XALQARO MADANIY MEROS HAFTALIGI

O‘tgan haftaning 18-oktyabr kuni poytaxtimizdagi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU) konferensiya zalida o‘z ishini boshlagan Madaniy meros forumi qizg‘in davom etmoqda. “Sharq renessansi fenomeni: davlatlar, dinlar va sivilizatsiyalar” mavzusida bo‘lib o‘tayotgan mazkur xalqaro anjumanda 100 dan ortiq xorijiy olimlar va mutaxassislar, jumladan, xalqaro madaniy tashkilotlar rahbarlari, chet el muzeylari va kutubxonalarining boshqaruvchilari qatnashmoqda.

Xalqaro tadbirning ochilish marosimida Yangi O‘zbekistonda davlat tomonidan fan, madaniyat, ta’lim sohalari­da amalga oshirilayotgan islo­hotlar haqida hikoya qiluvchi hujjatli film namoyish etildi. Filmda davlatimiz rahbari tomonidan madaniy meros­ni o‘rganish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, ta’lim dasturlarini joriy etish, WOSCU kongresslarini o‘tkazish kabi tashabbuslar yoritilgan. Quvo­nar­lisi shundaki, bu kabi tashab­buslar O‘zbekiston ma­da­niyati va san’atini, tarixini nafaqat xorijliklarga namoyish qilishga, ayni paytda chet ellik hamkorlar bilan tajriba alma­shishga, o‘zaro muloqotlarni jonlantirish, do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

– O‘tayotgan haftalik Islom sivilizatsiyasi markazi uchun muhim ahamiyatga ega, – dedi ushbu markaz direktori, Madaniy meros haftaligining muvofiqlashtiruvchisi Firdavs Abduxoliqov. – Chunki tadbir doirasida Markazimiz oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar ijrosi amalda namoyish etilib, nav­batdagi vazifalar ko‘lami ayon bo‘ladi. Ayni payt­da ushbu xalqaro anjuman xorijlik hamkorlar bilan yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, yurtimizning madaniy merosi­ni saqlash, as­rab-­­avaylash hamda uni o‘rganish va ommalashtirish borasida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Haftalik davomida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar anjumanning mazmun-mohiyati, uning xalqaro miqyosdagi ahamiyati va ko‘lamini yaqqol ko‘rsa­tib turdi. “Sharq Renessansi fenomeni: sal­ta­nat­lar, dinlar va tamaddunlar”, “Islom di­ni –­ insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va ma’rifatparvarlikka eltuvchi din”, “Asrlar xazina­lari: O‘zbekiston qo‘l­yozmalar merosi”, “Birinchi Renessans kashfiyotlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga ta’siri”, “Temuriylar davriga sayohat”, “Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy innovatsion muzeyiga global tendensiya­lar hamda yangi formatlarni taqdim etish”, “Yangi O‘zbekis­tonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” kabi turli mavzudagi xalqaro forumlar, simpoziumlar yurti­mizda madaniy merosni o‘rganish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami­ning kengligi hamda mazmundorligidan dalolat beradi.

Anjuman doirasida tashkil etilgan arxeologiya va etnografiya durdonalariga, O‘z­be­kistondagi qo‘lyozmalar me­ro­siga, tinchlik, ezgulik va ma’naviy uyg‘onish yog‘dusi bo‘lmish Qur’onga bag‘ishlangan hamda Temuriylar ­tarixi davlat muzeyi­dagi ­yangi ko‘rgazmalar, Kino san’ati ­tarixi muzeyidagi qiziqarli loyi­ha taqdimotlari barcha qat­nash­chilarda yorqin taassurot qol­dirdi.

Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA) bosh direktori o‘rinbosari Jengiz Tomar, Namik Kemal universiteti tarix kafedrasi professori Xalit Eren (Turkiya), Wilmotte & Associates yetakchi dizayneri va loyihalar rahbari Emmanuel Brello (Fransiya), Berlin davlat kutubxonasi Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Aysima Mirsulton (Germaniya), Istanbuldagi Islom sivilizatsiyasi sayilgohi rahbari, Qur’onning Istanbuldagi ­noyob ko‘chirma nusxalari muallifi Husayn Qutlu (Turkiya), Mixo muzeyi maxsus ilmiy xodimi, fan doktori Sergey Laptev (Yaponiya) va boshqa xalqaro ekspertlarning maxsus chiqish­­larida Sharq renessanslarining dunyo miqyosidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Ayniqsa, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” simpoziumi davomida Turk qo‘l­yozmalari boshqarmasi prezidenti Jo‘shqun Yilmazning 1318-yili Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon tomonidan ko‘chirilgan Qur’oni Karimning nodir qo‘l­yozmasi mazkur boshqarmaga qarashli Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgani va ayni paytda O‘zbe­kis­tondagi Islom sivilizatsiya markazi bilan hamkorlikda uning faksimile nusxasini chop etish niyatida ekanlik­lari haqidagi xushxabari ishtirokchilarni juda quvontirdi. Shuningdek, Istanbul universiteti professori, doktor Emek Umenmezning Amir Temur avlodidan bo‘lgan Malika Shodmalik Xotun qo‘li bilan yozilgan Qur’oni Karim haqidagi ma’ruzasi ma’lum ma’noda haftalikning kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Ma’ruzada aytilishicha, bu qo‘lyozma hijriy 871, milodiy 1467-yili ko‘chirilgan bo‘lib, Istanbuldagi Turk va islom asarlari muzeyida saqlanadi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari suril­gan “Tirik tarix” loyihasi taqdimotiga bag‘ish­langan tadbirlar, kutubxona innovatsiyasi an’analariga oid xalqaro anjuman ham tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

Bugun, forum ishining so‘nggi kunida qatnashchilar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyuradi hamda “Sharq miniatyuralarida ­tari­xiy shaxslar” deb nomlangan ­loyiha taqdimotida ishtirok etadi. “Uchinchi Renessans: Yangi O‘zbekistonda ma­daniy-­tarixiy merosni o‘rganish, saq­lash va ommalashtirish fenomeni” deb nomlangan yakuniy yalpi majlis va ma­da­niy meros haftaligining yopilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Jengiz TOMAR,

Turkiya Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqot markazi bosh direktori, professor:

– Yetti-sakkiz yildirki, O‘zbekis­tonda juda katta o‘zgarishlar yuz ber­yapti. Buning uchun davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga minnatdorligimizni bildi­ramiz. Zero, so‘nggi yillarda Turkiya va Islom olamida, ayniqsa, ilm-fan va madaniyat sohasida munosabatlarimiz doirasi kengaydi. Turk dunyosi­ning eng rivojlangan davlatlaridan biri qadimdan Turkiston bo‘lgan. Turkiston deganda, ko‘z oldimizga, eng avvalo, O‘zbekiston keladi.

Bizning O‘zbekiston bilan o‘xshash tomonlarimiz ko‘p. Ma’lumki, bugun Turkiya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri. O‘zbekiston ham mintaqa geografiyasida alohida mavqega ega. Bugun o‘zaro munosabatlar borasida shunday imkoniyatlar yuzaga keldi­ki, bundan faqat xursand bo‘lishimiz ­kerak. Ya’ni biz bir hafta O‘zbekistonda bo‘lsak, keyingi hafta o‘zbeklar Turkiyaga boradi. Hamkorligimiz shu tariqa yanada mustahkamlanib boraveradi.

Kezi kelganda, o‘zaro munosa­bat­la­rimizda jadidlar harakatining alohida o‘rni borligini aytish lozim. Zero, yurtlarimiz hayotida jadidlar harakati juda muhim o‘rinni egallaydi. Madaniy-ma’rifiy jabha­dagi keng ko‘lamli hamkorliklarimiz ildiz­lari jadid bobolarimizga borib taqaladi.

Karim IFRAK,

Fransiya Milliy ilmiy-­tadqi­qot­lar markazi ijrochi direktori, islomshunos olim:

– Qur’on qo‘lyozmalarini dunyo­ning boshqa kutubxona va muzeylaridan ham topish mumkin. Biroq aynan O‘zbekis­tondagisi alohida bir mavzu. Bu yerda tadqiqot olib borish davomida shunga amin bo‘ldikki, aynan yurtingiz­da saqlanayotgan Qur’on qo‘l­yoz­ma­lari bosh­qa kutubxona va fondlarda topilmaydi, juda kam­yob. Bunga Katta Langar Qur’oni va Islom Qur’on mus’haflari­ni misol qilib keltirish mumkin. O‘zbe­kiston fondlarida saqla­na­yot­gan Qur’on qo‘lyoz­ma­lari bizni ilhomlantirib, yana­da chuqur tadqiqot olib borishga undamoqda. Ilmiy izlanishlar davomida mazkur qo‘lyozmalar noyobligi bilan bizni o‘ziga tobora jalb etyapti.

Zero, musulmon dunyosi madaniy merosi tadqiqotchilar uchun ming yillar davomida o‘rganishga arzirli muhim manbalarga ega. Qadim Movarounnahrda to‘plangan ilmiy, ma’naviy meros, noyob asarlar haligacha butun dunyo ahlini hayratlantirib keladi.

Qo‘limizdagi telefon, har kuni ishlatayotgan zamonaviy texnologiyalarimiz, hatto sun’iy yo‘ldosh – hammasining ortida Muhammad Xorazmiy chekkan zahmatlar, kashfiyotlar turibdi. Shu ma’noda aytish mumkinki, insoniyat tarixida musulmon sivilizatsiyasidek favqulodda hodisa kuzatilmagan.

Umida TESHABOYEVA,

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbe­kis­­ton Milliy kutubxonasi direktori:

– O‘zbekistonning tarixi, madaniyati, san’ati, ma’naviyati, ilmi boy. Shu sabab ham dunyo hamjamiyatining yurtimizga qiziqishi katta. Madaniy meros haftaligi­ni o‘tkazishdan asosiy maqsad mana shu madaniy merosimizning buyukligi­ni, qadrini, jahonga keng targ‘ib qilish va eng avvalo, yoshlarimizga yetkazishdir.

Haftalik doirasida sakkizta ilmiy maydonda turli mavzuda tashkil etilgan tadbirlar davomida turfa ko‘rgazmalar, ilmiy anjumanlar, kitob taqdimotlari o‘tkazilyapti. Bu anjuman qatnashchilari va mehmonlari uchun muhim manba bo‘ladi, degan umiddaman. Shu­ning­dek, xorijdan tashrif buyurgan taniqli olimlar va mutaxassislarning chiqishlari ham yurtdoshlarimiz uchun foydali bo‘layotir.

Forum dasturiga muvofiq “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessansning kutubxona innovatsiyasi an’ana­lari asosida” deb nomlangan anjuman O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazildi. Tadbir yurtimizda so‘nggi yillarda axborot-kutubxona sohasida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini ochib berishga bag‘ishlandi. Mazkur tadbir tufayli chet ellik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik.

Gulchehra UMAROVA

Abdumannon MAMATOV olgan suratlar

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-soni

Powered by GSpeech