Milliy tanlov g‘oliblari taqdirlandi

4 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Tanlov Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bunda  O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi.

Milliy tanlov joriy yil 1 iyunda e’lon qilinib, 15 noyabrga qadar davom etdi. Bu jarayonda inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalarni rag‘batlantirish orqali aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari bo‘yicha huquqiy madaniyati va savodxonligini yanada oshirish, ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Tanlovga talabgorlardan 81 ta ariza kelib tushdi. Arizalar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdim etildi:

  • “Eng yaxshi rasm (mavzu: "Inson huquqlari bolalar nigohida")” – 18 ta ariza;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi videorolik” – 10 ta ariza;
  • “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari” – 3 ta ariza (bosma va elektron o‘quv adabiyotlari);
  • “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi maqola (ilmiy va ommabop maqolalar)” – 20 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bilimdoni” – 19 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi” – 8 ta ariza;
  • “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” – 3 ta ariza.

Hakamlar xay’ati arizalar va ijodiy ishlarni sinchiklab o‘rganib chiqdi. Natijada 5 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniq bo‘ldi.  

Qolgan nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanmadi. Chunki tanlov Nizomiga ko‘ra, agar biror nominatsiya bo‘yicha 3 tadan kam ariza kelib tushsa, o‘sha nominatsiyada tanlov o‘tkazilmaydi.

Shu nuqtai nazardan, “Inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan eng yaxshi o‘quv adabiyotlari” hamda “Inson huquqlari bo‘yicha eng yaxshi o‘quv kursi” nominatsiyalari bo‘yicha yetarlicha ariza kelib tushmadi. Shu munosabat bilan Hakamlar xay’ati tomonidan mazkur ikki nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash masalasi ko‘rib chiqilmadi.

Tanlov g‘oliblariga diplom va sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi o‘quv kursida ishtirok etgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 19 nafar tinglovchiga ham sertifikatlar topshirildi. Ushbu mashg‘ulotlar 2023 yil 14-17 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan.

Shuningdek, inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘quv kurslarini o‘tkazishda faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi ikki nafar faxriy xodimiga “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi. Ushbu mukofot O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashining qaroriga ko‘ra taqdim etildi.

Ushbu tadbirlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10 dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan e’lon qilingan "Inson huquqlari o‘n kunligi" doirasida o‘tkazildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

UzDaily.uz

Darakchi.uz

Powered by GSpeech