Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “O‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra noyob ijtimoiy-siyosiy fenomen bo‘lgan jadidlik g‘oyasining shakllanishi va taraqqiyotiga doir dunyoning bir qator mamlakatlarida ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu harakat namoyandalarining Markaziy Osiyo hududida milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslikni, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda”.
Bugungi kunda taraqqiyparvar ajdodlarimizning, jumladan jadidlarning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish, ularning milliy davlatchilik va huquq rivoji to‘g‘risidagi nazariy qarashlari bilan birga amaliy tajribalarini ham o‘rganish juda dolzarb ahamiyatga ega. Jadidlar qonun ustuvorligini ta’minlash asosida demokratik jamiyat qurishga intilganlar. Biz bugun Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda, albatta, jadid allomalarimiz qoldirgan boy huquqiy merosdan kengroq foydalanishimiz kerak.
Jadid bobolarimiz zulm va jaholat bulutlari qoplagan Ona Vatanimiz osmonini ma’rifat ziyosi bilan munavvar etishga, mustabid zanjirlarini parchalab, ozod va obod, inson huquqlari himoyalangan, ta’bir joiz bo‘lsa, demokratik huquqiy davlat barpo etishga jiddu jahd qilishgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular mustamlakachilarga qarshi mardonavor kurashib, xalq manfaatlari uchun aziz jonlarini fido etishgan.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning: “Agar bizning hayotimiz hurriyat va xalq baxt-saodati uchun qurbonlik sifatida kerak bo‘lsa, biz o‘limni ham xursandchilik bilan kutib olamiz!” degan so‘zlarida o‘z ifodasini topgan jadidlarga xos shijoat va vatanparvarlik inson qadri ulug‘langan, adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
Jadidlarning g‘oya va maqsadlari, hayoti va ijodi, ma’rifiy va siyosiy faoliyatini o‘rganish borasida adabiyotshunos, tarixshunoslar, faylasuflar hamda yurist olimlar qator tadqiqot ishlarini olib borishgan.
Huquqshunos olimlar qatorida bugungi kunda jadidlarning davlat va huquq to‘g‘risidagi qarashlarini o‘rganayotgan olima – yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mavluda Ergashevaning faoliyatini ham alohida e’tirof etish mumkin.
Olima qariyb yigirma besh yildan beri jadidlarning siyosiy-huquqiy qarashlari, maqsad va maslaklarini tadqiq etib kelayotir. Uning “Abdurauf Fitrat – buyuk huquqshunos” risolasi, “Abdurauf Fitratning siyosiy va huquqiy ta’limoti”, “Huquqshunoslik, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganish” (hammualliflikda) o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi chop etilgan.
Shuningdek, “Jadidlarning davlat-huquqiy qarashlari”, “Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlarining davlat va huquq haqidagi qarashlari” monografiyalari, “Jadidlar tomonidan ishlatilgan davlat-huquqiy atamalar terminologiyasi” lug‘ati, “Millat qayg‘usi” she’rlar to‘plami, xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalari, xorijiy davlatlarda va mamlakatimizda o‘tkazilgan konferensiyalar materiallari to‘plamlarida ko‘plab tezislari nashr etilgan.
Mavluda Ergashevaning O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida yaqinda nashr etilgan “Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlarining davlat va huquq haqidagi qarashlari” nomli monografiyasi jadidlarning davlatchilik va huquq to‘g‘risidagi qarashlari tizimli, izchil va xolis tadqiq etilgan ilmiy asar sifatida, ayniqsa, diqqatga sazovor.
Monografiyada ko‘plab birlamchi arxiv materiallaridan, shu jumladan jadidlar nashr etgan gazeta va jurnallar materiallaridan foydalanilgan, undagi ma’lumotlar ilmiy jamoatchilik muhokamasiga ilk marotaba taqdim etilgan.
“Jadidlar davlat-huquqiy qarashlarining shakllanishiga ta’sir etgan ijtimoiy omillar” deb nomlangan birinchi bobda jadidlarning davlat va huquq haqidagi qarashlari shakllanishi omili bo‘lib xizmat qilgan siyosiy-huquqiy va ijtimoiy shart-sharoitlar, XIX asr oxiri XX asr boshlarida Turkiston, Buxoro va Xivada davlatchilik, huquqiy tizim masalalari tahlil qilingan. Turkiston, Buxoro va Xivadagi ijtimoiy-siyosiy hayot jadidlik harakati paydo bo‘lishi va rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgani yoritilgan. Xususan, mustamlakachi chor Rossiyasi tomonidan olib borilgan siyosat, o‘lkaning xomashyo bozoriga aylantirilib, mahalliy aholi ahvolining og‘irlashgani, odamlarning kamsitilgani, huquq va erkinliklari oyoqosti qilingani, madaniyati va an’analari tahqirlangani tasvirlangan.
Muallif jadidlar dasturidagi uch yo‘nalishni, birinchidan, yangi usul maktablari tarmog‘ini kengaytirish; ikkinchidan, umidli yoshlarni xorijiy davlatlarga o‘qish uchun yuborish; uchinchidan, turli ma’rifiy jamiyatlar hamda ziyolilarning kuchli partiyasini tuzishga qaratilgan gazeta va jurnallar chop etishni to‘g‘ri ta’kidlagan.
Monografiyaning “Jadidlarning huquqiy qarashlari va ularning mohiyati” nomli ikkinchi bobida Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Munavvar qori Abdurashidxonov va boshqalarning davlat faoliyatida adolatni ta’minlash, inson manfaatlariga xizmat qilish borasidagi qarashlari o‘rganilgan. Jadidlarning ilm-fanni rivojlantirish, insonning bilim olishga bo‘lgan huquqini amalga oshirish to‘g‘risidagi fikrlari muhokama qilingan. Muallif inson huquq va erkinliklari ustuvorligi jadidlikning bosh g‘oyasi degan fikrni ilgari surgan.
Shuningdek, monografiyada jadidlarning Konstitutsiya va qonunlar, sud-huquq masalalari, oila haqidagi g‘oyalari ilmiy mushohada doirasiga tortilgan. Muallif jadidlarning g‘oyalari ham hisobga olingan Buxoro Konstitutsiyasi bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mohiyati, mazmuni va ayrim normalarini qiyosiy tahlil qilgan.
Kitobning “Jadidlar siyosiy partiyalarining dasturlarida davlat-huquqiy masalalarning ishlanishi va yechimlari” deb nomlangan uchinchi bobida “Turk Adami Markaziyati”, “Yosh buxoroliklar”, “Jadid taraqqiyparvarlari”, “Yosh xivaliklar”, “Turkiston federalistlari” kabi partiyalarning davlat qurilishi, huquqiy tizimni takomillashtirish, siyosiy-ijtimoiy va madaniy islohotchilik g‘oyalari yoritilgan. Bunda jadid partiyalari dasturlarida milliy-hududiy muxtoriyatga, davlat suverenitetiga erishish, xalqni birlashtirish, huquqiy davlatni qurish, aholi savodxonligini oshirish, uning siyosiy va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, milliy hukumatni tuzish, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy islohotlarni amalga oshirish g‘oyalari ilmiy muhokama qilingan.
Monografiyaning to‘rtinchi bobi “Davlat va huquq g‘oyalarining jamoat arboblari tomonidan rivojlantirilishining ba’zi masalalari” deb nomlangan bo‘lib, unda milliy mustaqil demokratik davlat g‘oyasi – jadid huquqiy qarashlarining bosh mezoni, degan mulohaza ilgari surilgan. Bunda jadidlarning harbiy qurilish va mudofaa ishlarini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasida milliy birlik va hamkorlikni kuchaytirish, saylovlar va siyosiy raqobatni rag‘batlantirish kabi g‘oyalari o‘rganilgan.
Shuningdek, monografiyada jadidlarning inson qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish, mustabid tuzumga barham berish, mustaqil demokratik davlat qurish kabi maqsadlarga erishish uchun mamlakatning dastlabki qadamlari sifatida, birinchidan, kuchli milliy armiyani barpo etish, ikkinchidan, demokratik saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish zarurligi to‘g‘risidagi xulosalariga e’tibor qaratilgan.
Monografiyaning “Xulosa” qismida Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlarining davlat va huquq haqidagi qarashlarini o‘rganish metodologiyasini boyitishga xizmat qiladigan hamda fidoyi millat xodimlarining asarlarida, dasturlarida davlat va huquq to‘g‘risidagi g‘oyalarning ifodalanishiga oid muallifning ilmiy va amaliy xulosalari taqdim etilgan.
Kitobning huquqshunoslik fani uchun quyidagi muhim yangiliklarini alohida ko‘rsatib o‘tish mumkin:
– jadid mutafakkirlarining konseptual qarashlari asosida ta’lim tizimi rivojlanishini ta’minlash bilan bog‘liq normalarni konstitutsiyaviy mustahkamlashning ahamiyati asoslangan;
– jadidlar merosidan aholi o‘rtasida milliy birdamlik, vatanga sadoqat va milliy o‘zlikni mustahkamlash uchun muhim ilmiy asos sifatida foydalanish zarurligi ta’kidlangan;
– jadidlarning tarixiy xotirasini tiklash, arxiv materiallarini keng o‘rganish orqali tarixiy voqealarni obyektiv va xolis o‘rganish bo‘yicha akademik doiralar sa’y-harakatini yanada kuchaytirish zarurati asoslab berilgan.
Xulosa qilib aytganda, Mavluda Ergashevaning “Turkiston, Buxoro va Xiva jadidlarining davlat va huquq haqidagi qarashlari” nomli kitobi jadidlar faoliyati yuridik nuqtayi nazardan o‘rganilgan muhim ilmiy asar hisoblanadi. Bu kabi asarlar xalqimizni jadidlar ilgari surgan ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan yanada yaqinroq tanishtirishga, Ona Vatan uchun aziz jonlarini fido qilgan jadid bobolarimizning xotirasini abadiylashtirishga xizmat qiladi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag‘ishlagan. Buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e’zozlashimiz ham qarz, ham farz”.
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 621
- Chop etish