2024 yil 5 yanvar holatiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya 85 foiz bajarildi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzaev ma’lum qildi.

2023 yili referendumda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda inson huquqlariga oid normalar uch baravardan ziyod oshirildi. Asosiy qonunda har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining o‘tgan yilgi faoliyatida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar alohida o‘rin tutadi. Bunda fuqarolarning mazkur Deklaratsiya to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish, yoshlar huquqlarini mustahkamlash ishlari katta ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” o‘quv va maxsus kurslari joriy qilindi.

Imkoniyati cheklangan shaxslar, ayollar, bolalar va migrantlar huquqlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanmalar va risolalarni doimiy ravishda chop etish yo‘lga qo‘yildi. Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim elektron platformasi ishga tushirildi.

Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. 2024 yil 5 yanvar holatiga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya 85 foiz bajarildi.

2023 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishi bo‘yicha 4 ta milliy ma’ruza tayyorlanib, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga taqdim etildi.

Bu borada, shuningdek, O‘zbekistonning 2 ta milliy harakatlar rejasi loyihalari ishlab chiqildi. Oliy Majlis palatalari tasdiqlagan 5 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi ham izchil monitoring qilindi.

O‘tgan yilda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning ijrosi monitoring qilindi. Hududlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tegishli davlat organlariga taqdim etib borildi.

2023 yili Milliy markazga jami 1 ming 430 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi murojaatlarga qaraganda 9,9 foiz ko‘pdir.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 400 dan ortiq tavsiya taqdim etilgan. Ularning ko‘rib chiqilishi natijasida 25 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklangan, 62 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘maklashilgan, 129 ta holatda fuqarolar bilan qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirish ishlari olib borilgan.

2023 yil davomida Milliy markaz qabulxonasida 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2 ming 800 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahatlar berilgan.

O‘tgan yili inson huquqlari sohasidagi 87 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Milliy markaz tashabbusi bilan 3 ta qonun loyihasi, Prezidentning 2 ta farmoni va 1 ta qarori loyihalari tayyorlandi.

Davlat organlari xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan o‘quv kurslarida 1050 nafar xodimning malakasi oshirildi.

Milliy markaz vakillari Nyu-York, Jeneva, Berlin, Pekin, Jidda, Vena, Skope, Moskva, Sankt-Peterburg, Luanda, Almati, Ostona shaharlarida inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan turli forumlarda qatnashdi. Milliy markazda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

2023 yil davomida – 3 ta o‘quv-uslubiy nashr, 2 ta konferensiya materiallari va 11 ta xalqaro hujjatlar to‘plami, 7 ta monografiya va risola, 7 ta boshqa xil kitob nashrga tayyorlandi va chop etildi.

Bundan tashqari, Milliy markazning davriy nashrlari – “Demokratlashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnallari hamda Inson huquqlari uyiga qabul qilingan yangi adabiyotlar xabarnomasi nashr etib kelinmoqda. 

Yurtimizdagi axborot-kutubxona markazlari, maktab hamda bir qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga inson huquqlariga oid jami 2620 ta adabiyot va 650 ta huquqiy jurnallar beg‘araz taqdim etildi. Bundan tashqari, 10 ta viloyatda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti tinglovchillariga 2 ming 200 ta kitob tarqatildi.

Milliy markaz xodimlari tomonidan 2023 yil yanvar-dekabr oylari davomida 241 ta maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar tayyorlandi. Shundan xorijiy ommaviy axborot vositalarida 123 ta material e’lon qilingan.

Rasmiy xabarlar

Powered by GSpeech