Yoshlik davrimizda — o‘tgan asrning 60-70-yillari televizorda siyosiy sharhlovchi Sobir Qurbonovning teleko‘rsatuvlardagi chiqishlarini ko‘rib ulg‘ayganmiz. Vaqti kelib, taqdir taqozosi bilan Sobir Sheraliyevich rahbarligida, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida, u kishi mudirlik qilgan Mafkuraviy masalalar bo‘yicha bo‘limda ishlash nasib etdi. Bugungi kunga kelib, ustoz Sobir Qurbonov tabarruk 90 yoshni nishonlash arafasida turibdilar.
Buxoroda tug‘ilib o‘sgan Sobir Qurbonov 1953-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tugatib, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining tarix fakultetiga kirib, uni 1958-yilda muvaffaqiyatli tamomlaydi. Ilk mehnat faoliyatini Buxoro davlat pedagogika institutida o‘qituvchilikdan boshlaydi. Keyinchalik ilmiy ish bilan shug‘ullanib, tarix fanlari nomzodi darajasiga, dotsent unvoniga sazovor bo‘ladi. Qator yillar O‘rta Osiyo politexnika institutida (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti) talabalarga tarixdan dars beradi, keyinchalik Markazqo‘mning Lektorlar guruhi rahbari, Xorazm viloyat partiya qo‘mitasida mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotib, O‘zbekiston Matbuot qo‘mitasida rais, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbari lavozimlarida ishlaydi. O‘zbekiston teleradiokompaniyasida siyosiy sharhlovchi bo‘lib faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyin, Sobir Sheraliyevich Xalq demokratik partiyasini tuzishda faol ishtirok etdi, partiya markaziy apparatida qator yillar samarali faoliyat ko‘rsatdi va shu yerdan pensiyaga chiqdi. Pensiyada bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvida bir muddat faoliyat yuritdi.
— Donishmand shoir Abdulqodir Bedilning “Ilm — insoniyat gavharidir” degan fikrini yaxshi tushunib yetgan rahmatli otam hayotdan ko‘z yumayotganlarida, yonlarida o‘tirgan onamga meni ko‘rsatib: “Muhabbat, o‘g‘limni o‘qit...”, deb vasiyat qilgan ekanlar. Onam menga hamisha otamning shu so‘zlarini eslatib turardilar. Padari buzrukvorimning bu vasiyati mening hayotimda haqiqiy mayoq bo‘ldi, — deydi Sobir Qurbonov. — Bolaligimning eng shirin xotiralari hovlimizga tutash kutubxonada kechgan. Mahallamizdagi “Tagmanbofon” masjidi qarshisidagi ko‘chada Kamol aka Xayrullayev degan institut domlasi yashardi. Yoshi katta, sochlariga oq oralagan, baland bo‘yli va gavdali Kamol domla ko‘chamizdan o‘tayotganida kutubxona qorovuli Bobo asos (uning asl ismi Vose bo‘lib, qonun-qoidalarni bilgani uchun unga shu nomni berganlar) u kishini menga ko‘rsatib: “Sobir, ko‘rdingmi, ana shu Kamol ham oddiy kishi edi, bozorda sabzi-piyoz sotardi. O‘qib, institutni bitirdi, katta domla bo‘lib, papka ko‘tarib yuribdi. Sen ham yaxshi o‘qisang, vaqtingni behuda o‘tkazmasang, ayrim jo‘ralaringga o‘xshab ko‘chada sang‘ib yurmasang, qimor o‘ynamasang, albatta, xat- savodli, katta odam bo‘lasan,” deb nasihat qilar edi. Universitetni bitirib kelib, Buxoro davlat pedagogika institutida o‘qituvchilik qilganimda agropedagogika fakulteti dekani, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Kamol Xayrullayev bilan ishlashga muyassar bo‘ldim. Keyinchalik faoliyatimni poytaxtda davom ettirdim. Poytaxtda yashab, ishlashning afzalliklaridan biri, bu — taniqli odamlar bilan uchrashish, muloqot va hamkorlik qilishdir. Shu tufayli men ko‘plab davlat va jamoat arboblari, madaniyat, san’at, fan va adabiyot namoyandalari bilan tanishib, muloqot qilish imkoniyatiga muyassar bo‘lganman.
Sobir Qurbonov 1968-yilda Marzqo‘mda davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov qabulida bo‘lganini hayotidagi eng muhim voqea sifatida eslaydi.
— Bu uchrashuv mening hayotimda katta ahamiyatga ega bo‘ldi, — deydi u. — Birinchi Kotibning xonasi oltinchi qavatda ekan. Bizni ichkariga taklif etishdi. Xona ancha katta va yorug‘ bo‘lib, o‘ng tomonda, derazaga yaqin joyda uzun stol qo‘yilgan. Stolning yuqori qismida Sharof Rashidov, u kishidan chapda mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotib o‘tiribdilar. Sharof Rashidovich o‘rnidan turib, har birimiz bilan qo‘l berib ko‘rishgandan keyin, hammani o‘tirishga taklif etdi. “Biz sizlarning hujjatlaringiz, ish faoliyatingiz haqidagi ma’lumotnomalar, bildirilgan fikrlar bilan tanishib chiqdik, – dedi Sharof Rashidovich. — Biz bilan ishlashga rozi ekansizlar, yaxshi. Sizlarga katta ishonch bildirilyapti. Markazqo‘m xodimi degan yuksak ishonchni ish bilan, namunali yurish-turishingiz bilan oqlaysizlar, degan umiddamiz. Markazqo‘mda ko‘pdan beri xizmat qilayotgan xodimlar tajribasini o‘rganishga, odamlar bilan yaxshi muomala qilishga, kamtar bo‘lishga, kibrdan saqlanishga harakat qiling”. Aytishim kerakki, Sharof Rashidov o‘rni kelganda rahbarlarni kamtar bo‘lishga, odamlar bilan yaxshi muomala qilishga, kibr-havodan saqlanishga, bildirilgan katta ishonchni mehnat bilan oqlashga hamisha da’vat etardi.
Mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, Kompartiya tugatildi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasini tashkil etish bo‘yicha qizg‘in ishlar boshlandi. Sobir Sheraliyevich yangi partiya dasturi, Ustavini yaratish ishlariga jalb qilindi va partiyaning birinchi Qurultoyini tayyorlashda faol ishtirok etdi. Uning bevosita ishtirokida sobiq “Sovet O‘zbekistoni” gazetasi “O‘zbekiston ovozi” gazetasi nomi bilan yangi partiyaning nashriga aylandi. Keyinchalik “Golos Uzbekistana” gazetasi tashkil etildi, “Muloqot” jurnali ham shu partiyaning nashriga aylandi. Yangi partiya kadrlarining turli shakllarda o‘quvlari, seminarlari, tajriba almashuvlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu ishlarning hammasida S.Qurbonovning katta hissasi bor. Sobir Sheraliyevichning nomi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi “Ehtirom kitobi”ga kiritilishi bejiz emas.
Sobir Qurbonov Feruza aya bilan ibratli, namunali oila qo‘rg‘onini bunyod etib, Farhodjon, Nodirbek va Feruzaxonni el-yurtga xizmat qiladigan, o‘z sohasini yaxshi biladigan insonlar etib tarbiyalashdi. Yuzlab shogirdlarga ustozlik qilgan, endilikda el-yurtimiz ardog‘ida 90 yoshni qarshi olayotgan Sobir Qurbonov atrofidagi odamlar uchun hamisha ma’rifat ziyosini ulashdi.
— Yigirma yil O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining markaziy bo‘g‘inida mafkuraviy ishlar bilan shug‘ullandim, — deydi u. — Bir qancha Davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldim. Demak, men shunchalik umrguzaronlik bilan vaqt o‘tkazmadim, butun hayotim davomida xalqim, yurtimga naf keltirishga harakat qildim. Boshqalar qatori men ham ona Zamindan, milliy ma’naviyat, madaniyat va umuminsoniy qadriyatlardan oziqlandim, buyuk bobokalonlarimizning pandu nasihatlari, purhikmat o‘gitlarini dilimga jo qilib yashadim. — Kitoblar — mening ishonchli yordamchilarim, tayanchim. Men hayotimni kitobsiz tasavvur eta olmayman. Ha, fan-texnika va internet asrida ham ilm, ma’naviyat va madaniyatning kitobsiz bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev islohotlarning hozirgi bosqichida kitobning rolini oshirish, kitob ishlab chiqarish va uni tarqatishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, kitobsevarlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor berayotgani meni behad quvontiradi. Negaki, kitobsevarlik urug‘larini bolalar qalbida bog‘cha yoshidan sepish eng yaxshi samara beradi. Oila, bog‘cha, maktab va universitetda o‘g‘il-qizlarimizni taqdirlaganda, eng aziz sovg‘a kitob bo‘lmog‘i darkor. Men o‘zim hozir ham do‘stu yaqinlarga kitob sovg‘a qilish odatini tark etganim yo‘q. Bugungi kunda hayotim, yarim asrdan ortiqroq mehnat faoliyatim, oilam haqida o‘ylasam, men bekorga yashamadim, deyishga haqliman. Olloh bergan buyuk ne’mat — umrdan imkoniyat boricha foydalanib, halol mehnat bilan topgan rizq-ro‘z, obro‘-e’tibor va do‘stlar uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytaman.
Nosir TOIROV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi.
- Qo'shildi: 28.08.2024
- Ko'rishlar: 749
- Chop etish