14 dekabr kuni Toshkent shahrida xuddi shu mavzuga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Xalqaro migratsiya tashkilotining mamlakatimizdagi missiyasi hisoblanadi.
Xalqaro davra suhbatida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning tegishli davlat muassasalari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, ilmiy va akademik doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashdi. Tadbirda, shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkilotining Bosh qarorgohi (Jeneva, Shveysariya), Mintaqaviy ofisi (Vena, Avstriya), Migratsiya ma’lumotlarini tahlil qilish global markazi, ushbu xalqaro tashkilotning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vakolatxonalari xodimlari hamda ekspertlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, mazkur xalqaro tashkilotning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi missiyalari rahbari Zeynal Gadjiyev davra suhbati ishtirokchilarini qutlar ekan, bugungi kunda migratsiya va migrantlar barcha davlatlar iqtisodiyoti, erkin savdo va innovatsiya jarayonlarida sezilarli mavqega egaligiga e’tiborni qaratdi.
Shu sababli xalqaro hamjamiyat 2018 yilda Marokash shahrida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnoma”ni ma’qulladi. O‘z navbatida, O‘zbekistonda migrantlar huquqini himoya qilish yo‘nalishida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmlarni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning “Yo‘l xaritasi”da mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy asoslarini takomillashtirish vazifasi belgilangan. Shu asosda migrantlar huquqlarini himoya qilishga oid normativ-huquqiy hujjatlar muntazam takomillashtirilmoqda.
Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 20 avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmon, 2020 yil 14 sentyabrda esa "Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror qabul qilinganini ham ta’kidlash lozim.
Xalqaro davra suhbati avvalida Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomaga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. Shundan so‘ng xalqaro, mintaqaviy va milliy ekspertlar ushbu hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini atroflicha tahlil qildilar. Jumladan, Global shartnomaning BMT asosiy hujjatlari va Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy bog‘liqligi alohida qayd etildi.
Oflayn va onlayn tarzda tashkil etilgan muhokamalarda Jenevada joylashgan Xalqaro huquq instituti (Shveysariya) a’zosi, Londondagi “King Kollej” universiteti (Buyuk Britaniya) hamda Tallin universiteti (Estoniya) faxriy professori Reyn Myullerson, Xalqaro migratsiya tashkilotining Venadagi mintaqaviy ofisi xodimi Loran Simon Van Ash, Xalqaro migratsiya tashkilotining Migratsiya to‘g‘risidagi global shartnoma bo‘yicha ekspert-maslahatchisi Elmira Xisamutdinova, BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti “Xalqaro huquq” kafedrasi mudiri, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti professori Aslan Abashidze va boshqa ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi.
Davra suhbati doirasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaning milliy tizimini rivojlantirish bo‘yicha bir qator namunali tajribalar taqdim etildi. Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomani amalga oshirish borasidagi ilg‘or mamlakatlar, xususan, Ozarbayjonning amaliy tajribasi o‘rganildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida migratsiya masalalari bo‘yicha muloqot va tajriba almashinuviga ko‘maklashish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Mintaqamizning barcha davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Global shartnomani qo‘llab-quvvatlagani hamda BMTning mazkur xalqaro hujjatni amalga oshirishga oid mintaqaviy yig‘ilishlarida o‘z milliy ma’ruzalari bilan qatnashgani e’tirof etildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlariga Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomani implementatsiya qilishga ko‘maklashish maqsadida tegishli mintaqaviy dastur ishlab chiqilgani haqida batafsil so‘z yuritildi. Dastur Xalqaro migratsiya tashkilotining Migratsiya uchun resurslarni taqsimlash bo‘yicha qo‘mitasi moliyaviy ko‘magi bilan izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu mintaqaviy dasturni bajarishda Xalqaro migratsiya tashkiloti Markaziy Osiyo davlatlarining tegishli vazirlik va idoralari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati bilan hamkorlik qilmoqda. Dasturning asosiy yo‘nalishi –Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiya to‘g‘risidagi global shartnomada belgilangan maqsadlariga erishish uchun mintaqa mamlakatlari salohiyatini mustahkamlashga hissa qo‘shishdan iborat.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.12.2023
- Ko'rishlar: 3741
- Chop etish