2024-yil 1-apreldan reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yoʻl yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
2024-yil 1-maydan reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlariva shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qoʻshimcha pul toʻlovlari oʻrniga yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun har oyda minimal isteʼmol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.
Yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarning yoʻqotilgan biometrik pasportlari ular reyestrga kiritilgunigacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi.
2024-yil 1-martdan oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish, mustaqil harakatlanish va moʻljal olish imkoniyati cheklangan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat koʻrsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.
2024-yil 1-apreldan Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga koʻra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati