Vodiy universitetlariga inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar taqdim etildi

12 oktyabr kuni Farg‘ona davlat universiteti talabalari va Andijon davlat universiteti kutubxonasi xodimlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Har ikki tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Uchrashuvlarda avvalo O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan inson huquqlari va ijtimoiy himoya bilan bog‘liq yangi moddalarning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham keng nishonlanayotgani ta’kidlandi.

Tadbirlar yakunida har bir Universitet axborot-kutubxona markaziga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan inson huquqlariga oid 47 nomdagi 200 ga yaqin nusxadagi adabiyotlar taqdim etildi.

Inson huquqlari, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ijtimoiy himoya mavzulariga bag‘ishlangan ushbu kitoblar yoshlar hamda ustoz pedagoglarga manzur bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech