Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: o‘zaro mos, muvofiq hamda uyg‘un

9 fevral kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan Oliy Majlis Senatining elliginchi yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senatning Axborot xizmati xabar bermoqda.

Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi to‘lanadigan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari va ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.

Muhokama davomida Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash taqiqlangani ta’kidlandi.

Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston–2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdilar.

Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi aytib o‘tildi.

Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qilishini, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini ko‘rsatishini alohida ta’kidladilar.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ushbu Konvensiya jahonning 99 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan. Endi bu davlatlar safiga O‘zbekiston ham qo‘shilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech