Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan ayni kunlarda tashkilot va idoralarda, muassasalarda bayram tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan Bojxona instituti kursantlari ishtirokida o‘tkazilgan “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — strategik islohotlarning huquqiy poydevori” mavzusidagi davra suhbati ham Bosh qomusimizning 31 yilligiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov ma’ruza qilib, joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani, unda ko‘plab yangi normalar aks etganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi belgilab berildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Shuningdek, davra suhbatida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratildi. Sohada bir qator amaliy chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Jahon savdo tashkiloti, Jahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish maqsadida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, bojxona ma’muriyatchiligini isloh etish, bojxona organlari nazorati faoliyatini yanada takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish, “qog‘ozsiz va elektron bojxona” tizimining mantiqiy davomi va rivoji bo‘lgan “raqamli bojxona” tizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Davra suhbatida Bojxona instituti tinglovchilari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Konstitutsiyaviy islohotlarning yoshlar hayotidagi ahamiyati haqida to‘xtaldi. Shuningdek, Qonunchilik palatasining faoliyati bilan tanishdi.
M.Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 30.11.2023
- Ko'rishlar: 3264
- Chop etish