Vatan barchamizniki!
Abdulla Oripov
Sen Vatan haqida berma ko‘p savol,
Lof urma Vatanning muhabbati deb.
Uni mansab kabi aylama xayol,
Yoxud ma’ruzangga emasdir u zeb.
Vatan tanangdagi jondir, qondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Bu ulug‘ sevgida ilohiylik bor,
Vatanni chin farzand faromush etmas.
Menga o‘z tuyg‘umni o‘rgatma zinhor,
Inchunin, kibrning bozori o‘tmas.
Rost gapni yolg‘ondan farqlar ondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Asl qahramon kim yorug‘ dunyoda?
G‘oyasin ta’maga almashmagan zot.
Chug‘urchuq ko‘paysa haddan ziyoda,
Burgut bo‘lib yashash oliy mukofot.
Qul ham yurtin sevsa shohdir, xondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Garchi ko‘hna zamin umum makondir,
Insonning har joyda yonsin chirog‘i.
Mo‘’jaz bo‘lsa hamki, kulbang oshyondir,
Ona dargohidek uning quchog‘i.
Sen uchun poyonsiz kahkashondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Azal musofirdir dunyoda odam,
Ruhim garchi sobit, muallaq tanim.
Bir umr qo‘yningda muqim tursam ham,
Sog‘inib yashadim seni, Vatanim.
Mehr bir, nafrat ham bir tomondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
Mayli suymasinlar meni g‘animlar,
Yo‘limni to‘ssinlar raqiblar hatto.
Vatan har qayda ham mayoqdek imlar,
G‘ururim yuksalar samogacha to.
Hech kimga berguvsiz dovrug‘, shondir bu,
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu.
O‘zA
- Qo'shildi: 18.01.2024
- Ko'rishlar: 3068
- Chop etish