30-iyul – Butunjahon odam savdosiga
qarshi kurashish kuni
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlandi. Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar xorijga chiqishining qonuniy tartibi yo‘lga qo‘yildi, bu boradagi huquqiy asoslar yanada takomillashtirildi. Shu asosda tadbirkorlik, tijorat ishlari, sayyohlik, o‘qish yoki ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga borayotgan yurtdoshlarimizning huquq va manfaatlari himoyasi to‘liq ta’minlanmoqda.
Ammo dunyo jamoatchiligini global muammo sifatida tashvishga solayotgan — odam savdosi kabi illatlarning uchrab turishi o‘ta achinarlidir. Nega deganda, odam savdosi tufayli jismoniy shaxsning tovarga aylanishi mazkur qilmishning naqadar xavfliligi va o‘ta jirkanchligidan dalolat beradi.
Millat ham, chegara ham tanlamaydigan ushbu ijtimoiy xavfli qilmish tufayli yosh bolalar hamda ayollarning ham odam savdosi qurboniga aylanayotganiga aslo befarq qarab bo‘lmaydi. Shu ma’noda, odam savdosiga qarshi kurashish Birlashgan Millatlar Tashkilotining dolzarb faoliyat yo‘nalishlaridan biriga aylangani bejiz emas.
Buning dalili sifatida BMT odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan global reja qabul qilganini aytish mumkin. Ushbu hujjatda barcha davlatlar hamkorligini ta’minlash masalasi olg‘a surilgan, zamonaviy qullikni yo‘q qilish maqsadida jahon hamjamiyati birlashishga da’vat etilgan.
Poytaxtimizda 2024-yil 29-iyul kuni o‘tkazilgan “Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar” mavzusidagi konferensiyada O‘zbekiston bu borada erishgan yutuqlar va mavjud muammolar atroflicha tahlil etilgani diqqatga loyiq.
Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi T.Narbayevaning konferensiya ishtirokchilariga murojaatida ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda, eng avvalo, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Buning natijasida turli xavf-xatarlarga, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishida sezilarli yutuqlarga erishildi. Jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy qonunchilik takomillashtirildi, oxirgi 5-yilda ushbu yo‘nalishda 40 taga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Haqiqatan ham, yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashishning mustahkam huquqiy asoslari yaratilgan. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish, undan jabrlangan shaxslarni har tomonlama himoya qilish, majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishning tashkiliy, huquqiy asoslarini mustahkamlash, bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston BMTning Odam savdosi va uchinchi shaxslar tomonidan fohishabozlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasiga 2003-yil 18-dekabrda qo‘shilgan. O‘z navbatida, 2008-yil 17-aprelda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni amalga kiritilgan.
Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblangan yurtimizda odam savdosi jinoyatiga qo‘l urgan kimsalarga nisbatan sudlar tomonidan qonuniy va adolatli jazo tayinlamoqda. Natijada qilmishga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikni odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, qisqa davrda:
- majburiy mehnatga barham berildi;
- odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi ishlar tizimlashtirildi;
- xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarimizning huquqiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi;
- o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilindi;
- xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi.
Mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholangani va boshqa davlatlar uchun namuna sifatida e’tirof etilgani tahsinga sazovor.
Ayni chog‘da, O‘zbekistonda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish va yurtimizning barcha hududlarida ommalashtirish, mehnat munosabatlari sohasida xalqaro standartlarni keng joriy qilish hamda odam savdosiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini alohida tilga olish maqsadga muvofiq. Chunki ushbu hujjatning tub mohiyati mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan bugungi sa’y-harakatlar, avvalambor, xalqimizning bugungi hayotidan rozi, ertangi kunidan ko‘ngli to‘q bo‘lishiga qaratilganligini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, mamlakatimiz ijobiy imijini xalqaro maydonda faol ilgari surish masalasi tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Buning uchun odam savdosi, majburiy mehnat va korrupsiyaga qarshi kurashish, huquq ustuvorligini ta’minlash kabi sohalarda O‘zbekiston jahon hamjamiyatining faol hamda namunali a’zosi sifatida o‘zini ko‘rsatishi kerak.
Prezidentimiz Farmonida belgilab berilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad ham shundan dalolat berib turibdi. Ushbu hujjat odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olg‘a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan yangicha tizimini yaratish uchun xizmat qilmoqda.
Binobarin, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida ham kechagi uslub, qotib qolgan qarashlardan voz kechish fursati allaqachon yetgan edi. Bugun odamlardan, Internetdan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Joylarda goh tibbiyot xodimlari, goh o‘qituvchilar, gohida esa tarbiyachilar turli xo‘jalik ishlariga majburiy ravishda jalb etilgani haqidagi xabarlar qulog‘imizga chalinib qoladi.
Bunday ma’lumotlarning biri tasdig‘ini topmayotgan bo‘lsa, tasdig‘ini topgan holatlarda tegishli mas’ul shaxslar qonun oldida javobgarlikka tortilmoqda. Qachonki, joylarda har bir katta-kichik rahbar bu masalada ham yangicha fikrlab, bugungi islohotlar talabiga mos ish olib borsa, shunda odam savdosi va majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha ishlarimiz samaradorligi yanada yuqori bo‘ladi.
Darvoqe, 30-iyul kuni – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab muhim huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Bunday uchrashuv va muloqotlar doirasida milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar ayni mavzuda o‘zaro fikr almashishlariga qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Shu o‘rinda 2023-yili “Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo‘yicha Dasturulamal prinsiplar” to‘plamining o‘zbek tilidagi nashri chop etilgani va ayni sanada ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazilganini eslatishni muhim, deb topdik.
Mazkur qo‘llanma Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) tomonidan tayyorlangan. Kitobning o‘zbek tiliga tarjimasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Ma’lumki, 2010-yil 30-iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur Harakat dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. 2013-yilda esa 30-iyul – BMT tomonidan Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilindi.
YEXHT/DIIHB 2008-yilda bir qancha mamlakatlarda odam savdosi jabrdiydalari va noqonuniy immigrantlarni kelib chiqish mamlakatlariga qaytarish yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish tashabbusini boshlab berdi. Bunda odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonlarining turli jihatlari va YEXHT inson huquqlari sohasidagi standartlari va majburiyatlariga bu jarayonlarning qanchalik muvofiqligini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
Natijada aksariyat mamlakatlarda bu borada foydalanish imkoniyati bo‘lgan dasturulamal ko‘rsatmalarning mavjud emasligi aniqlandi. Jumladan, hukumat organlari va fuqarolik jamiyati subyektlari uchun odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan standartlarga talab kuchli ekani oydinlashdi.
YEXHT/DIIHB tomonidan mazkur to‘plam ayni shu muammoni ijobiy hal etish maqsadida tayyorlangan. Qo‘llanma YEXHT mintaqasida jabrdiydalarni qaytarish sohasidagi siyosat, tartib va amaliyotni qo‘llashga ko‘maklashish uchun odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonida ishtirok etayotgan manfaatdor tomonlarga mo‘ljallangan.
Qo‘llanmaning birinchi qismida taqdim etilgan yetti dasturulamal prinsip YEXHT mintaqasida qo‘llaniladigan xalqaro normalardan kelib chiqadi. Har bir prinsip qisqa bayon etilgan hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati uchun asosiy omillar va tavsiyalar ko‘rsatilgan. Ikkinchi qismda ushbu dasturulamal prinsiplar uchun asos bo‘lgan xalqaro-huquqiy normalar haqida atroflicha tushuncha berilgan.
Qo‘llanma odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilishni yaxshilashga ko‘maklashishga da’vat etilgan. Shu bois ushbu nashr davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun zarur manba hisoblanadi. To‘plam jabrdiydalarni qaytarish masalasiga qonunchilik yoki dasturiy siyosiy yondashuvlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan davlat tuzilmalari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda keyingi davrda jinoyatchilikni, jumladan, odam savdosi va majburiy mehnatga jalb etish holatlariga barham berish borasida davlat darajasida ulkan miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Zero, inson huquqlari muqaddasdir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda belgilanganidek, mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 30.07.2024
- Ko'rishlar: 1267
- Chop etish