Konstitutsiyamizning yaratilish tarixiga bag‘ishlangan arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida Konstitutsiyaning yaratilish tarixiga bag‘ishlangan arxiv hujjatlari ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada Oliy Majlis palatalari arxivlari, “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi O‘zbekiston Milliy arxivi hamda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi 90 dan ortiq arxiv va fotoarxiv hujjatlari namoyish etildi.  

Ko‘rgazmadan shuningdek, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqish bo‘yicha majlislarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oyalar, Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan muhokamalar jarayonlaridan lavhalar, takliflar, hujjatlardan namunalar, ishchi guruh a’zolarining majlislari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan muhokamalar jarayonlari, referendumni o‘tkazish bo‘yicha Qonunchilik palatasi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisi hujjatlari, foto lavhalari, 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendum yakunlari, ularning hujjatlari, fotolavhalar o‘rin oldi.  

Ma’lumki, yurtimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topgan. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Referendum ko‘p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat’iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo‘ldi.  

Bugungi kunda Prezidentimizning joriy yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida Konstitutsiyamizning 31 yilligini keng nishonlashga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.    

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixiga bag‘ishlangan arxiv hujjatlarining ko‘rgazmasini tashkil etish va tarixan shakllangan Konstitutsiyamizni keng jamoatchilikka yetkazish ishlari davom etmoqda.  

Ushbu ko‘rgazma joriy yilning 7 dekabr kunigacha davom etadi.    

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech