2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun
jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni
BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrda qabul qilingan rezolyusiyasiga muvofiq, 2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni, deb e’lon qilingan. Bunda jurnalistlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan va jamiyatning ishonchli axborot olish huquqini toptaydigan xavotirli holatga dunyo hamjamiyati e’tiborini jalb qilish maqsadidan kelib chiqilgan.
Ushbu xalqaro sananing muxtasar tarixi dalolat berishicha, aynan 2013 yil 2 noyabrda fransiyalik ikki jurnalist Gislen Dyupon (Ghislaine Dupont) va Klod Verlon (Claude Verlon) tahririyat topshirig‘iga binoan Malidagi qurolli mojaroni yoritish paytida jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan. Bu voqea jamoatchilik orasida kuchli aks-sado bergani munosabati bilan BMT jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlikni va ularning o‘z faoliyatini bajarishiga to‘sqinlik qilishni qoralab chiquvchi hujjatni qabul qilgan.
Ushbu dolzarb masala haligacha jahon hamjamiyati diqqat markazida bo‘lib kelayotgani bejiz emas. Chunki 2006-2020 yillar davomida dunyoda dolzarb voqealarni yoritgan va jamoatchilik e’tiboriga yangiliklarni yetkazgan 1 ming 200 nafardan ortiq jurnalist o‘ldirilgan.
YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning faqat 10 foizi bo‘yicha sudlarda hukm chiqarilgan. Qolgan 90 foizida zarur resurslarning yetishmasligi yoki jinoyat sodir qilingan davlat rahbariyatida siyosiy iroda yo‘qligi bois jinoyatchilar jazosiz qolgan.
Bu hol afsuslanarli va juda xavotirlidir. Chunki bunday jazosizliklarning yanada yomon oqibatlari bor.
Birinchidan, jinoyatchilarning jazosiz qolishi jurnalistlarni qo‘rquvga soladi, jinoyatchilarga esa dadillik beradi.
Ikkinchidan, jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolish jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, hukumatlarga senzurani davom ettirishga yo‘l ochadi.
Uchinchidan, bunday jazosizlik jamiyatning sud tizimiga ishonchini yo‘qotadi.
"Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, 2022 yilda kamida 59 nafar OAV xodimi o‘ldirilgan. Halok bo‘lganlarning 80 foizi atayin qatl etilgan.
Meksika bu borada eng xavfli davlat bo‘lib qolmoqda. Bu mamlakatda kamida 11 jurnalist o‘ldirib ketilgan. Ular uyushgan jinoyatchilik kabi o‘tkir mavzularni yoritayotgan bo‘lgan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti yana 6 ta holatda jurnalistning o‘limi uning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganini isbotlay olmagan.
2022 yilda Ukraina ham OAV xodimlari uchun eng xavfli mamlakatga aylandi. U yerdagi harbiy harakatlarni yoritish davomida har doimgidan ko‘p mahalliy va xorijlik jurnalistlar halok bo‘lgan.
2023 yilda Isroil – Falastin ziddiyati avj olgach, 7 oktyabrdan buyon qamal ostidagi G‘azo sektorida 38 nafar OAV xodimi halok bo‘lgan. Bu haqda Falastin jurnalistlari ittifoqi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar qilgan. Xabarda qayd etilishicha, 25 falastinlik jurnalist va 13 nafar matbuot xodimi Isroilning G‘azo sektoriga hujumi qurboniga aylangan. Bundan tashqari kamida uylari o‘qqa tutilgan 35 jurnalist o‘nlab yaqinlarini yo‘qotgan. (https://uza.uz/uz/posts/falastin-jurnalistlar-uyushmasi-gazoda-38-xodim-halok-boldi_534244)
BMT ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyoda 2023 yilning o‘tgan davrida 70 dan ortiq jurnalist o‘z vazifalarini bajarayotganida o‘ldirilgan. Bu jinoyatlarning aksariyati ochilmagan. Shu bilan birga, bugungi kunda rekord darajadagi jurnalistlar qamoqxonalarda qolmoqda. Ushbu raqamlar BMT Bosh kotibi va YuNESKO Bosh direktorining Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish xalqaro kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatlarida keltirildi.
Xususan, “Erkin matbuot – demokratiya amal qilishi, huquqbuzarliklar fosh etilishi, murakkab dunyomizda maqbul harakat qilish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun juda muhim”, – dedi Antoniu Guterrish.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, dezinformatsiya (ya’ni, yolg‘on axborot), internetda onlayn-bezorilik va ayol jurnalistlarga nisbatan nafratomuz so‘zlarning ayniqsa keng tarqalishi, o‘z navbatida, dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari xodimlarining ovozini o‘chirishga urinishlar uchun qo‘l kelayotir.
“Jurnalistlarning huquqiy, moliyaviy va boshqa vositalarni suiiste’mol qilgan holda qo‘rqitilayotgani qudratga ega shaxslarni qonuniy javobgarlikka tortish harakatlariga putur yetkazayapti. Bunday tendensiyalar nafaqat jurnalistlarga, balki butun jamiyatga ham tahdid solmoqda”, – deb ogohlantiradi A.Guterrish.
Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Harakatlar rejasini ham esga oldi. Mazkur hujjat barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun xavfsiz va erkin faoliyati muhitini yaratishga qaratilgan.
“Bugun ushbu hujjatning 10 yilligini nishonlayotgan ekanmiz, hukumatlar va xalqaro hamjamiyatni jurnalistlarni himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqiraman. Biz keng tarqalgan jazosizlik aqidasiga barham berishimiz va jurnalistlarga o‘zlarining muhim ishlarini bajarishlariga imkon yaratishimiz kerak”, – dedi pirovardida BMT rahbari.
YuNESKO Bosh direktori Odri Azule mazkur xalqaro sana munosabati bilan yo‘llagan murojaatida o‘n yil avval qabul qilingan Harakatlar rejasini “inqilobiy hujjat” deb atadi. Uning eslashicha, mazkur rejada jurnalistlarning faoliyati, jumladan, qurolli mojarolar va inqirozli vaziyatlarni yoritish, hokimiyat faoliyatini tekshirish, korrupsiya va turli ko‘rinishdagi adolatsizliklarni fosh etish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etilgan.
YuNESKO o‘tgan yillar davomida adliya tizimining – 24 mingdan ortiq, huquqni muhofaza qilish va xavfsizlik organlarining 11 ming 500 nafar xodimini so‘z erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligi, shu jumladan raqamli muhit bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha o‘qitdi. "Shu kabi barcha sa’y-harakatlarimizga qaramay, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan jurnalistlar soni juda yuqoriligicha qolmoqda", – dedi tashvish bilan O.Azule. Shu nuqtai nazardan, YuNESKO Bosh direktori ham jurnalistlarni himoya qilish choralarini yanada kuchaytirishga chaqirdi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 02.11.2023
- Ko'rishlar: 3425
- Chop etish