Tadbir yakunida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi rektori Sayfullo Ahmedov so‘zga chiqib, akademik Akmal Saidovga samimiy minnatdorlik bildirdi. Akademiya kutubxonasiga sovg‘a qilingan kitoblar ushbu ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar hamda o‘quv ishlari sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Bu kabi ma’rifiy tadbirlarni kelgusida ham izchil o‘tkazib borish taklif etildi.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

 

Powered by GSpeech